09:00 / 21.10.2020
33310

Inson tanasida yangi muhim a'zo topildi

Foto: pixabay.com

Inson organizmida avval fanga noma'lum bo‘lgan tana a'zosi topildi. U juda chuqur joylashgan bo‘lib, aynan shu sababli aniqlanmay kelgan. Ta'kidlanishicha, bu 300 yil ichida birinchi shunday kashfiyotdir

Tibbiyotchilar topgan tana a'zosi to‘rtinchi juft so‘lak bezlari hisoblanadi. Olimlar uni quvur (tubarial) so‘lak bezlari deb atashgan. Ushbu a'zo bosh chanog‘ining geometrik markazida, uning asosiga yaqin joylashgan. Ko‘rinishidan, ushbu bezlar aynan shunday joylashgani sababli hanuzgacha payqalmay kelgan.

Ushbu tana a'zosi shifokorlar nur terapiyasining bo‘yin va tomoq, prostata va uretra saratonlaridan aziyat chekuvchi bemorlarga ta'sirini o‘rganishi vaqtida kashf qilindi.

Olimlar organizmda o‘simtani aniqlash uchun qonga izotoplar bilan to‘yintirilgan glyukozani kiritishgan. Bunday radioaktiv moddalar saraton hujayralarida ko‘p miqdorda to‘planadi va nurlanishi hisobiga o‘simtaning chegalarini aniq ko‘rsatadi hamda xasta tana a'zosi holatini baholashga yordam beradi.

Biroq mutaxassislar radioaktiv glyukozani nafaqat o‘simta, balki boshqa bir organ ham yutayotganini aniqlashgan. Natijada olingan suratlarda bir juft noma'lum a'zo aniqlangan.

Anatomiya bo‘yicha barcha kitoblarda insonda uchta yirik so‘lak bezlari borligi yozilgan. Ular quloq oldi, jag‘ osti va til osti so‘lak bezlaridir. Qolgan barcha so‘lak bezlari juda kichik o‘lchamda bo‘lib, og‘iz va halqum bo‘ylab joylashgan.

“Tadqiqot vaqtida ko‘ringan ikki a'zo so‘lak bezlari xossalariga ega”, deb aytgan tadqiqotning yetakchi muallifi, Amsterdam universiteti jarrohi Matteys Valstar. 

Niderlandiya saraton instituti radiolog-onkologi Vauter Vogel ushbu kashfiyot haqida so‘zlab bergan. “Insonda uchta yirik so‘lak bezlari mavjud, biroq bu joyda emas. Bundan tashqari, burun-halqumda mikroskopik o‘lchamdagi yana mingga yaqin so‘lak bezi bir tekis joylashgan. Shu sababli, biz uni topganimizda qanday hayratga tushganimizni tasavvur qilib ko‘ring-a!” deb izoh bergan kashfiyotga olim.

So‘lak bezlari PSMA PET/CT skaneri yordamida tadqiq qilingan 100 bemorning barchasida aniqlangan. Bundan tashqari, olimlar yangi a'zo borligini tasdiqlash yoki inkor etish uchun bir ayol va bir erkak kishi jasadini yorib ko‘rishgan va uning mavjudligiga iqror bo‘lishgan. 

Aniqlanishicha, ushbu so‘lak bezlari halqumning ho‘llanib turishiga javob beradi. 

Endilikda nur bilan davolovchi shifokorlar ushbu tana a'zosi borligidan boxabar holda uni zarba ostiga qo‘ymasliklari mumkin. Bu esa bemorlarning nur terapiya vaqtidagi va undan keyingi holatlarini ancha yaxshilashga yordam beradi.

Top