20:24 / 29.10.2020
6801

XDP: Xalq taqdirini qanday o‘zgartirish mumkin?

Foto: O‘zXDP

Dunyodagi hozirgi yuksak ilmiy-texnologik taraqqiyot asosida insonning aql-zakovati natijasida yaratilgan yutuqlar turibdi. Shu ma'noda inson har qanday davlatdagi eng qimmatli kapital hisoblanadi. Qaysi davlatlar bu kapitalni rivojlantirish bo‘yicha to‘g‘ri strategiya belgilagan bo‘lsa, o‘z xalqining turmush farovonligini oshirishga erishmoqda.

Prezidentimiz O‘qituvchi va murabbiylar kuniga bag‘ishlangan tantanali marosimdagi nutqida ilgari surgan Uchinchi Renessans g‘oyasining zamirida intiluvchan, ijodkor, shijoatli yangi avlodni voyaga yetkazish, buning uchun qulay sharoit yaratib berishdek ezgu maqsad mujassamlashgan.

Xalqimiz turmushini yanada yaxshilaydigan, davlatimiz mavqeini oshiradigan, jahondagi ilg‘or qadriyatlarni barcha sohalarga olib kira oladigan yangi avlod kadrlari o‘z-o‘zidan yetishib chiqmaydi. Buning uchun ta'limga, tarbiyaga yondashuv konsepsiyasini tubdan o‘zgartirish talab etiladi. Keyingi yillarda amalga oshirilgan izchil islohotlar ushbu sohada yillar davomida to‘planib qolgan tizimli, aytish mumkinki, eski muammolarni tugatib, yangi davr poydevorini bunyod etish uchun mustahkam zamin yaratdi.

“Mamlakatimiz ta'lim-tarbiya tizimini yanada takomillashtirish, ilm-fan sohasi rivojini jadallashtirishga oid qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi Prezident farmoni loyihasida mazkur sohani natijadorlik nuqtai nazaridan yangi darajaga ko‘tarish nazarda tutilgan.

Xalq bilan muloqot tamoyiliga muvofiq ravishda loyiha keng jamoatchilik muhokamasiga taqdim etilishi, ushbu hujjat jamiyatdagi turli fikr hamda takliflar uchun ochiq ekani uning ijtimoiy, ma'naviy ahamiyatini yanada oshiradi.

Farmon loyihasida milliy ta'lim-tarbiya tizimini inson kapitalini rivojlantirishga yo‘naltirish, o‘quv dasturlarining dunyodagi ilg‘or me'yorlarga muvofiq keladigan yangi avlodini yaratish, ta'limda xususiy sektorga yo‘l ochish orqali ilmda raqobat muhitini yuzaga keltirish, pedagoglikka va ilm-fanga o‘zini bag‘ishlagan insonlarning jamiyatdagi mavqeini har tomonlama ko‘tarish, ayni vaqtda ularni zarur moddiy-texnik sharoit bilan ta'minlash bo‘yicha strategik vazifalar belgilanmoqda.

Loyiha Oliy Majlis Qonunchilik palatasi va mahalliy Kengashlarda soha fidoyilari, yetuk mutaxassislar, jamoatchilik vakillari ishtirokida keng muhokama etilmoqda. Shu o‘rinda demokratik qoidalarga rioya etish, ko‘pning fikri bilan ish tutish kabi muhim masalalarda davlatimiz rahbari barchamizga o‘rnak va namuna ko‘rsatayotganini ham alohida ta'kidlash joiz.

Maktabgacha ta'lim va maktab ta'limi, oliy va o‘rta maxsus ta'lim tizimi hamda ilmiy-madaniy muassasalarni bo‘lg‘usi Renessansning to‘rt uzviy halqasi, ota-onalar, ular timsolida jamoatchilik beshinchi halqa bo‘lishi kerakligiga urg‘u berilgan edi. Bu – ta'lim-tarbiyani jamiyat miqyosidagi strategik masalaga aylantirishda konseptual ahamiyatga ega.

Halqalarning bu tarzda uzviy bog‘lanishi va konseptual qo‘yilishi qanday samara beradi? Avvalo, ta'lim-tarbiya olish, ilm-fanga intilish bo‘yicha jamiyatimizda yangi muhit yuzaga kelishi ko‘zda tutilyapti.

Agar to‘rt halqa uzviy bo‘lib, beshinchi halqada xayrixohlik yetishmasa, ta'lim tizimi mamlakatda inson kapitalini rivojlantirishdek muhim missiyasini bajarishi qiyin bo‘ladi. O‘quvchi maktabdagi ta'limga, talaba oliygohdagi ilm-fanga chanqoqlik va intilish ishtiyoqiga eng katta rag‘batni ota-onasidan olishi kerak. Bordiyu ota-ona “o‘qigandan, ilmdan nima foyda?” kabi yoki shunga o‘xshash mazmunda munosabatda bo‘lsa, jamiyatdagi ta'lim, ilm-fan muhitini tubdan yangilash mumkin emas.

Ota-onalarning faol va xayrixoh munosabati yosh avlodning ichki ruhiyatini to‘g‘ri yo‘naltirishda asosiy manba bo‘lib xizmat qilishini hisobga olishimiz zarur.

Demak, ta'lim muassasalari, ota-onalar va keng jamoatchilik o‘rtasida hamkorlikni kuchaytirish masalasi mamlakatimizda ta'lim-tarbiya va ilm-fan sohalarini yanada rivojlantirishning asosiy yo‘nalishlaridan biri etib belgilanishi maqsadga muvofiq bo‘ladi.

Avvalgi davrlardagi turli omillar ta'sirida ota-onalar, mahalla maktabdan uzoqlashgan edi. Endi shunday bir rag‘bat, xayrixohlik mexanizmini yaratib, ularni maktabga, ta'limga yaqinlashtirishimiz kerak bo‘lyapti.

Ehtimol buning uchun ta'lim-tarbiya jarayonida faol hamkorlik qilib kelayotgan ota-onalarni, hech bo‘lmaganda, ma'naviy jihatdan qo‘llab-quvvatlash lozim. Chunki ular izlanuvchan va ishtiyoqli farzand o‘stirib, ta'lim-tarbiyaga munosib hissa qo‘shyapti. Bunday namunali ota-onalarni fazilatli kishilar sifatida jamiyatga o‘rnak qilib ko‘rsatish zarur.

Ta'lim bilan bog‘liq masalalar mahalliy Kengashlarda muhokama etilishi ta'lim-tarbiyaga davlatning turli tuzilmalari, jamoatchilik, butun jamiyat e'tiborini jamlashda samarali mexanizmlardan biriga aylanadi. Bu ta'lim ma'lum bir vazirlik va tashkilotlar ishi, degan noto‘g‘ri qarashni o‘zgartirishda o‘ziga xos ahamiyatga ega.

Ta'lim-tarbiyani umumjamiyat qayg‘uradigan ezgu va qizg‘in jarayonga aylantirsakkina, yangi Renessans uchun barpo etilayotgan poydevor mustahkam bo‘ladi.

Ulug‘bek Inoyatov,
Oliy Majlis Qonunchilik palatasidagi
O‘zXDP fraksiyasi rahbari

 

Top