20:00 / 23.10.2020
10122

Tramp va Bayden bahsi: 6 masala yuzasidan iddaolar, ayblovlar va natijalar

AQSh prezidenti Donald Tramp va uning raqibi, Demokratik partiyadan prezidentlikka nomzod Jo Bayden 3 noyabr kuni bo‘lib o‘tadigan prezidentlik saylovidan oldin ikkinchi va oxirgi marta jonli debat dasturida uchrashishdi. Koronavirus va immigrantlar masalasi oldingi bahsga nisbatan ancha «chegaralangan» ushbu bahsning asosiy mavzularidan bo‘ldi.

Ijtimoiy so‘rovlarda sobiq vitse-prezident Baydendan ortda borayotgan amaldagi prezident Donald Tramp uchun bu bahs so‘nggi imkoniyat bo‘lishi mumkinligi ta'kidlanayotgandi.

Neshvilldagi Belmont universitetida bo‘lib o‘tgan va bir yarim soat davom etgan so‘nggi bahsda NBC telekanali jurnalisti Kristen Velker moderatorlik qildi.

Ilk bahsda Tramp o‘z raqibining gapini tez-tez kesib qo‘ygandi. Shu bois bu gal shu kabi holatlarning oldini olish uchun bir nomzod gapirayotgan paytda ikkinchi nomzodning mikrofoni uzib qo‘yildi.

O‘tgan haftaga rejalashtirilgan ikkinchi debat esa koronavirus tashxisi qo‘yilgan Tramp virtual formatdan bosh tortgani tufayli o‘tkazilmagandi.

Qayd etish joizki, AQShda prezidentlikka nomzodlar 1976 yildan beri saylovlar oldidan to‘g‘ridan to‘g‘ri televizion debat dasturlarida ishtirok etib kelishadi.

Qaysi mavzular muhokama qilindi?
Tramp va Bayden uzluksiz davom etgan munozarada moderatorning oltita savoliga javob berishdi.

Ushbu savollar «koronavirusga qarshi kurash», «amerikalik oilalar», «AQShdagi irqchilik munosabatlari», «iqlim o‘zgarishi», «milliy xavfsizlik» va «yetakchilik» kabi masalalarga oid edi.

Debatda nomzodlar deyarli har bir mavzu bo‘yicha bir-biriga qarama-qarshi fikrlarni ilgari surishdi.

Masalan, Tramp koronavirus epidemiyasi yakunlanish arafasida ekanini aytgan bo‘lsa, Bayden oldinda «bizni qora qish kutmoqda» deb ta'kidladi va federal hukumatni epidemiyaga qarshi dadil qadamlar tashlashga undadi.

Tramp agar qayta saylansa, ikkinchi muddatda qanday siyosiy odimlar otishiga oydinlik kiritmadi.

Tramp koronavirusga qarshi vaksina bir necha hafta ichida tayyor bo‘lishini va'da qildi va raqibi Baydenning o‘g‘li Hanter Baydenning chet eldagi ishbilarmonlik aloqalari haqidagi da'volarni takrorladi.

Bayden esa Trampni ayirmachi va axloqsiz rahbar sifatida aybladi. Shuningdek, u federal hukumatning epidemiyaga qarshi kurash usullarini ham tanqid qildi. Bayden iqtisodiyotni rag‘batlantirish uchun yangi paketlar joriy etishga, epidemiyaga qarshi kurashda shtatlarga yanada ko‘proq moliyaviy yordam berishga, sog‘liqni saqlash tizimi va soha xodimlarning huquqlarini butun mamlakat bo‘ylab yaxshilashga va'da berdi.

Bayden shuningdek, eng kam ish haqini soatiga 15 dollarga yetkazish, 11 million «hujjatsiz muhojir»ga fuqarolik yo‘lini ochish va koronavirusga qarshi kurashda butun mamlakat bo‘ylab niqob taqish majburiy etib belgilanishi bilan bog‘liq va'dalarini yana bir bor tilga oldi.

Bahs saylovchilarning fikrini o‘zgartirishi mumkinmi?
Hozirga qadar AQShda 48 millionga yaqin saylovchi muddatidan oldin ovoz berish imkonidan foydalanib ulgurdi. Shu bois ushbu dastur orqali nomzodlar tomonidan asosan qaror qabul qilishda ikkilanib turgan saylovchilarni nishonga olish maqsad qilinishi aytilgandi.

BBC jahon xizmatining Amerika bo‘yicha muxbiri Laura Trevelyanning ta'kidlashicha, ushbu bahs davomida saylovchilarning fikrini o‘zgartiradigan darajada jiddiy holat kuzatilmagan.

Aksariyat sharhlovchilar ushbu bahsda mutlaq g‘alaba qozongan taraf bo‘lmadi, degan fikrda.

Moderator to‘g‘ri tanlandimi?

Nomzodlar bir-biriga deyarli teng salohiyat namoyish etgan ushbu debatning asl g‘olibi 44 yoshli moderator Kristen Velker bo‘lgani aytilmoqda.

NBC telekanali jurnalisti Andrea Mitchell hamkasbi Velkerni boshidanoq dasturni o‘z nazorati ostiga olgani bilan tabrikladi.

Shuningdek, Velker, nomzodlarga deyarli teng vaqt bergani uchun ham e'tirofga sazovor bo‘ldi. CNN’ning qayd etishicha, Tramp jami 41 daqiqa, Bayden esa 37 daqiqa 53 soniya gapirgan.

«Velker soxta jurnalistlarning aksariyati kabi dahshatli va adolatsiz odamga aylangan», degan edi Tramp bahsdan oldin moderatorni nishonga olib.

Trampning saylovoldi maslahatchisi Jyeyson Miller esa Velker o‘z ishini mukammal darajada ado etishini aytgandi.

29 sentabr kuni bo‘lib o‘tgan va o‘zaro uzilishlar, haqorat-ayblovlar bilan kechgan birinchi bahsning moderatori Kris Uollesning harakatlari ko‘pchilik tomonidan muvaffaqiyatsiz deb topilgan. Trampning tez-tez aralashishiga to‘sqinlik qila olmagan va bahs tizginini qo‘ldan chiqarib yuborgan Uollesni ba'zi sharhlovchilar «g‘olibi bo‘lmagan bahsning yaqqol mag‘lubi» deb ta'riflashgandi.

Nomzodlar qanday tayyorgarlik ko‘rdi?
Klivlendda bo‘lib o‘tgan birinchi bahsda Trampni «masxaraboz», «Putinning pudeli» (pudel – it zotlaridan birining nomi) deb atagan va unga «og‘zingni yop» degan 77 yoshli Jo Bayden dasturga tayyorgarlik ko‘rish uchun bu hafta davomida saylov yig‘ilishi o‘tkazmadi.

74 yoshli Tramp esa o‘z kun tartibini o‘zgartirmadi va Arizona, Pensilvaniya va Shimoliy Karolinada mitinglar o‘tkazdi.

Nomzodlar birinchi bahsda saylovchilarning fikrini o‘zgartira oldimi?
So‘rovnomalar o‘tkazish va ularni tahlil qilishga ixtisoslashgan Ipsos agentligi va FiveThirtyEight veb-sayti tomonidan dastlabki munozaradan oldin va keyin o‘tkazilgan so‘rovnoma natijasiga ko‘ra, Trampning jamoatchilik tomonidan qo‘llab-quvvatlanish ko‘rsatkichi bir oz pasaygan, Baydenniki esa sal ko‘tarilgan. Muhokamadan keyingi kunlarda Bayden Tramp bilan o‘zaro farqni yana uch foizga oshirgani aytilmoqda.

Ushbu dasturda nomzodlar beqaror saylovchilarni nishonga olishlari aytilgan edi.

Yaqinda o‘tkazilgan Reuters/Ipsos so‘rovi natijalariga ko‘ra, hali bir qarorga kelmagan saylovchilarning miqdori 8 foiz atrofida.

Mavzu
AQSh-2020
2020 yilning 3 noyabrida AQShda prezidentlik saylovlari bo‘lib o‘tadi. 3 fevral kuni demokratlar qarorgohida birlamchi saylovlar - kokuslar va praymerizlar boshlangan.
Barchasi
Mavzuga oid
Top