20:35 / 27.10.2020
8295

O‘zbekiston chet eldagi ayrim aktivlarini sotish, ijaraga yoki ishonchli boshqaruvga berishni rejalashtirmoqda

Prezident «Davlat ishtirokidagi korxonalarni isloh qilishni jadallashtirish hamda davlat aktivlarini xususiylashtirishga oid chora-tadbirlar to‘g‘risida» farmon imzoladi.

Foto: Shutterstock

Farmonga asosan, 2020 yil 1 dekabrga qadar O‘zbekiston Respublikasining chet elda joylashgan davlat mulki obektlaridan samarali foydalanish, shu jumladan ularni sotish, ijaraga yoki ishonchli boshqaruvga berish bo‘yicha takliflar ishlab chiqiladi.

3 oy muddatda davlat ulushi ustun mavqega ega korxonalar va tijorat banklarining asosiy faoliyatiga mos bo‘lmagan aktivlari to‘liq xatlovdan o‘tkazilib, ularni ommaviy savdolar orqali sotish bo‘yicha Vazirlar Mahkamasiga takliflar kiritiladi.

2021 yil 1 fevralga qadar, xorijiy tajribani o‘rgangan holda maxsus iqtisodiy zonalar faoliyatiga tashqi boshqaruvni joriy etish hamda ularni bosqichma-bosqich xususiylashtirish bo‘yicha ham takliflar ishlab chiqiladi.

Vazirlar Mahkamasiga ikki hafta muddatda quyidagilarni tasdiqlash yuklatildi:

  • tugatish yoki bankrotlik taomillarini qo‘llash tashabbusi bilan chiqiladigan istiqbolsiz, faoliyat ko‘rsatmayotgan, zarar ko‘rib ishlayotgan va past rentabelli davlat ishtirokidagi korxonalar ro‘yxati;
  • muassasa sifatida qayta tashkil etiladigan davlat ishtirokidagi korxonalar ro‘yxati;
  • filial ko‘rinishida qayta tashkil etiladigan davlat ishtirokidagi korxonalar ro‘yxati;
  • davlat ulushi saqlab qolinadigan korxonalar ro‘yxati.
Mavzuga oid
Top