15:16 / 22.10.2020
2730

Sentabr oyida yillik inflatsiya darajasi 11,7 foizni tashkil etdi – Markaziy bank

O‘zbekiston Respublikasi Markaziy banki binosida «Pul-kredit siyosatining 2021 yil va 2022-2023 yillar davriga mo‘ljallangan asosiy yo‘nalishi» hamda asosiy stavka bo‘yicha Boshqaruv yig‘ilishi qarori yuzasidan Markaziy bank raisi ishtirokida matbuot anjumani tashkil etildi.

Markaziy bank raisi Mamarizo Nurmuratov O‘zbekistonda sentabr oyida yillik inflatsiya darajasi 11,7 foiz bo‘lgani haqida ma'lum qildi.

«Bizning kuzatuvlarimiz va Statistika qo‘mitasining ma'lumotlari joriy yil sentabr oyida yillik inflatsiya darajasi 11,7 foizni tashkil etganini tasdiqladi. Biz kutayotgan prognoz darajasidan pastroq ham bo‘ldi. Biroq iqtisodiyotda ayrim inflyatsion xatarlar saqlanib qolayotgani bizni ma'lum jihatdan tashvishga soladi.

Karantin cheklovlari bekor qilinganidan keyin yalpi iste'mol talabi tiklanib borayotganini hammamiz ko‘ryapmiz. Bu iqtisodiy o‘sishni ta'minlash uchun zarur holat», dedi Mamarizo Nurmuratov.

Uning so‘zlariga ko‘ra, joriy yil sentabr oyida inflatsiya sur'atlari avgustdagiga nisbatan tezlashgan. Inflatsiya tezlashishi, asosan, karantin cheklovlari bekor qilinganidan so‘ng yalpi talabning tiklanishi, mavsumiy omillar va ayrim asosiy tovarlar narxlarining o‘sishi bilan bog‘liq bo‘ldi.

Meva va sabzavotlar narxlarining yillik o‘sishi sentabr oyida 13,9 foizni tashkil etdi. Bazaviy inflatsiya darajasi esa, aksincha, pasayuvchi tendensiyaga ega bo‘ldi va yillik 11,9 foizgacha pasaydi.

Sentabr oyining so‘nggi o‘n kunligi hamda oktabr oyida ayrim turdagi oziq-ovqat mahsulotlari narxlarining (shakar - 19,9 foizga, kungaboqar yog‘i - 17,9 foizga, un - 2,6 foizga) o‘sishi sezilarli darajada tezlashdi. Bu o‘z navbatida, taklif omillarini tartibga solish bo‘yicha choralar ishlab chiqish, xususan, tovarlar bozorida raqobatni rivojlantirish hamda asosiy oziq-ovqat mahsulotlarining jahon bozorlaridagi narxlari va mahalliy narxlar o‘rtasidagi nomutanosibliklarni bartaraf etish zaruriyatini yuzaga keltiradi.

Bu borada amalga oshiriladigan chora-tadbirlarni inobatga olib, inflatsiyani oshiruvchi ushbu omillarning ta'siri qisqa muddatli xarakterga ega bo‘lishi hamda uzoq muddatli inflatsiya trendiga sezilarli ta'sir ko‘rsatmasligi kutilmoqda.

Aholi va tadbirkorlik sub'yektlarining inflyatsion kutilmalari joriy yilning avgust oyiga nisbatan sezilarli o‘zgarishlarsiz qoldi. Shu bilan birga, sezilgan inflatsiya darajasi va inflyatsion kutilmalar amaldagi inflatsiyaga nisbatan yuqori darajada saqlanib qolmoqda.

O‘tkazilgan so‘rovlar natijalariga ko‘ra, respondentlar kelgusi oylarda narxlarning oshishini, birinchi navbatda, pandemiya ta'siri, monopol tovar va xizmatlar narxlarining qimmatlashishi hamda raqobat muhitining yomonlashuvi bilan izohlashmoqda.  

Top