16:38 / 28.10.2020
3554

Toshkent-Dushanbe yo‘nalishidagi aviaqatnov keyingi yil boshiga qoldirildi

O‘zbekiston va Tojikiston hukumati poytaxtlar o‘rtasida parvozlar boshlanishining aniq sanasi to‘g‘risida qaror qabul qila olmaydi.

Oktabr oyining o‘rtalarida tomonlar 1 noyabrdan Dushanbe va Toshkent o‘rtasida parvozlarni tiklash imkoniyatini muhokama qilgandi, keyin ushbu muddat 1 dekabrga qoldirildi. Biroq, hozirda yangi muddat ko‘rib chiqilmoqda - 2021 yil 1 yanvar, deya xabar bermoqda «Aziya-Plyus» hukumatdagi manbasiga tayangan holda.

Ikki davlatda ham koronavirus pandemiyasi sababli yuzaga kelgan qiyin epidemiologik vaziyat rasmiylarga ushbu masala bo‘yicha tezkor va yakuniy qaror qabul qilish imkonini bermayapti, degan manba.

Shu bilan birga, Tojikiston Fuqaro aviatsiyasi agentligi Toshkentga parvozlarni tiklash uchun ruxsat oldi, ammo birinchi parvozning aniq sanasi va parvozlar jadvali noma'lum.

«O‘zbekistonlik hamkasblarning tegishli qarori ham bor, ammo aviaqatnov boshlanishining aniq sanasi hali noma'lum. Parvozlar boshlanishidan oldin barcha jihatlarni aniqlab olish kerak: qaysi aviakompaniyalar parvoz qiladi, qanday jadvalda, pandemiya bilan bog‘liq masalalar», - deya ta'kidlab o‘tgan agentlik vakillari. 

Shuningdek, yaqin kunlarda Tojikiston va O‘zbekiston aviatsiya ma'muriyatlarining tegishli masalalarni muhokama qilish uchun onlayn yig‘ilishi tashkil etilishi, unda birinchi parvoz sanasi va Dushanbe-Toshkent-Dushanbe yo‘nalishi bo‘yicha parvozlar jadvali tasdiqlanishi haqida xabar berildi. 

Top