13:52 / 19.10.2020
6720

O‘zbekiston Qahramoni, arxeolog G‘ayratdin Xo‘janiyozov vafot etdi

O‘zbekiston Qahramoni, arxeolog G‘ayratdin Xo‘janiyozov vafot etdi. Bu haqda O‘zbekiston Fanlar akademiyasi xabar berdi.

G‘ayratdin Xo‘janiyozov 1948 yili Qorao‘zak tumanida tug‘ilgan. 1972 yili O‘zbekiston Fanlar akademiyasi Qoraqalpog‘iston filialining N.Davqorayev nomidagi Tarix, til va adabiyot institutining arxeologiya bo‘limiga ishga kirgan. Keyinchalik Moskva davlat universitetida, Moskvadagi Fanlar akademiyasining Arxeologiya institutida tajriba orttirgan.

1994 yildan boshlab FA Qoraqalpog‘iston bo‘limi tasarrufida yangi ochilgan Tarix, arxeologiya va etnografiya institutining arxeologiya bo‘limi dastlab ilmiy xodim, so‘ngra bo‘lim boshlig‘i lavozimlarida ishlagan. U shu kunga qadar FA Qoraqalpog‘iston bo‘limi gumanitar fanlar ilmiy-tadqiqot institutining arxeologiya bo‘limi mudiri lavozimida faoliyat yuritib kelayotgan edi.

Arxeolog Qoraqalpog‘istondagi ko‘plab tarixiy hududlardagi arxeologik yodgorliklarida ilmiy-tadqiqot ishlarini olib borgan va ekspeditsiyalarga rahbarlik qilgan.

G‘. Xo‘janiyozovning ilmiy mehnat faoliyati davlatimiz tomonidan munosib baholangan, 2003 yilda «Mehnat shuhrati» ordeni bilan mukofotlangan bo‘lsa, 2008 yili «O‘zbekiston Qahramoni» unvoniga sazovor bo‘lgan, 2014 yilda Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengashiga deputat, 2015 yilda esa O‘zbekiston Respublikasi Senati a'zosi etib saylangan.

Fanlar akademiyasi O‘zbekiston Qahramoni, taniqli arxeolog G‘ayratdin Xo‘janiyozov vafoti munosabati bilan marhumning oila a'zolari va yaqinlariga chuqur hamdardlik bildirgan.

Top