17:52 / 08.11.2020
29022

Virusologiya instituti bosh vrachi - 15 mart xotiralari, ruhan toliqish va shifokor baxti haqida

Kun.uz noyabr oyining ikkinchi yakshanbasi – tibbiyot xodimlari bayrami munosabati bilan Toshkentdagi Virusologiya ilmiy tekshirish instituti bosh shifokori, tibbiyot fanlari doktori Muhayyo Asilova bilan intervyu tashkil etdi.

Suhbat davomida Muhayyo Asilovadan O‘zbekistonda koronavirus aniqlangan dastlabki kunlar va oylab uyga bormay karantin sharoitida faoliyat yuritishning mashaqqatlari haqida so‘radik.

«Uydan chiqib ketayotganimda nevaram 7 oylik edi. Qaytsam, u bir yoshdan oshgan, ancha katta bo‘lib qolgan», – deydi shifokor.

«Birinchi bemorning oldiga dastlab yolg‘iz kirishimga to‘g‘ri keldi»

— Hozir 8 oy oldin bo‘lgan hodisani eslasam... 15 mart, soat [tungi] 3. Menga telefon qilishyapti: «Opa, bizda COVID-19 uchun musbat natija chiqdi. Nima qilamiz?»

Bir vaqtning o‘zida ham vahima, ham javobgarlik paydo bo‘ldi. Chunki o‘sha vaqtda bizda, Virusologiya ilmiy-tekshirish institutida 190 nafar kasal yotgandi. Ularning ichida diareya, OIV, jigar sirrozi bilan kasallanganlar bor. COVID-19 kasalligi aniqlangan bemorni soat 3da aytishgan bo‘lsa, uni kechqurun 12da olib kelishgan va yotqizishgan. Unda musbat bo‘ladi degan ehtimoli bor edi va bu tasdiqlanganidan keyin bizdagi alohida bo‘limga o‘tkazilgan.

Ertalab kirib keldim. Bu yerda davolanayotgan 190 bemorni tarqatish kerak bo‘lyapti. Ularning hammasiga to‘g‘ri tushuntirishimiz, «COVID-19 bilan kasallangan birinchi bemor shifoxonamizga olib kelindi, endi sizlarni chiqarib yuborishimiz kerak», deyishimiz kerak. Kasallar orasida bir kun oldin yotgani bor, hali tuzalmaganlari bor. Ularning hammasini tarqatib, kasallar uchun boshqa bo‘limlarni tayyorlashimiz kerak...

Eng qizig‘i, ertalab COVID-19 bo‘lgan kasalning oldiga kirib kelayotganimda mendan xodimlar bemorning oldiga kirasizmi, deb so‘rashdi. «Men kirmasam, sizlar kirasizlarmi?» deb ulardan so‘radim. Ularda ham qo‘rquv bor, ular ham qo‘rqishyapti. Butun dunyoda vahima bo‘lyapti. Shunday qilib, maxsus kiyimlarning hammasini kiyib xonaga kiryapman. Qarasam, yonimda hech kim yo‘q... (kuladi)

Keyin sal vaziyatga moslashib, boshqa shifokorlar ham kirishdi. U paytda hali o‘zimizda tajriba yo‘q, faqat Xitoy tajribasiga qarashimiz mumkin edi. Davolash uchun ham hozirgi kabi mukammal sharoitlar yaratilmagan edi.

Birinchi bemorning oldiga kirganimizda, ko‘zlarida shunchalik qo‘rquv bor edi. O‘zlari ham shifokor bo‘lganlari uchun virusga oid chet el ma'lumotlarini olganlar. Shuning uchun endi pnevmoniya bo‘lamanmi, oilam nima qiladi, degan hadik bor edi. Kirishim bilan mendan suv so‘rab, endi oilam nima qiladi, deb so‘radilar. Chunki oilalarida ko‘pchilik virus yuqtirgan edi. Ularda ham boshida biroz vahima bo‘ldi, 1-2 kundan keyin esa o‘zlariga kelishdi.

Bh_MXLDpzSfqam6V4gT0Xl6BfyImN7J5.jpg (1280×720)

Bitta narsa hech esimdan chiqmaydi. Prezidentimiz birorta o‘lim bo‘lmasligi uchun harakat qilishimiz, har bir kasalga e'tiborni kuchaytirishimiz kerak, o‘lim bo‘lmasligi kerak, deganlari hech esimdan chiqmaydi.

«Toshkent shahrida iyul oyi juda ham og‘ir keldi»

— Dastlab mart oyida asosiy qiyinchilik tashkiliy masala bo‘ldi. Men o‘ylaymanki, bizning eng katta yutug‘imiz o‘z vaqtida karantin qilingani bo‘ldi.

Hammaga ma'lumki, Toshkent shahrida iyul oyi juda ham og‘ir keldi. Asosiy og‘ir kasallarga kislorod juda ham kerak. Shunaqa paytda Yunusobod hokimiyati tomonidan kislorod nuqtalari ko‘paytirib berildi. Bundan tashqari, homiylar 8ta nuqtamizni 40tagacha ko‘paytirib berishdi. Bu esa juda ham kerak edi.

15 martda kasalning oldiga kirib chiqqandan keyin uyga borish to‘xtatildi. Aynan iyulning oxiri va avgustning boshlari eng og‘ir vaqt bo‘ldi.

«Shu paytgacha hech bunaqa holatga tushmaganmiz»

— Uydan chiqib ketayotganimda nevaram 7 oylik edi. Qaytsam, u bir yoshdan oshgan, ancha katta bo‘lib qolgan. Toshkentda bo‘lsangiz ham uyga borolmaysiz, ularni bag‘ringizga bosolmaysiz. Shu paytgacha hech qachon bunaqa holatga tushmaganmiz.

Lekin biz jamoa bilan astoydil chin yurakdan ishladik. Shaxsan o‘zim ertalab kirib ketardim, soat 14, 15 yo 16gacha ham qolib ketardim. Bu birinchi tekshiruv edi. Har bir kasalni ko‘rib, ularning tepasida o‘tirib, hammasini ko‘rib chiqardik-da, keyin tushlik qilib, tushlikdan keyin yana soat 18larda kirib ketib, soat 24gacha qolib ketardik.

Albatta, bu ayniqsa yoz paytida qiyin bo‘ldi. Chilla vaqtida kombinezon, niqob, respiratorda, qo‘limizda 2tadan qo‘lqop bilan qiyin bo‘ldi. Lekin shuni aytishim mumkinki, men karantinda ishlagan shu 6 oy davomida menga virus yuqmadi. Sentabr oyiga kelib, nevaram maktabga bora boshlaganda o‘sha yerdan yuqtirib oldi, kelib menga ham yuqtirdi (kuladi).

«Shifokorlarning ruhan tiklanishi oson bo‘lmayapti»

— Bilasizmi, COVID-19ga chalingan og‘ir kasallarni, vafot etganlarni ko‘rib, ruhan juda ham ezilasiz. U yerdan chiqqandan keyin shifokorning ruhan tiklanishi oson emas. Bu shunaqa qiyin edi... Kechqurunlari xudodan so‘rardim. Ey xudo, avvalambor, xodimlarimga hech narsa qilmasin, hech qachon qatorimizdan xato bo‘lmaylik, har bir kelgan bemorimizning oldida yuzimizni yorug‘ qilgin, derdim.

Lekin qo‘limizdan kelganicha harakat qilsak ham, afsus, o‘limlar bo‘ldi. Ammo nisbiy darajada eng kam o‘lim ko‘rsatkichi bizning institutimizda bo‘ldi.

Shifo topgan bemorlar, bilasizmi, shunaqa iliq so‘zlar aytishadi. «Onajon, siz meni hayotga qaytardingiz, yaxshiyam sizni qo‘lingizga tushdik…» Bularni eshitish biz uchun juda katta baxt. Ortga qaytish imkoni bo‘lganida, qaysi kasbni tanlarding deyishsa, faqat shifokor bo‘laman degan bo‘lardim.

Virusologiya instituti koronavirusdan boshqa bemorlarni ham qabul qila boshladi

— 1 noyabrdan boshlab biz o‘z faoliyatimizga qaytdik, chunki poytaxtda bemorlar soni ancha kamaydi. Epidemiologik vaziyat yaxshilandi.

Lekin shuni ta'kidlab o‘tmoqchimanki, hali xotirjamlikka ancha erta.

Jamshidxon Ziyoxonov suhbatlashdi.

Mavzu
Koronavirus O‘zbekistonda
15 mart kuni O‘zbekistonda koronavirusga chalingan ilk bemor aniqlandi.
Barchasi
Top