18:11 / 23.10.2020
30496

Yuliy Tsezardan meros an'ana. Pensiya to‘lash tarixi va eng ko‘p pensiya to‘lovchi davlatlar haqida

Bugun dunyoning qariyb barcha davlatlarida keksa yoshdagilarga pensiya to‘lanadi. Davlatlarda pensiyaga chiqish yoshi turlicha. Shuningdek, aksariyat davlatlarda ayollar va erkaklarning pensiyaga chiqish yoshlari farq qilib, ayollar erkaklardan oldinroq pensiyaga chiqadi.

Foto: Getty Images

Qadimgi Rimdan boshlangan an'ana

«Pensiya» so‘zi lotincha «pension» – to‘lov so‘zidan olingan. Tarixda ilk pensiya Rim imperiyasida Yuliy Tsezar tomonidan to‘langan. Shuningdek, hazrati Umar (raziyallohu anhu) xalifaligi davrida ham odamlarga nafaqa to‘lash joriy qilingan. O‘rta asrlarda pensiya birinchi marta 1673 yil Fransiyada harbiy dengiz floti zobitlariga to‘langan. 1790 yil Buyuk fransuz revolyutsiyasi paytida «Pensiya to‘g‘risida» qonun qabul qilingan. Unga ko‘ra, yoshi 50 dan oshgan va 30 yil mehnat staji bo‘lgan davlat xizmatchilari pensiya olish huquqiga ega bo‘lgan.

1825 yilda Prussiyada davlat amaldorlariga pensiya to‘lash uchun ilk pensiya fondi tuzildi.

Ommaviy pensiya to‘lash. Kim qachondan boshlagan?

Ommaviy tarzda barchaga pensiya to‘lash tartibi Germaniyada 1889 yildan boshlangan. Keyinchalik bu tartib Yevropaning boshqa davlatlarida ham joriy qilinadi. Jumladan, Daniyada 1891 yil, Yangi Zelandiyada 1898 yil, Avstraliyada 1908 yil, Buyuk Britaniyada 1908 yil, Fransiyada 1910 yil, Niderlandiya va Shvetsiyada 1913 yildan boshlab ommaviy pensiya to‘lash tizimiga o‘tilgan.

Ilk pensiyalar pensiya sug‘urtasini to‘lagan holda ishlab keksaygan, boquvchisini yo‘qotgan, ish jarayonida nogiron bo‘lganlarga to‘langan.

Ommaviy pensiya to‘lash tizimi keyinchalik Italiyada 1919 yil, Kanadada 1927 yil, AQShda 1935 yilda joriy etiladi.

Yaponiyada 1942 yil joriy etilgan pensiya to‘lash tizimi biroz o‘tib mamlakat II jahon urushida qatnashayotgani sabab to‘xtatilib, 1954 yildan boshlab qayta yo‘lga qo‘yilgan. Bugungi kunda «qariyalar o‘lkasi» Yaponiya YaIM hajmining 2 foizini pensiya to‘lovlari uchun ajratadi. Chunki bu mamlakatda qari fuqarolar soni juda ko‘p. Shu sabab ayollar 65 yoshdan, erkaklar esa 70 yoshdan pensiyaga chiqishga majbur.

Pensiya to‘lash tizimi Janubiy Amerikada: Chili va Urugvayda 1928 yil, Braziliyada 1934 yil, Ekvadorda 1935 yil, Peruda 1936 yil, Venesuelada 1940 yil, Panama va Kosta-Rikada 1941 yil, Meksika va Paragvayda 1943, Kolumbiyada 1946 yil, Dominikanda 1947 yil, Salvador va Boliviyada 1949 yilda joriy qilingan.

Osiyo davlatlarida pensiya to‘lash tizimlari boshqa qit'alarnikidan boshqacharoq. Masalan, Xitoy va Hindistonda pensiya hanuzgacha faqat davlat xizmatida ishlab keksaygan, nogiron bo‘lgan va boquvchisini yo‘qotgan shaxslarga to‘lanadi. Oddiy fuqarolarga pensiya to‘lanmaydi. Hindistonning har bir shtatida alohida pensiya qonunchiligi amal qiladi.

Qarilar ko‘payishi qo‘shimcha xarajat demak

Bugungi kunda Yevropa mamlakatlarida demografik muammolar tufayli keksa yoshdagilar soni ishga layoqatli aholi soniga nisbatan tobora oshib bormoqda. Masalan, Ukrainada 1991 yil umumiy aholining 18.7 foizini pensiya yoshidagilar tashkil etgan bo‘lsa, 2018 yilga kelib bu ko‘rsatkich 22.1 foizga chiqdi. Demografik tadqiqotchilarning xulosasiga ko‘ra, 2036 yil Ukrainaning 30 foiz aholisi nafaqaxo‘rga aylanadi. Bu esa 16 yildan keyingi o‘ziga xos «portlash»ga hozirdanoq tayyorlanish kerak degani.

Yevropa Ittifoqida ham holat Ukrainanikidan yaxshi emas. 2010 yil Yevrokomissiya Yevropa Ittifoqida pensiya yoshini ayollar va erkaklar uchun birday 70 yosh qilish haqida tavsiya berdi. Bunga sabab Yevroittifoq mamlakatlarining aksariyatida demografik muammolar bor va aholining umumiy tarkibida pensiya yoshidagi keksalar soni yil sayin oshib boryapti. Tug‘ilish esa past, aholi soni migratsiya hisobigagina ortmoqda.

Yuqoridagi tavsiyaga muvofiq 2016 yil Yevropa Ittifoqining ayrim mamlakatlarida pensiya yoshi ayollar va erkaklar uchun 65 yosh etib belgilandi. Kelajakda 70 yoshgacha ko‘tarish reja qilinayapti.

Bizda nima gap?

O‘zbekistonda ilk pensiya tabiiyki sobiq Ittifoq davrida to‘langan. SSSRda 1956 yilgacha pensiya aholining ma'lum bir toifalariga to‘langan. Masalan, 1918 yil Qizil armiya safida jang qilib nogiron bo‘lganlarga, 1923 yildan boshlab yoshi keksa bolsheviklarga, 1928 yildan tog‘-kon va tekstil sanoatida ishlagan ishchilarga pensiya to‘lash tartibi joriy qilingan.

1930 yil «Pensiya to‘lash tartibi to‘g‘risida» ilk qonun chiqqan. 1932 yilda pensiya yoshi ayollarda 55, erkaklarda 60 yosh etib belgilangan. 1937 yildan boshlab barcha shahar aholisi bo‘lgan ishchi-xizmatchilarga pensiya to‘langan. Qishloq xo‘jaligida band bo‘lganlar esa pensiya olmagan.

1956 yil «Davlat pensiyasi haqidagi qonun» qabul qilinadi va SSSRda barchaga pensiya to‘lash tartibi joriy etiladi. Yangi qonunda qishloq xo‘jaligida mehnat qilayotgan dehqonlarga ham pensiya to‘lashni shaxsan bosh kotib Nikita Xrushyovning o‘zi taklif etadi. O‘zbekiston aholisi ham o‘shandan keyin to‘laqonli pensiya ola boshlaydi. Chunki bizda ko‘pchilik qishloq xo‘jaligida band bo‘lgan.

O‘zbekiston mustaqillikka erishganidan so‘ng, aholini ijtimoiy himoya qilish Konstitutsiyada aniq belgilab qo‘yildi. Jumladan, O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining 39-moddasida «Har kim qariganda, mehnat layoqatini yo‘qotganda, shuningdek, boquvchisidan mahrum bo‘lganda va qonunda nazarda tutilgan boshqa hollarda ijtimoiy ta'minot olish huquqiga ega» deb belgilab qo‘yilgan.

O‘zbekistonda davlat pensiya ta'minoti tizimi 1993 yil 3 sentyabrda qabul qilingan «Fuqarolarning davlat pensiya ta'minoti to‘g‘risida»gi Qonuni hamda ushbu Qonun asosida ishlab chiqilgan me'yoriy-huquqiy hujjatlar bilan tartibga solinadi.

Mazkur Qonunga asosan ish stajiga ega bo‘lmagan fuqarolar va ularning oilalari davlat pensiyalari olish huquqiga ega emas, ularning ijtimoiy ta'minlanish tartibi O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan 2011 yil 7 aprelda tasdiqlangan «Pensiya tayinlash uchun zarur bo‘lgan ish stajiga ega bo‘lmagan qariyalarga va mehnatga layoqatsiz fuqarolarga nafaqalar tayinlash va to‘lash tartibi to‘g‘risida»gi Nizomga muvofiq amalga oshiriladi. Ya'ni, rasman mehnat faoliyatida band bo‘lmagan va maoshidan pensiya jamg‘armasi uchun to‘lovni amalga oshirib bormagan o‘zbekistonliklar ham davlat tomonidan qarilik nafaqasi bilan vafot etguniga qadar ta'minlanadi.

O‘zbekistonda pensiya yoshi erkaklar uchun 60, ayollar uchun 55 yosh etib belgilangan.

Bugun O‘zbekistonda pensiyadan tashqari quyidagi ijtimoiy to‘lovlar amalga oshiriladi:

  • yoshga doir nafaqa;
  • nogironlik nafaqasi;
  • boquvchisini yo‘qotganlik nafaqasi;
  • bolalikdan nogironlar nafaqasi;
  • dafn marosimi uchun nafaqa;
  • bola tug‘ilganda beriladigan nafaqa;
  • qo‘shimcha dam olish uchun nafaqa;
  • shuningdek, turli xil kompensatsiya to‘lovlari.

Eng ko‘p pensiya qayerda?

Qaysi davlatda eng ko‘p pensiya to‘lanishi haqida har xil variantlar bor. Biroq ularning aksari deyarli farq qilmaydi. Mamlakatlarning u yerda joriy qilingan pensiya tizimiga qarab tuzilgan reytingi bor.

Eng yaxshi pensiya tizimiga ega davlatlar reytingini quyidagi mamlakatlar boshqaradi: Niderlandiya (81 indeks), Daniya (80,3), Avstraliya (75,3), Finlyandiya (73,6), Shvetsiya (72,3), Norvegiya (71,2). Qanaqasiga axir, AQSh qani demoqchimisiz? Amerika bu ro‘yxatda 16, ba'zan 18-o‘rinda ko‘rsatiladi. Biroq AQSh pensiya uchun hammadan ko‘p pul sarflaydi. U o‘zining dunyoda tengsiz mamlakat ekanini his qilgan holda fuqarolarining ijtimoiy himoyasi uchun hech ikkilanmay pul sarflaydi. AQShdagi barcha pensiya jamg‘armalarining umumiy qiymati 9,8 trillion dollargacha ko‘tarilgan. Mamlakat federal pensiya jamg‘armasi hisobida 2019 yil hisobida 2,72 trillion dollar pul bo‘lgan.

AQShda umri davomida hech qayerda ishlamay, davlatga soliq to‘lamaganlar ham nafaqa yoshiga yetgach, har oy 300 dollardan pul oladi. Tabiiyki, boshqa ijtimoiy himoya pullari, faqatgina AQSh fuqarosi bo‘lgani uchungina beriladigan turli xil imtiyozlardan tashqari. Biroq bunday miqdorda pensiya oladigan amerikaliklar juda kam. Chunki ozgina bo‘lsa-da, mehnat faoliyatida band bo‘lganlar nafaqaga chiqqach, oyiga 700 dollardan qarilik pensiyasini olishadi. Shuningdek, AQShda boquvchisi yo‘q pensionerlarga maxsus ko‘p qavatli uylarda yashash imkoniyati beriladi. Ular nafaqasi hisobida o‘sha uylarda imtiyoz asosida yashashi va yana ko‘plab qo‘shimcha ijtimoiy ko‘maklardan foydalanishi mumkin. AQShda pensiya yoshi 67 yosh etib belgilangan.

Eng kam pensiya – 550 yevro

Skandinaviya yarimorolidagi davlatlarda ijtimoiy hayot juda zo‘r tashkillashtirilishidan xabaringiz bor. U yerdagi mamlakatlarda pensiya tizimi ham havas qilarli darajada. Masalan, Finlyandiyada nafaqaxo‘rlarga oyiga 550 yevrodan kam pensiya to‘lash mumkin emas. Yuqori tomondan esa pensiya miqdori cheklanmagan va har kim ishlaganiga qarab pul olaveradi.

Germaniyalik pensionerlarga ham havas qilish mumkin. Bu mamlakatda oyiga 350 yevrodan kam pensiya to‘lash mumkin emas. Uy-joyga muhtoj pensionerlar davlat tomonidan uy bilan ta'minlanadi. Germaniyada o‘rtacha pensiya oladigan fuqaro mamlakatda belgilangan o‘rtacha yashash xarajatlaridan orttirib mashina olish va yiliga ikki marta boshqa mamlakatga dam olgani borishi mumkin. Registonda nega buncha qari yevropaliklar ko‘p ekanini endi tushungandirsiz? Ularning nafaqasi har qanday davlatga aylanib kelishga imkon beradi.

Ispaniyada o‘rtacha pensiya oyiga 700-900 yevroni tashkil etadi. Shuningdek, nafaqaxo‘rlar har qanday oziq-ovqat mahsulotlarini arzonroqqa sotib olishi va xorijga chiqishda arzon chiptalarni xarid qilishi mumkin.

Daniyada kamida 40 yil yashagan va qaysidir sohada belgilangan miqdorda mehnat qilgan fuqaro oyiga o‘rtacha 2 800 dollar pensiya oladi. Ko‘p fuqarolari AQShda ishchi bo‘lib faoliyat yurituvchi Meksika ham pensionerlar uchun juda yaxshi joy hisoblanadi. U yerda er-xotin birgalikda o‘rtacha 2 200 dollar pensiya olishi mumkin. Ha, ba'zi amerikaliklar pensiya yoshiga yaqinlashgach, Meksikaga ketishi bejiz emas.

Shveytsariyada ijtimoiy hayot bir nechta ustunlarga qurilgan. O‘sha ustunlardan biri – odil pensiya tizimi. O‘rtacha pensiya 1 900 dollar bo‘lgan bu mamlakatda fuqaro oladigan pensiya puli evaziga pensiyagacha bo‘lgan davridagi hayotining 60 foizini ta'minlay oladi. Shuningdek, bu davlatda o‘ziga xos erkin sug‘urta mavjud. Unga ko‘ra, ish vaqtida pul jamg‘arib borishingiz mumkin. Pensiyaga chiqqach esa bu pullarni qurtday sanab olasiz.

Fransiyada o‘rtacha pensiya 1 000 dollarni tashkil etadi. Pensiyaning qolgan asosiy qismi esa ishchining mehnat faoliyati davomida to‘plagan o‘ziga xos ballariga bog‘liq. Ya'ni, ishchi butun faoliyati davomida pensiyasi uchun muhim bo‘lgan ballarni jamg‘arib boradi. Fransiya fuqarosi vafot etsa ham to‘plagan pensiya pullari qolib ketmaydi. U to‘plagan pullar turmush o‘rtog‘ining pensiyasiga qo‘shib berilishi mumkin.

Top