15:43 / 21.10.2020
25272

Koronavirus bemorlarini davolashda tavsiya etilgan dori vositalarini birvarakayiga qo‘llash mumkin emas – mutaxassis

Sog‘liqni saqlash vazirligi matbuot xizmati koronavirusga chalinib, o‘z vaqtida shifokorga murojaat qilmay, boshqa bemorlar yoki mutaxassis bo‘lmagan kishilar bergan tavsiyalarga ko‘ra davolanish oqibatida ularning ahvoli salbiy tomonga o‘zgarayotganiga e'tibor qaratdi.

Vazirlik huzuridagi Koronavirusga qarshi kurashish shtabi a'zosi, Toshkent davlat stomatologiya instituti rektori Nodir Haydarov uy sharoitida davolanish jarayonida bemorlarda tug‘iladigan eng muhim savollarga javob berdi.

—  Nega Covid-19 bilan kasallanganlarni davolash bo‘yicha ko‘rsatmalar, tavsiya etilayotgan dori-darmonlarning turlari o‘zgarib turibdi?

—  Ayni paytda mamlakatimizda koronavirus bilan kasallanganlarni davolash bo‘yicha vaqtinchalik ko‘rsatmalarning yettinchi nashri amal qilmoqda. Bundan oldin davo muolajalarining oltita nashri e'lon qilingandi. Vaqt o‘tishi, virus mutatsiyaga uchrashi hamda uning o‘zini namoyon etishi evolyutsiyaga uchramoqda. Buning natijasida davolash standartlari ham o‘zgarib bormoqda. Masalan, oldingi nashrga binoan yengil va o‘rta og‘ir darajadagi bemorlarga tavsiya qilingan dorilar hozirda butun dunyoda bo‘lgani kabi bizda ham mutaxassislar fikri inobatga olinib, maxsus ko‘rsatmaga binoan ayrim bemorlargagina beriladigan bo‘ldi.

Virusning har bir mintaqa, har bir iqlimda o‘ziga xos mutatsiyaga uchrash holati kuzatilmoqda. Buyuk Britaniya yoki AQShning iqlim sharoiti biznikidan tubdan farq qilgani uchun ularning tavsiyalari doim ham bizga mos kelavermaydi. Shuningdek, hozirda bemorlarga virusga qarshi «Favipiravir» preparati tavsiya etilmoqda. «Favipiravir» («Avigan») dori vositasi Afrikadagi Ebola virusiga qarshi o‘zining ijobiy ta'sirini ko‘rsatgan. Shu bois, virusga qarshi samaradorligi isbotlangan «Favipiravir»ni koronavirusning yengil darajalarida faqat shifokor tavsiyasi asosida qabul qilish ham mumkin.
 
— Odamlar orasida koronavirusdan uy sharoitida davolanayotganda isiriq tutatish foydali ekani, bemorning tez-tez og‘iz-burnini tuzli, sirkali suv bilan chayib turishi virusni zararsizlantirishi haqida gap-so‘zlar yuribdi, shu to‘g‘rimi?

— Koronavirusning zaharli ta'sirini kamaytirish uchun doimiy ravishda iliq suv bilan og‘iz burun bo‘shlig‘ini namlantirib turish foyda beradi. Bunda suvga oz miqdorda tuz ham solish zarar qilmaydi. Ammo sirkadan foydalanish xavfli. Toza holatdagi sirka bilan burun va og‘iz bo‘shlig‘ini chayish, uning shilliq qavati shikastlanishiga sabab bo‘ladi. Bu esa shilliq qavatdagi virus va infeksiyalarni ushlab qolish jarayonining sustlashishi va butunlay to‘xtashiga olib keladi. Natijada virusli kasalliklarni tez va oson yuqtirib olish holati ro‘y beradi. Bu esa virusning to‘g‘ridan to‘g‘ri o‘pkaga o‘tib, uni ko‘proq zararlashiga sabab bo‘ladi. Isiriqning koronavirusga qarshi samarasi esa ilmiy jihatdan isbotlanmagan. Ammo foydalanish zarar qilmaydi.

—  Koronavirus bilan kasallanganlarni davolash bo‘yicha vaqtinchalik ko‘rsatmalarning yettinchi nashrida ko‘rsatilgan «Deksametazon», «Kleksan», «Flenoks», «Tsefazolin» va «Gidroksixloroxin» preparatlarini uy sharoitida bir vaqtning o‘zida qabul qilish mumkinmi?

— Qat'iy taqiqlanadi. Ayni paytda bu mavzuda ko‘plab murojaatlar kelib tushmoqda. Afsuski, ko‘pchilik shu kasallikni boshdan o‘tkazgan bemorlar va ularning yaqinlari tavsiyasiga sabab turli dori vositalaridan o‘zboshimchalik bilan foydalanmoqda. Bu esa, ularning ahvoli yaxshilanishiga emas, yomonlashishiga sabab bo‘lyapti. Shuningdek, yuqorida aytilgan dori vositalarining ko‘pchiligini uy sharoitida qo‘llash mumkin emas. Shu bois, avvalo, uy sharoitida davolanishni boshlashdan oldin shifokor bilan maslahatlashish zarur.

Mavzu
Koronavirus O‘zbekistonda
15 mart kuni O‘zbekistonda koronavirusga chalingan ilk bemor aniqlandi.
Barchasi
Top