19:20 / 07.11.2020
9002

Lukashenko Litva va Polshani muloqotga qaytishga chaqirdi

Lukashenko Belarus Litva va Polsha bilan hamkorlikka tayyor ekanligini ta'kidladi.

Foto: RIA Novosti

Belarus prezidenti Aleksandr Lukashenko Litva va Polsha rahbariyatiga ziddiyatni to‘xtatish va o‘zaro muloqotga qaytish chaqirig‘i bilan chiqdi.

“Litva rahbariyatiga yana bir bor murojaat qilmoqchiman: keling, do‘st bo‘lib yashaylik. Polsha rahbariyatiga ham shuni aytmoqchiman: hech narsaga erisha olmaysizlar. Biz tiz cho‘kmaymiz. Yolg‘iz qolsak ham javob qaytaramiz. Ular buni tushundi deb o‘ylayman. Keling, birga ishlaylik, biz ochiq hamkorlikka tayyormiz”, – dedi u.

Lukashenko Litvada Ignalinsk AESi ishlaganida Belarus hech qanday e'tiroz bildirmagani, u yopilgach esa mutaxassislarning bir qismini Belarusda quriladigan AESga ishga joylashtirishni taklif qilganiga e'tibor qaratdi.

Uning qayd etishicha, tashqaridan bo‘lgan bosim tufayli Litva Belarus AESi qurilishiga qarshi chiqmoqda.

Avvalroq Litva prezidenti YeIni Belarus AESida ishlab chiqarilgan elektr energiyasini sotib olmaslikka chaqirgandi.

Litvaning ta'kidlashicha, BelAES loyihasi yadro energetikasi sohasidagi xalqaro talablar buzilgan holda amalga oshirilgan. Litva parlamenti mazkur AESni milliy xavfsizlikka tahdid deb e'lon qildi hamda u yerda ishlab chiqarilgan elektr energiyasini sotib olish hamda elektr tarmoqlari orqali o‘tkazishni taqiqladi.

Mavzuga oid
Top