12:02 / 26.10.2020
5807

Sentyabrda oziq-ovqat mahsulotlari narxlari o‘sishi tezlashdi – Iqtisodiyot vazirligi

Joriy yilning sentyabr oyida oziq-ovqat mahsulotlari narxlari o‘sishi tezlashdi va 2,2 foiz darajasida shakllandi. O‘tgan yili mos davrda ushbu ko‘rsatkich 1,4 foizni tashkil etgandi.

Iqtisodiy taraqqiyot va kambag‘allikni qisqartirish vazirligi 26 oktabr kuni O‘zbekistonda 2020 yilning sentabr oyida kuzatilgan inflatsiya darajasi haqida umumiy ma'lumotlarni e'lon qildi. Unga ko‘ra, shu oyda iste'mol narxlari indeksi oylik 1,4 foizni tashkil etdi. O‘tgan yilning mos davrida mazkur ko‘rsatkich 1,3 foizga teng bo‘lgan.

«2020 yil boshidan buyon oziq-ovqat mahsulotlari inflatsiyasi 7,5 foiz (2019 yilning shu davrida – 8,5 foiz) darajasida va yillik hisobda – 17,7 foiz darajasida shakllandi», — deyiladi vazirlik ma'lumotida.

Ta'kidlanishicha, go‘sht mahsulotlarining narxi sentyabrda 3,8 foizga (umumiy ko‘rsatkichdagi ulushi – 0,39 f.b.) o‘sdi. Xususan, qo‘y go‘shti 5,7 foizga, mol go‘shti 5 – 5,4 foiz oralig‘ida, qiyma 4,2 foizga, kolbasa 1,8 – 1,9 foiz oralig‘ida, baliq va baliq konservalari o‘rtacha 0,5 foizga, parranda go‘shti va go‘sht mahsulotlari 0,3 foizga qimmatlashdi. Bundan tashqari, yog‘ va moylar narxi o‘rtacha 2,3 foizga ko‘tarildi.

«Tuxum narxi o‘rtacha 6,5 foizga qimmatlashib, umumiy INIning 0,06 f.b.ga ko‘tarilishini ta'minladi. Ichki bozorda tuxum narxining oshishiga parranda ozuqasi narxlarining 10 foizga ko‘tarilishi (jumladan, bug‘doy narxining 23 foizga, makkajo‘xori – 28 foizga, soya ozuqasi – 20 foizga) va ularga bo‘lgan talabning mavsumiy ortishi, hamda ko‘plab parrandachilik xo‘jaliklaridagi tovuqlar yangilanishi (1,8 million tovuq) bilan bog‘liq bo‘ldi», — deyiladi ma'lumotnomada.

Vazirlikning bildirishicha, oziq-ovqat narxlarining oshishi asosan avgust-sentabr oylarida qo‘shni mamlakatlardagi mavjud vaziyat bilan bog‘liq bo‘lib, ayniqsa, Qozog‘istonda go‘shtni eksport qilishdagi cheklovlar bilan izohlanadi. Bosh vazir o‘rinbosari Jamshid Qo‘chqorov shu yil aprel oyida Kun.uz’ga bergan intervyusida ushbu masalaga to‘xtalib, cheklov haqida mulohazasini bildirgandi.

Top