19:02 / 01.11.2020
27553

«Bizdan go‘ng hidi kelyapti» - Senator tezak yoqayotgan onaxonning iltimosi haqida gapirdi

«Hududgazta'minot» senatorlar tanqidiga uchradi. Bosh vazir o‘rinbosari Senatga chaqiriladi.

Foto: Oliy Majlis Senat axborot xizmati

30 oktabr kuni Oliy Majlis Senatining Mudofaa va xavfsizlik masalalari qo‘mitasi majlisi bo‘lib o‘tdi. Unda tabiiy gaz quvurlari tizimining holati yuzasidan Vazirlar Mahkamasiga yuborilgan parlament so‘rovi natijalari muhokama qilindi.

Majlisda Senatning Mudofaa va xavfsizlik masalalari qo‘mitasi raisi Qutbiddin Burxonov aholiga gaz yetkazib berishdagi qator muammolarni sanab o‘tdi.

«Bugungi kunda «Hududgazta'minot» AJ tasarrufida respublika bo‘yicha jami 89 172,1 km gaz quvurlari mavjud bo‘lib, ushbu gaz quvurlarining 20 525,3 km qismi 10 yilgacha, 25 729,2 km qismi 1025 yilgacha, 42 917,5 km qismi esa 2530 yillar va undan ortiq muddat davomida foydalanib kelinmoqda.

Demak, shuncha yillardan beri markaziy tizim quvurlari almashtirilmagan. Bunga sabab nima? Aholi shuncha paytdan beri gazga pul to‘layapti, MIB to‘lamaganlarning avtomobiligacha olib qo‘ydi qarzdorlikni yopish uchun», – dedi Burxonov.

Senator Toshkent viloyatining O‘rta Chirchiq tumanida bo‘lgan voqea haqida so‘zlab berdi.

«O‘rta Chirchiq tumaniga borganimizda yoshi katta bir onaxon ayol oldimga kelib: «Yaqinroq kelib meni hidlang, men orqali butun ayollarni... Bizdan go‘ngning hidi kelyapti. Tezak yoqyapmiz. Xohlagan xonadoningizga kiring, ko‘ring», – dedi.

Mingdan ortiq odam bilan uchrashuv o‘tkazyapmiz. Trubalar bor, ilgari gaz bo‘lgan, hozir yo‘q... Murojaat qilsa: «Gaz mobodo uzilib qolsa (o‘zi bir necha yildan beri gaz umuman yo‘q), suyultirilgan gaz bilan ta'minlaymiz, 20 kg norma bor», deb javob beryapsizlar», dedi Senat qo‘mitasi raisi «Hududgazta'minot» mas'ullariga qarata.

Foto: Oliy Majlis Senat axborot xizmati

Burxonovning so‘zlariga ko‘ra, «Hududgazta'minot» AJ tomonidan 2020 yilda bor yo‘g‘i 68,4 km gaz tarmoqlari mukammal ta'mirlangan va 49,2 km rekonstruksiya qilingan. «O‘ztransgaz» AJ tasarrufidagi magistral gaz quvurlarining loyihalarida ko‘zda tutilgan 2 117 ta elektro-kimyoviy himoya stansiyalaridan, bugungi kunda faqatgina 1 097 tasi ishchi holatda, 761 tasi esa belgilangan talablarga umuman javob bermaydi.

«Eng achinarlisi, 25–30 yillik gaz quvurlarini almashtirish imkoni bo‘lmayotgan paytda, foydalanuvga yaroqli bo‘lgan gaz quvurlarini asrash choralari ko‘rilmagan.

Hududlardagi gaz rostlash punktlariga xizmat ko‘rsatuvchi chilangarlar shtat jadvali qisqartirilishi natijasida gaz rostlash punktlariga o‘z vaqtida texnik xizmatlar ko‘rsatilmayapti. Buning natijasida ortiqcha gaz sizib chiqyapti va taftish ishlari sifatsiz bajarilyapti. Gaz rostlash punktlarining aksariyat qismi nosozligi sababli respublika gaz tizimida ko‘plab tabiiy gaz yo‘qotishlari kuzatilmoqda. Oqibatda davlat budjetiga milliardlab zarar keltirilmoqda», – dedi Qutbiddin Burxonov.

Qo‘shimcha qilinishicha, «Hududgazta'minot» AJga qarashli shahar, tumangaz filiallarining moddiy-texnik bazasi to‘liq va zamonaviy asbob-uskunalar hamda maxsus texnika bilan ta'minlanmagan. Oqibatda respublika gaz tizimida sodir bo‘layotgan avariyalar o‘z vaqtida bartaraf etilmayapti.

Ma'lumot uchun, Senatning 2019 yil 12 oktyabrdagi qarori bilan, hukumatga tabiiy gaz quvurlari tizimining holati va ushbu sohaga oid qonun hujjatlarining ijro etilishi yuzasidan  parlament so‘rovi yuborilgan edi. Senatorlarning fikricha, ushbu so‘rovda ko‘tarilgan masalalar, muammo va kamchiliklarni bartaraf etish bo‘yicha hukumat qabul qilgan chora-tadbirlar dasturi ijrosini ta'minlashga yuzaki yondashilgan.

Qo‘mita navbatdagi yalpi majlis kun tartibiga bosh vazir o‘rinbosarining axborotini eshitish masalasini kiritish to‘g‘risida Senat Kengashiga taklif kiritish qaroriga keldi.

Top