10:26 / 03.11.2020
14026

Katta sovrinlardan katta pullar sari. «Yuventus» qanday o‘zgarmoqda?

Bugungi katta, kuchli, e'tiborli «Yuventus» 2010 yilning may oyida, boshqaruvga Andrea Anelli kelganidan boshlandi. Avvalroq, klub V Seriyadan qaytgan, ichkaridagi turli mafiya o‘yinlaridan qutulayotgan, direktorlik uchun kurashlar avj olgandi.

FOTO: KEYSTONE PRESS AGENCY / GLOBAL LOOK PRESS

Anelli darhol qayta qurishga start berdi. Eng katta o‘zgarishlardan biri Beppe Marottaning kelishi bo‘lgandi. 2010 yilning oktabr oyida u «Yuventus» bosh direktoriga aylandi, 2011 yilning yozida esa Turinga chempionlik qaytdi. Hozirgacha chiqib ketgani yo‘q. 

Marotta Konteni taklif qildi, Pirlo va Vidalni sotib oldi. Ilk mavsumdayoq, «Yuve» mavsumni mag‘lubiyatsiz yakunladi. Yozda Pol Pogba tekinga qo‘lga kiritildi. Marottaning prinsipi shu edi – minimum xarajatlar va aniq nishonga uriladigan transfer maqsadlari. Shu tariqa, klub rivojlanib bordi, Italiyada birinchilardan bo‘lib, brend sifatida o‘zini qoplashni boshladi. «Bizga revolyutsiya emas, evolyutsiya kerak» – bu Beppe Morattaning sevimli iqtiboslaridan biri.

Beppe Moratta va Buffon

O‘ninchi yillarning o‘rtalariga kelib esa «Yuventus» endi Yevropaning Top-3 jamoalaridan biriga aylandi – uch yilda ikki marta Yevropa Chempionlar Ligasi finaliga chiqdi. Shundan so‘ng, ya'ni 2017-18 yillardan boshlab esa klub yana o‘zgara boshladi – endi boshqa yo‘nalishda.

«Klub katta bo‘lib ketdi»

 Anelli shu qarorga keldi: klub nafaqat Chempionlar Ligasi finallarida o‘ynashi, balki kompaniya sifatida ham kengayishi, chinakamiga katta klubga aylanishi va pul olib kelishi kerak. Avval, klub emblemasining o‘ziga xos tarzda o‘zgartirilishi, keyinchalik, libosdagi an'anaviy «yo‘l-yo‘l»lardan voz kechilishi, stadion nomi sotilishi bilan davom etdi.

Yana bir muhim qadam – Krishtianu Ronalduning transferi. Bu nafaqat katta marketing yurishi, balki butun Yevropaga «biz kimni istasak, sotib olamiz» shaklidagi bayonot edi. Yakunda Marotta bilan ham xayrlashildi – endi klubga foydali transferlar, pulni iqtisod qilish va natijalarga yo‘nalish olish shart emas.

Marotta ketishidan besh kun oldin u FIFA talqiniga ko‘ra eng yaxshi menejyer sifatida e'tirof etilgandi. «Biz Anelli bilan kelisha olmay qoldik. U oxirgi sakkiz yilda klubning o‘sishi bilan shug‘ullandi. Balkim endi «Yuventus» haddan tashqari o‘sib ketgandir», dedi Beppe ketar chog‘ida.

Haqiqatan ham so‘nggi yillarda «Yuventus» eng tijoriy klublardan biriga aylanib bormoqda. Rasmiy saytlarda, bayonotlarda biz «Yuventus – bu biznes» qabilidagi iqtiboslarni ko‘p ko‘rmoqdamiz. Marotta ham albatta, klubga pul olib kelar, uni rivojlantirardi, ammo hammasi futbol o‘yinining ichkarisida ro‘y berardi: foydali transferlar, maqsadli va rejalashtirilgan xarajatlar orqali. Endi bu klub uchun kam bo‘lib qoldi, «Yuventus» endi Vudvordning «Manchester Yunayted»i tomon harakatlanayotgandek.

Andrea Anelli

Futbolchi murabbiyga mos emasmi? Farqi yo‘q.

Marottaning ketishi ayniqsa Allegriga qattiq ta'sir qilgandi. U endi klubda haqiqiy ishchi munosabatlarga ega bo‘lgan inson bilan, boshqacha qilib aytganda, har doim murabbiyni tushunadigan va quvvatlaydigan Marottadan ajralgandi.

«Rostini aytsam, bu men uchun shok. U «Yuventus»ni g‘olib klubga aylantirgandi. U Yevropada eng yaxshi boshqaruvchi. Nima deyishga hayronman» – degandi bosh murabbiy.

Marottasiz va Krishtianu bilan Allegri o‘zining Turindagi eng yomon mavsumini o‘tkazdi. Manbalarning aytishicha, Allegrining klub ichkarisidagi avtoriteti tushib ketgan, endi uning transferlarni nazorat qila olmasligi badtar jahlini chiqarardi.

Bu maydon tashqarisidagi ishlar bo‘lsa, futbolda ham yanada sezila boshladi. Allegri jamoadan maksimum foydalana olmay qoldi, buning ustiga u Ronalduni o‘z qolipiga tushira olmas, ushbu yulduzga o‘z sxemalarini moslashtirishga majbur bo‘lib qolayotgandi.

Buning ustiga, klub Yevropa uchun yanada o‘ziga jalb qilishni istar, Allegrining pragmatik futboli bunga mos kelmasdi. Qandaydir zavqliroq, urfga aylanayotgan nimadir kerak bo‘lganida Sarri varianti paydo bo‘ldi. Maydonda tashabbuskor, hujumkor, jozibador futboldek tuyulardi Sarrining qarashlari.

Bu «Yuventus»ning eng katta xatolaridan biri edi va aytish mumkinki, Marotta hech qachon bunday ish qilmasdi. Sababi, Sarrining sistemasi Ronalduning uslubiga umuman mos kelmasligi ayon edi. Ya'ni klub futbol nuqtayi nazaridan ikki teskari yo‘lni birlashtirib, orqaga katta qadam tashlagandek.

Pirlo qanchalik to‘g‘ri qaror?

Bir mavsumdan keyin «Yuventus» Sarrini iste'foga chiqardi. Avvalgi uslubga, pragmatizm va jozibasizlikka qaytishdan mantiq yo‘q. Ronaldu borligi uchun tashabbuskor, pressingni xush ko‘ruvchi murabbiy ham to‘g‘ri kelmaydi. Nima qilish kerak?

Hech qanday top-klub hech qachon amalga oshirmagan qarorga kelindi. Jamoaga umrida hech qachon, hatto yosh bolalarni ham shug‘ullantirmagan inson bosh murabbiy etib tayinlandi. Bir tarafdan qaraganda, juda ahmoqona qarorga o‘xshaydi: Sarri ketgan, koronainqiroz davri, aytarli nomzod ham yo‘q. Ammo Pirlo varianti o‘ylangan reja ekanini quyidagi asoslardan bilish mumkin:

  • Tajribasiz murabbiyni tayinlash, o‘ziga yarasha jasorat. Bu esa «Yuventus»ning yangi imijlaridan biri. Va o‘ziga yarasha qiziq: yosh murabbiyning o‘z uslubini topib borishi, jarayon.
  • Yevropadagi o‘ziga yarasha trendga javob berish: Gvardiola, Zidan, Lempard, Sulsher kabi afsonalar klublar boshiga kelishyapti. Pirlo esa butun dunyo yoqimtoyi.

  • Sarridan keyin «Yuventus»ning xato qilishga haqqi yo‘q edi. Qatorasiga ikki marta adashish klub reputatsiyasiga zarba bo‘lardi. Shuning uchun ham o‘ziniki bo‘lgan yosh murabbiyga imkon berish mag‘lubiyatsiz variant. O‘xshamasa, tabiiy, Pirlodan nima chiqishini qayerdanam bilardik? O‘xshab qolsa, qoyil, biz futbolda daholarmiz.
  • Pirloning rejalariga ko‘ra, uning jamoasi eng hujumkror, jozibali va zamonaviy futbol o‘ynashi kerak. U bu haqida ko‘p gapirmoqda. Bosslarga esa bu yoqadi. Albatta, hozircha hammasi Pirloning orzularida, maydonga ko‘chgani yo‘q.

Shunchaki fakt, o‘sha 2016/17 yildagi finaldan so‘ng, «Yuventus» boshqa o‘sha darajaga yetib bormadi. Biror marta yarimfinalga ham chiqmadi. Ammo ishonch bilan futboldagi eng katta biznes-imperiyalar beshligiga kirdi. Shuning uchun ba'zida klubda futbol natijalariga zarar beradigan, ammo katta pul olib keladigan qarorlar qabul qilinsa, ajablanib o‘tirmang.

Yana shu tarafdan Pirlo mos keladiki, uni osonlik bilan bo‘shatib yuborish ham mumkin. Agar natijalar yaxshi bo‘lmasa. Gvardiolaning «Siti» bilan shartnomasi esa kelayotgan yozda o‘z yakuniga yetadi. Balki Anelli boshidan bu variantni o‘z miyasida pishitib qo‘ygan va shuning uchun katta maosh oluvchi elita murabbiyni tayinlamagandir? Pep Gvardiolani esa «Yuventus» anchadan beri orzu qilmoqda. Futbolda qanday bo‘ladi noma'lum, ammo e'tibor, jozibadorlik Ronalduning transferidan kam bo‘lmaydi. Ayni muddao.

Mavzuga oid
Top