20:28 / 12.11.2020
26919

1-kurs talabalari uchun kontrakt to‘lashning oxirgi kuni 1 dekabr etib belgilandi

O‘qishini ko‘chirgan yoki tiklagan abituriyentlar ham qishgacha kontraktning kamida chorak qismini to‘lashlari lozim.

Davlat qabul komissiyasining 7-son bayoni qabul qilindi. Unga ko‘ra:

  • O‘qishga to‘lov-kontrakt asosida tavsiya etilgan abituriyentlar va o‘qishini ko‘chirgan (tiklagan) talabalar uchun kontrakt to‘lash muddati 1 dekabrgacha uzaytirildi;
  • Mehribonlik uyi va Bolalar shaharchasining bitiruvchilari bo‘lgan 101 nafar chin yetim abituriyent davlat granti asosida o‘qishga qabul qilindi;
  • Yangi ochilgan Andijon iqtisodiyot va qurilish institutiga 2020/21 o‘quv yilida bazaviy to‘lov-kontrakt asosida o‘qishga qabul qilish parametrlari tasdiqlandi.

Andijon iqtisodiyot va qurilish institutiga vodiyning uch viloyatida doimiy ro‘yxatda turuvchi, respublika OTMlariga yuqoridagi jadvalda keltirilgan ta'lim yo‘nalishlaridan birini birinchi yo‘nalish sifatida tanlab, testdan yiqilgan, lekin 56,7 va undan yuqori ball to‘plagan abituriyentlar kontrakt asosida qabul qilinadi.

Institutga 375ta kvota ajratilgan. DTM ushbu 375 talabani aniqlash uchun abituriyentlar to‘plagan ballarning ketma-ketligi asosida ro‘yxat tuzadi.

  • Toshkent davlat agrar universiteti Samarqand filialiga bu yilgi qabul tartibi ham belgilandi. Unga ko‘ra, filial bakalavriatiga respublika OTMlariga mazkur filialda mavjud yo‘nalishlardan birini birinchi sifatida tanlab, o‘qishga kira olmagan, lekin to‘plagan balli 68,0 (to‘lov-kontrakt uchun 56,7 ball) va undan yuqori bo‘lgan 475 nafar abituriyent qabul qilinadi.

Filial magistraturasiga kirish uchun hujjatlar 14-24 noyabr kunlari qabul qilinadi. Kirish imtihonlari 26-30 noyabrga belgilandi.

Eslatib o‘tamiz, Qoraqalpog‘iston Respublikasining Mo‘ynoq, Taxtako‘pir va Qorao‘zak tumanlaridan bo‘lgan abituriyentlar uchun ham qo‘shimcha qabul e'lon qilingan.

Top