18:38 / 24.10.2020
26283

Sherzod Shermatov: «Do‘sovni men emas, vazirlik sudga bergan»

Xalq ta'limi vaziri Sherzod Shermatov sobiq deputat Qobil Do‘sovning respublika ta'lim tizimi borasidagi tanqidiy fikrlariga munosabat bildirdi. Uning aytishicha, sobiq deputatni vazirlik sudga bergan. Bu haqda Kun.uz muxbiri xabar bermoqda.

Vazirning so‘zlariga ko‘ra, xalq ta'limi tizimida 700 ming xodim faoliyat yuritadi va ularni yoppasiga xoin deyishga hech kimning haqqi yo‘q.

«Kim o‘zi u, qayerdan bu masalaga aralashib qoldi... mayli, bu keyingi masala. Vazirlik sudga bergan. Nega? Sababi hammani xoin degan. 700 ming kishilik tizimni xoin deyishga hech kimning haqqi yo‘q.

Eski maktablar buzilgani, umuman, boshqa kamchiliklarni men o‘zim ko‘p gapirganman. O‘zim gapirgan gapni o‘zimga qaytarish kerak emas. Kim bo‘lishidan qat'i nazar shuncha odamni xoin degani uchun javob berishi kerak. U sobiq deputat bo‘ladimi, amaldagi deputat bo‘ladimi. Men uni sudga bermaganman, vazirlik sudga bergan.

Men duch kelgan odam bilan tenglashmayman-ku! Nima qilaman u bilan sudlashib? O‘zim fuqaro sifatida sudga berishim mumkin. Bunga ham haqqim bor. Lekin nima qilaman hozir shu bilan vaqtimni ketkazib. 

Vazirlikda 700 ming nafar o‘qituvchilarimiz, xodimlarimiz bor. Ularning hammasini «xoinsanlar, men umuman O‘zbekistonda bolamni o‘qitmayman», degan gaplari uchun javob berishi kerak. Agar o‘qituvchilar huquqini himoya qilmasak, bizlar nima qilib yuribmiz», – dedi Sherzod Shermatov.

Avvalroq, Qobil Do‘sov ijtimoiy tarmoqdagi sahifasi orqali xalq ta'limi tizimini tanqid qilgani, mazkur videomurojaat sababli Xalq ta'limi vazirligi sobiq deputatga nisbatan fuqarolik ishlari bo‘yicha Chirchiq tumanlararo sudiga da'vo arizasi kiritgani to‘g‘risida xabar berilgan edi. Unda Do‘sovning tanqidiy, qadr-qimmati va ishchanlik obro‘siga putur yetkazuvchi ma'lumotlar tarqatgani aytilgan.

Joriy yilning 23 sentabr kuni Qobil Do‘sov va Xalq ta'limi vazirligi o‘rtasidagi navbatdagi ochiq sud majlisi bo‘lib o‘tdi. Unda fuqarolik ishi yuzasidan sud-lingvistik ekspertizasi tayinlangani va xulosalarga muvofiq sud jarayoni davom etishi ma'lum qilingan. Keyingi sud majlisi qachon bo‘lishi hozircha noma'lum.

Top