17:05 / 11.11.2020
6968

Murg‘akkina o‘g‘lim ko‘z oldimda so‘lib bormoqda – musofirlikda qolgan ota nolasi

Inson hayoti davomida ko‘plab qiyinchiliklarga, sinovlarga duch kelishi mumkin. Alloh bizni turli yo‘sinda sinab ko‘rarkan: kimnidir dard bilan, kimnidir boylik bilan, yana kimnidir baxt bilan... Inson shu qiyinchiliklarni yengib o‘tsa, albatta, mukofotini oladi.

 Bizning bugungi qahramonimiz jajjigina Mirodiljon endigina 4 yoshni qarshilagan. Bolakayning hayoti, bolalik damlari tengdoshlari bilan bolalar o‘yingohlarida emas, balki jarrohlik stolida o‘tmoqda. U bugun yordamga nihoyatda muhtoj.

 – O‘g‘lim Mirodil Mirabdullayev endigina 4 yoshligiga qaramay, boshidan 3 marta jarrohlik amaliyotini o‘tkazdi. Uning boshida o‘simta mavjud. Jajjigina bolamni bu dard kundan-kunga yengib bormoqda, – deydi Mirodilning otasi Mirzohid.

O‘g‘lim birinchi amaliyotni 2018 yilda, Toshkentda, neyroxirurgiya shifoxonasida o‘tkazdi. Boshidagi o‘simtani olib, shunt qo‘yishdi. O‘simta yana qayta o‘sib chiqdi. Shundan so‘ng 2020 yil 3 iyunda qaytadan jarrohlik amaliyoti o‘tkazishdi. Allohning sinovimi, o‘g‘limga bularning foydasi bo‘lmadi. 2020 yil 27 avgustda Mirodil yana jarrohlik stoliga yotishga majbur bo‘ldi. Bularning birortasi ijobiy ta'sir qilmadi. O‘simta o‘sishda davom etaverdi. Doktorlar bizga Hindistonga borib, operatsiya qildirishni, kimyoviy terapiya olishni maslahat berishdi.

Biz ko‘pchilikning yordami bilan Hindistonga keldik. Mirodilning ahvoli birdan og‘irlashib qoldi. Miyasida suyuqlik paydo bo‘libdi, boshida kuchli og‘riq bor, uxlamaydi, ovqat yemaydi, faqat yotadi. O‘g‘limning bu holini ko‘rib, ezilyapman, pulim bo‘lganida allaqachon bolamni davolatgan bo‘lardim. Doktorlar zudlik bilan shuntni almashtirish kerak, ishdan chiqibdi, deyishdi. Yig‘ilgan pul shu amaliyotga ketdi. Endi asosiy operatsiyani qildirmasak, Mirodilning yashab ketishidan umid yo‘q, deyishyapti. O‘zga yurtda chorasiz qoldik, qarzga botib ketdik. So‘nggi umidimiz shu amaliyotdan. Endigina 4 yoshga kirgan bolajonimni yashashini istayman... Yaxshi insonlar, iltimos Mirodilimga yordam bering, – dedi otasi zorlanib.

Mirodil Mirabdullayevga oid ma'lumotlar:

O‘zkard: 8600 0424 2952 3144 (Agrobank, onasi Muhayyo Hamidova nomida)

Visa: 4231 2000 0087 8065 (amakisi Mirjalol Mirhaydarov nomida)

Sberbank: 4817 7601 5519 8181 (qarindoshi Shuhratjon Mahmudaliyev nomida)

Paynet uchun: +998908559963

Agar Mirodil zudlik bilan operatsiya qilinmasa, uning hayoti katta xavf ostida qoladi. Bir oila murg‘akkina farzandidan ayrilishi mumkin. Saxovatli insonlar oramizda bor albatta. Mittigina jussasiga shuncha azob chekayotgan, ayni paytda musofirlikda chorasiz qolib ketgan Mirodilga yordam berishingizga ishonamiz.

 Abror Zohidov.

Mavzu
Xayriya aksiyasi
KUN.UZ sayti yordamga muhtoj insonlarga ko‘mak berish niyati bilan qator xayriya aksiyalarini tashkil etib kelmoqda.
Barchasi
Mavzuga oid
Top