22:24 / 19.10.2020
6851

MIB: Poytaxt hokimligi to‘lashi kerak bo‘lgan 401,5 mln so‘m kompensatsiya bo‘yicha ijro hujjati kelib tushmagan

Ajablanarlisi, sud qarori chiqqaniga ikki oy bo‘lmoqda.

17 oktabr kuni Kun.uz saytida «Poytaxt hokimligi tadbirkorga 401,5 mln so‘m kompensatsiya to‘laydigan bo‘ldi. Ammo ikki oyga yaqin vaqt o‘tdiki, sud qarori ijro etilganicha yo‘q» sarlavhali maqola e'lon qilingandi.

Maqolada Toshkent shahar hokimligi «NIYAT SERVIS» xususiy korxonasiga tegishli bo‘lgan mol-mulkni davlat va jamoat ehtiyoji uchun olgani munosabati bilan to‘lanishi lozim bo‘lgan kompensatsiya pullarini bermay kelgani aks etgan. Biznes-ombudsmanning Toshkent tumanlararo iqtisodiy sudiga kiritgan arizasi qanoatlantirilib, tadbirkorga 401,5 mln so‘mlik kompensatsiya to‘lanadigan bo‘lgan.

Biznes-ombudsman matbuot xizmati maqolaga munosabat bildirdi.

«Toshkent shahar Mirobod tumanida faoliyat ko‘rsatayotgan «NIYAT SERVIS» xususiy korxonasiga tegishli bo‘lgan Mirobod tuman, Mehrjon ko‘chasi, 35-uy manzilidagi 1 365 226 773 so‘mga baholangan 495 kv. metrlik bino-inshooti shahar hokimligi tomonidan davlat va jamoat ehtiyoji uchun olingan.

[...] Sudning joriy yil 27 avgustdagi qarori bilan da'vo to‘liq qanoatlantirilib, Toshkent shahar hokimligidan tadbirkor foydasiga 401 539 593 so‘m undirilishi belgilangan. Shu boisdan hozirda ijroning ta'minlanishini so‘rab, MIBga xat kiritilgan», – deyiladi Biznes-ombudsman axborotida.

MIB matbuot xizmatining bu masala yuzasidan Kun.uz'ga bergan ma'lumotiga ko‘ra, byuroning Toshkent shahar boshqarmasi yoki tuman bo‘limlariga bu kabi ijro hujjati kelib tushmagan. Ushbu ijro hujjati MIBning Toshkent shahar boshqarmasiga kelib tushgan taqdirda ijro harakatlari haqida ma'lum qilinishi bildirildi.

Top