17:32 / 28.10.2020
4743

O‘zbekiston raisligida MDH sog‘liqni saqlash sohasida hamkorlik kengashining navbatdagi yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi

Mustaqil Davlatlar Hamdo‘stligining sog‘liqni saqlash sohasida hamkorlik bo‘yicha Kengashining 32-yig‘ilishi videokonferensiya shaklida o‘tkazildi. 

O‘zbekiston Respublikasi Sog‘liqni saqlash vaziri Alisher Shodmonov raisligida o‘tgan yig‘ilishda Kengash a'zolari bo‘lmish O‘zbekiston, Rossiya Federatsiyasi, Belarus Respublikasi, Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Tojikiston, Turkmaniston, Moldova va Armaniston davlatlarining sog‘liqni saqlash vazirlari va soha mutasaddilari, shuningdek, MDH ijroiya qo‘mitasi vakillari, JSSTning Yevropa mintaqaviy byurosi rahbari Hans Klyuge ishtirok etdi. 

Shuningdek, videokonferensiyada O‘zbekiston tomonidan mamlakatimizdagi ixtisoslashtirilgan ilmiy-amaliy tibbiyot markazlari rahbarlari ham qatnashdi.

«Ta'kidlash joizki, Kengashning bu yilgi barcha yig‘ilishlari O‘zbekiston raisligida o‘tmoqda. Bugungi konferensiyada MDH davlatlari o‘rtasida Covid-19’ga qarshi kurash bo‘yicha birgalikda harakatlanish rejalari, hamdo‘stlik hududida sanitariya muhofazasi muammolari, MDH davlatlarining qandli diabet kasalligi buyicha Ekspert kengashining faoliyati va boshqa muhim masalalar muhokama qilindi», deyiladi vazirlik matbuot xizmati xabarida.

Kengashning 32-yig‘ilishida hamdo‘stlik davlatlarining sog‘liqni saqlash bo‘yicha xalqaro hamkorligi doirasida qator muhim qarorlar qabul qilingan. Jumladan: 

  • Covid-19’ning tarqalishi oldini olish bo‘yicha umumiy yondashuvni ishlab chiqish, kasallangan bemorlarni davolash va reabilitatsiya qilish, ilmiy tajribalar, dori vositalari va vaksinalarni yaratishdagi yutuqlar bo‘yicha o‘zaro ma'lumot almashish;
  • Kengashga 2020 yil 25 dekabrga qadar MDH davlatlarida o‘tkir respirator infeksiyalari va gripp bilan kasallanishning mavsumiy o‘sishi va aholi immunitetining holati to‘g‘risida tahliliy ma'lumotlarni taqdim etish;
  • MDH davlatlarining 2030 yilga qadar mo‘ljallangan iqtisodiy rivojlanish strategiyasi doirasida tibbiyot bo‘yicha belgilangan dasturlarni ishlab chiqish;
  • 2020-2024 yillarda onkologik kasalliklarga qarshi kurashish sohasidagi hamkorlik Konsepsiyasini amalga oshirish bo‘yicha hamkorlik qilish;
  • Kengashning navbatdagi yig‘ilishida MDH va Yevroosiyo onkologiya va rentgen radiologiyasi markazlari hamda institutlari direktorlari assotsiatsiyasi faoliyatini yanada kengaytirish;
  • Noinfeksion kasalliklarning oldini olish doirasida zararli oziq-ovqat mahsulotlari marketingini cheklash bo‘yicha idoralararo hamkorlik tajribasini ko‘rib chiqish;
  • Hamdo‘stlik davlatlari sog‘liqni saqlash tizimlarida AKTni keng joriy etish bo‘yicha tajriba almashish;
  • 2021 yilda MDH tashkil topganining 30 yilligi arafasida Belarus Respublikasi va O‘zbekistonda bo‘lib o‘tadigan 30dan ortiq tadbirlarda sog‘liqni saqlash vazirliklarining faol ishtirokini ta'minlash;
  • 2020 yil davomida Kengashning O‘zbekiston raisligida o‘tgan faoliyati yakunlari bo‘yicha natijalarni sarhisob qilish kabi muhim masalalar kun tartibida ko‘rib chiqildi.

Videokonferensiya yakunida 2021 yilgi rejalar ko‘rib chiqilib, Kengashning keyingi 33-yig‘ilishida muhokama qilinadigan masalalar belgilab olindi.

Mavzuga oid
Top