23:24 / 03.11.2020
45165

Abduhakim Hojiboyev sog‘liqni saqlash vaziri etib tayinlandi

Abduhakim Xojiboyev O‘zbekiston sog‘liqni saqlash vaziri etib tayinlandi. Amrillo Inoyatov uning birinchi o‘rinbosari bo‘ldi.

3 noyabr kuni parlament deputatlari Hojiboyevni vazir lavozimiga ma'qulladi.

Prezident qarori bilan sog‘liqni saqlash vazirining birinchi o‘rinbosari lavozimida ishlab kelgan Hojiboyev Abduhakim Mo‘minovich sog‘liqni saqlash vaziri etib tayinlandi. Bu haqda SSV matbuot xizmati xabar bermoqda.

Tibbiyot fanlari doktori, professor Abduhakim Hojiboyev o‘z faoliyatini xirurglikdan boshlab, so‘nggi 20 yil davomida Respublika shoshilinch tibbiy yordam ilmiy markazi bosh direktori, Shoshilinch tibbiy yordam vrachlar assotsiatsiyasi raisi, sog‘liqni saqlash vaziri o‘rinbosari va uch bor sog‘liqni saqlash vazirining birinchi o‘rinbosari lavozimida ishlagan.

U 2003 yil «O‘zbekiston Respublikasida xizmat ko‘rsatgan sog‘liqni saqlash xodimi» unvoni hamda 2020 yil «El-yurt hurmati» ordeni bilan mukofotlangan.

Abduhakim Hojiboyevning o‘rniga sog‘liqni saqlash vazirining birinchi o‘rinbosari etib Inoyatov Amrillo Shodiyevich tayinlandi.

Amrillo Inoyatov bungacha prezidentning yoshlar, fan, ta'lim, sog‘liqni saqlash, madaniyat va sport masalalari bo‘yicha maslahatchisi o‘rinbosari vazifasida ishlab kelayotgandi.

Tibbiyot fanlari doktori, dotsent bundan avval Buxoro davlat tibbiyot instituti rektori lavozimida ishlagan.

  • Eslatib o‘tamiz, 2017 yil fevralidan buyon O‘zbekiston tibbiyotini boshqarib kelgan Alisher Shodmonov Toshkent tibbiyot akademiyasi rektori etib tayinlandi.
Mavzuga oid
Top