08:37 / 05.11.2020
8570

Davlat soliq qo‘mitasi huzurida Fiskal institut tashkil etildi  

Moliya va soliq sohasida kadrlarni tayyorlash, qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirishning zamonaviy tizimini yaratish maqsad qilingan.

Prezident “O‘zbekiston Respublikasi Davlat soliq qo‘mitasi huzurida Fiskal institutni tashkil etish to‘g‘risida”gi qarorni imzoladi. Hujjat matni O‘zA tomonidan e'lon qilindi.

Davlat soliq qo‘mitasi huzuridagi Malaka oshirish markazi negizida Davlat soliq qo‘mitasi huzurida Fiskal institut tashkil etildi.

Institutda kadrlar tayyorlash tizimini rivojlantirishning ustuvor yo‘nalishlari sifatida quyidagilar belgilandi:

soliqqa tortish va moliyaviy nazorat sohalari uchun bakalavriat va magistratura yo‘nalishlari bo‘yicha kadrlarni kredit-modul tizimi asosida tayyorlash, qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirish ishlarini takomillashtirish;

kadrlar tayyorlash borasida xorijiy davlatlarning soliq organlari va o‘quv muassasalari bilan tajriba almashishni kengaytirish hamda qo‘shma ta'lim dasturlarini amalga oshirish, o‘quv-ta'lim jarayoniga xorijiy olimlar va mutaxassislarni faol jalb qilish;

budjet daromadlarini shakllantirishda davlat manfaatlarini hamda soliq to‘lovchilarning huquqlarini ta'minlay oladigan kadrlarni tarbiyalash;

soliq organlari uchun ilg‘or axborot-kommunikatsiya texnologiyalari va avtomatlashtirilgan tahlil uslublari bilan ishlash ko‘nikmasiga ega bo‘lgan mutaxassislar tayyorlash tizimini yo‘lga qo‘yish;

soliqqa tortish hamda moliyaviy nazorat sohalarida amaliy va fundamental ilmiy tadqiqotlar olib borish natijasida innovatsion loyihalarni joriy etishni kengaytirish;

malakali kadrlar tayyorlashni buxgalteriya hisobi va moliyaviy hisobotning zamonaviy usullari, xalqaro soliqqa tortish, transfert narxlarni belgilash, tavakkalchiliklarni tahlil qilish, biznes-tahlil texnologiyalari (Business Intellegence) va soliq ma'muriyatchiligida ilg‘or axborot texnologiyalarini (Big Data) qo‘llash asosida tashkil etish;

o‘quv jarayonida o‘qitishning zamonaviy shakl va metodlari, shu jumladan, pedagogik va axborot texnologiyalarini, masofaviy ta'limni, o‘qitish va treninglarni interfaol hamda muammoli-vaziyatli uslublarini keng joriy etish, talaba, tinglovchi va pedagog kadrlarning global axborot-huquqiy hamda ta'lim resurslaridan foydalanish imkoniyatlarini kengaytirish.

Belgilab qo‘yilishicha, Institut:

soliqlar va soliqqa tortish sohasi uchun oliy ma'lumotli mutaxassislar va ilmiy kadrlarni tayyorlash, qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirish bo‘yicha tayanch oliy ta'lim muassasasi;

moliyaviy nazorat va audit hamda soliq, moliya va tijorat huquqi, shuningdek, iqtisodiyotda axborot texnologiyalari sohalarida kadrlar tayyorlash va yuqori darajada fundamental hamda ilmiy-amaliy tadqiqotlar olib borilishini ta'minlaydigan oliy ta'lim muassasasi hisoblanadi.

Davlat soliq qo‘mitasi, Oliy va o‘rta maxsus ta'lim vazirligining 2020/2021 o‘quv yilidan boshlab Farg‘ona va Toshkent soliq kollejlarini Institut huzuridagi Farg‘ona va Toshkent soliq texnikumlari etib qayta tashkil qilish to‘g‘risidagi taklifiga rozilik berildi.

Davlat soliq qo‘mitasi huzuridagi Malaka oshirish markazining Toshkent shahar, Uchtepa tumani Kichik halqa yo‘li, 3-uydagi binolari Institutga operativ boshqarish huquqi asosida beriladi.

Top