21:35 / 26.10.2020
92537

«Monopoliyaning 25 yili». O‘zbek mashina bozoriga nazar

O‘zbekistonda istalgan mashinani xarid qilishingiz mumkin, ammo ko‘chada faqat «Neksiya», «Kobalt» yoki «Matiz» ko‘zga tashlanaveradi. Bu mijozlarning didsizligimi? Ularga avtomobil xarid qilishda cheklov qo‘yilganmi yo mahalliy ishlab chiqaruvchining mashinalari shunchalar arzonmi?

Foto: UzAuto Motors

Mashinaga ega bo‘lish endi hashamat emas, u kundalik hayotda zarur bo‘lgan vositaga aylangan. Shiddat bilan o‘zgarayotgan turmushimizni mashinalarsiz tasavvur etish endi qiyin. Ammo O‘zbekistonda avtomobillar soni har ming kishiga 85tani tashkil etadi (2025 yilgacha bu ko‘rsatkichni 237taga yetkazish rejasi bor). Mashinasozlik borasida bizdan keyinroq «qamchi urgan» Qozog‘istonda ham ushbu raqam 250tani tashkil etadi. Qolaversa, O‘zbekistonda ishlab chiqarilayotgan «Kobalt»ning xaridorgir rusumini sotib olish uchun oldindan to‘lov qilib, yana oylab uning chiqishini poylash kerak. Nega?

Bu kabi savollarga javob yo‘q. Shunchaki. Rasman monopolist sifatida ma'lum bo‘lgan «UzAuto Motors» bu kabi savollarga ochiq javob bera olmaydi. Chunki uning javoblari hukumat va amaldorlarning turli maxfiy hujjatlari bilan «to‘sib qo‘yilgan». Qoidaga ko‘ra, iste'molchilar u yoki bu mahsulot va xizmatlardan voz kechish orqali ishlab chiqaruvchining «jazosini berishi» kerak. Ammo ushbu monopol tashkilotga nisbatan iste'molchining yagona «quroli» ham ish bermaydi.

Sobiq ittifoq parchalangach, o‘tgan asrning 90-yillarida O‘zbekiston Janubiy Koreyaning «Daewoo» kompaniyasi bilan hamkorlikda umumiy qiymati 600 million dollarga teng bo‘lgan ulkan mashinasozlik zavodini tashkil etgandi. 2008 yilda koreyslarning ushbu zavoddagi ulushi AQShning «General Motors» kompaniyasiga sotiladi. Oradan uch yil o‘tib O‘zbekistonda dunyodagi eng yirik avto monopoliya bozori shakllandi — ichki bozorda sotilgan mashinalarning 94 foizi «Shevrole» brendi ostida edi. Bunga erishish uncha qiyin bo‘lmagan: hukumat import qilinadigan avtomobillarga yuqori boj to‘lovi joriy qilishi ichki bozorda shunday manzara yuzaga kelishiga sabab bo‘ladi.

Bu orada mashinalar narxi pasaymagan, balki faqat o‘sgan. Masalan, 2012-13 yillar oralig‘ida «Neksiya»ning narxi salkam 25 foizga oshdi.

2017 yili yangi prezident Shavkat Mirziyoyevning kuchli siyosiy irodasi bilan valuta konvertatsiyasi erkin qo‘yib yuborilguncha, mashinalar narxi milliy valutada ko‘rsatilgan, ammo kassada AQSh dollari talab qilingan. Ya'ni xaridor «qora bozor»dan dollar topib keladi va bank kassasida uni rasmiy kursda ikki baravar arzon qiymatda ayirboshlaydi. Bu mashinalar uchun milliy valutada belgilangan narxning amalda ikki baravar qimmat bo‘lganining yaqqol isbotidir.

2018 yilda esa «General Motors» zavoddagi ulushini O‘zbekistonga sotdi. Zavod maxsus kelishuv bo‘yicha Amerika texnologiyasi va brendidan foydalanishda davom etmoqda.

Shundan keyin, ustav fondidagi barcha ulush Davlat aktivlarni boshqarish agentligiga qarashli bo‘lgan «O‘zavtosanoat» aksionerlik kompaniyasi «Uzauto Passenger Vehicles Management» mas'uliyati cheklangan jamiyatni ta'sis etdi. Ushbu MJCh esa Asaka, Toshkent va Pitnakdagi mashina zavodlarni boshqaruvchi «UzAuto Motors»ning ustav fondidagi barcha ulushga egalik qiladi. De-fakto, «UzAuto Motors» to‘laligicha davlatniki hisoblanadi. «O‘zavtosanoat» rahbari bo‘lgan Ulug‘bek Ro‘ziqulov 2017 yilga qadar bosh vazir o‘rinbosari sanalardi.

Bundan tashqari, bozorda paydo bo‘layotgan yangi brendlar ham bilvosita «O‘zavtosanoat»ga qarashli. Masalan, O‘zbekiston bozoriga «Wolkswagen» va «Shkoda» rusumli mashinalarni olib kirayotgan, keyinchalik ishlab chiqarishni mahalliylashtirish rejasini qo‘ygan «Jizzax avtomobil zavodi»ning ustavidagi ulush ham «O‘zavtosanoat»ga tegishli. Ushbu mas'uliyati cheklangan jamiyatning yana bir ta'sischisi — 2003 yildan Rossiyaga «Wolkswagen»ni rasman import qila boshlagan «Folksvagen Grup Rus» sanaladi. Shu tufayli, O‘zbekiston bozorida taklif etilayotgan «Shkoda» rusumli mashinalar narxi Rossiya bozoridagi narx-navodan katta farq qilmaydi.

Davlat statistika qo‘mitasining qayd etishicha, O‘zbekistonga yengil avtomobillarning yillik import hajmi o‘rtacha 17,5 ming donani tashkil etadi. Bu raqam keskin oshib ketishi ham mumkin, ammo import amaliyotida mashina uchun olinadigan bojxona to‘lovlari avtomobilning modifikatsiyasiga qarab taxminan 120-150 foizni tashkil etadi. Bundan tashqari, qariyb 26 million so‘mlik utilizatsiya yig‘imi undiriladi. Bojxona to‘lovlari ham ustomonlik bilan o‘rnatilgan: mahalliy ishlab chiqarilayotgan dvigatel hajmi 1 litrdan 2 litrgacha bo‘lgan segmentdagi avtolar uchun import tariflari juda katta raqamlar bilan belgilangan. O‘zbekistonga dvigatel hajmi 3 litrlik import avtoni keltirish taxminan 2-2,5 barobar qimmatga tushsa, ichki bozorda ommabop rusumli mashinalar segmentidagi mashinalarni import qilish qariyb 3 barobar qimmatga tushadi.

Qolaversa, «UzAuto Motors» Tailanddan import qilayotgan «Chevrolet Trailblazer»ning ichki bozordagi narxi taxminan 38 ming 500 dollarga teng. Agar kompaniya mamlakat bojxona qoidalariga rioya qilib, mashinani import qilsa, uning O‘zbekistonga kirib kelgunga qadar narxi 15 ming dollar atrofida bo‘lishi lozim. Vaholanki, ushbu narxda «Chevrolet Trailblazer» jahon bozorida yo‘q. Demak, kompaniya boj va boshqa to‘lovlarni chetlab o‘tyaptimi? Deputatlar masalaga oydinlik kiritish maqsadida mutasaddilarga so‘rovlar yuborishgan. Biz munosabatni kutamiz.

Haligacha mashinaga to‘yinmagan bozorda xaridorgir avtomobillardan sotib olish uchun navbat kutish amaliyoti saqlanib qolgan. Garchi korrupsion holatlarga jiddiy kurash kechayotganiga qaramay, mavjud sharoitning o‘zi yana korrupsiyaga yo‘l ochadi.

O‘tgan ikki yil ichida o‘zbek bozoriga yangi xorijiy ishtirokchilarning qiziqishi ortgan, ammo «o‘yin qoidalari» aniq bitilmagani, «UzAuto Motors» uchun taqdim etilgan alohida preferensiya hamda imtiyozlar sog‘lom muhit yaratishga xalaqit bermoqda.

Alisher Ro‘zioxunov

Top