18:50 / 11.11.2020
7916

Erdo‘g‘an Turkiya Tog‘li Qorabog‘dagi vaziyatni nazorat qilish bo‘yicha Rossiya bilan kelishuvga erishganini ma'lum qildi

 Erdo‘g‘anning so‘zlariga ko‘ra, Turkiya Qorabog‘ bo‘yicha kelishuvga rioya etilishini kuzatish va nazorat qilish uchun tashkil etiladigan tinchlikparvar kuchlarda Rossiya bilan birga ishtirok etadi.

Foto: Reuters

Turkiya prezidenti Rajab Toyyib Erdo‘g‘an Tog‘li Qorabog‘da o‘t ochishni to‘xtatishni nazorat qilish qo‘shma markazi bo‘yicha Rossiya-Turkiya bayonnomasi imzolanganini ma'lum qildi. Bu haqda Anadolu agentligi xabar berdi.

"Turkiya Qorabog‘ bo‘yicha kelishuvga rioya etilishini kuzatish va nazorat qilish uchun tashkil etiladigan tinchlikparvar kuchlarda Rossiya bilan birga ishtirok etadi. Bugun ertalab Tog‘li Qorabog‘da o‘t ochishni to‘xtatish rejimini nazorat va monitoring qilish bo‘yicha Turkiya-Rossiya markazini tashkil etish to‘g‘risida bayonnoma imzolandi", - dedi Erdo‘g‘an.

 Uning so‘zlariga ko‘ra, ushbu markaz vositasida o‘t ochishni to‘xtatish rejimi buzilishining oldini olish bo‘yicha barcha qadamlar muvofiqlashtiriladi.

"Markaz Ozarboyjon ozod qilgan hududlarda tashkil etiladi. Shu bilan amalda va yuridik jihatdan Ozarboyjon yerlari, jumladan Tog‘li Qorabog‘ning 28 yillik okkupatsiyasi nihoyasiga yetadi", - dedi Turkiya prezidenti.

 10 noyabrga o‘tar kechasi Ozarboyjon prezidenti Ilhom Aliyev, Armaniston bosh vaziri Nikol Pashinyan va Rossiya prezidenti Vladimir Putin Tog‘li Qorabog‘dagi barcha jangovar harakatlarni to‘liq to‘xtatish haqida uch tomonlama bayonot qabul qildi.

  Ushbu bayonotga ko‘ra, Ozarboyjon va Armaniston tomonlari hozirda egallab turgan joylarida qoladi. Tog‘li Qorabog‘dagi tutashuv chizig‘i va hududni Armaniston bilan bog‘lovchi yo‘lak bo‘ylab Rossiyaning tinchlikparvar kuchlari joylashtiriladi.

Mavzu
Qorabog‘ urushi
12 iyul kuni Ozarboyjon shimoli-g‘arbidagi Tovuz viloyati hududida ikki davlat qo‘shinlari o‘rtasida to‘qnashuv sodir bo‘ldi.
Barchasi
Mavzuga oid
Top