21:37 / 31.10.2020
77733

Ular «eski O‘zbekiston» bo‘la turib «yangi O‘zbekiston»ni mag‘lub eta oldi – deputatlar UzAuto Motors’ning sudda yutgani haqida

Kecha, 30 oktabr kuni Toshkent shahar ma'muriy sudining hal qiluv qaroriga asosan, arizachi «UzAuto Motors» AJning javobgar Monopoliyaga qarshi kurashish qo‘mitasiga nisbatan Maxsus komissiyasining 21/31-sonli ish bo‘yicha 2020 yil 19 avgustdagi qarorini haqiqiy emas deb topish haqidagi shikoyat arizasi qanoatlantirildi

Jarayon yakuni jamoatchilik yuragining tub-tubidan istalgan emas, balki reallikdan kelib chiqqan holda kutilgan voqelik bo‘ldi. «UzAuto Motors» AJ Monopoliyaga qarshi kurashish qo‘mitasini sudda yutib chiqdi.

Sud natijasi e'lon qilingandan keyin Oliy Majlis qonunchilik palatasi deputati Rasul Kusherbayev unga o‘z munosabatini bildirdi.

«UzAuto Motors» va uni qo‘llab-quvvatlovchilarning harak(j)atlari zoye ketmadi. Ular shuni istashdi, shu bo‘ldi, ular «bo‘l» dedi, bo‘ldi, «bo‘lma», desa bo‘lmasdi.

Ularga qancha gul, pul, kuch, e'tibor kerak bo‘lsa hammasi muhayyo. Faqat odamlarning ishonchi va hurmatidan tashqari... Ammo ular uchun bir chaqalik qiymati yo‘q ishonch va hurmatsiz ham ular g‘olib, buyuk va tengsiz bo‘lib qolaverishlari mumkin. Chunki ular «eski O‘zbekiston» bo‘la turib «yangi O‘zbekiston»ni mag‘lub eta oldilar.

Xullas yangi O‘zbekistondagi «eski O‘zbekiston»ga «g‘alaba» muborak!», – deb yozdi u o‘z telegram kanalida.

Sud chiqargan yakuniy qarorga nisbatan qonunchilik palatasining boshqa bir deputati Doniyor G‘aniyev ham o‘z munosabatini yozdi.

Deputat jumladan, sudning bu qarori O‘zbekistonda monopoliyaga qarshi kurash, sog‘lom raqobat muhitini yaratish borasida aytilayotgan barcha gaplar, kutilayotgan islohotlar ildiziga bolta urdi deb hisoblashini bildirgan.

«Garchi bundan ancha oldin sud qarori «olib-sotar» «UzAuto Motors» foydasiga chiqishiga oid taxminlarni bir necha manbalardan eshitsam-da, lekin umidsiz shayton deya odil sudlov qaror topishiga oxirigacha umidvor edim. Afsus, ming afsus....», – deya postini yakunlagan G‘aniyev.

Top