17:02 / 12.11.2020
8661

Rossiya va Turkiya Qorabog‘ masalasida turlicha qarashlarga ega - Peskov

 Peskov Tog‘li Qorabog‘da Turkiya tinchlikparvar kuchlari joylashtirilishi uchun Yerevan va Bokuning roziligi lozimligini qayd etdi.

Foto: DPA

Tog‘li Qorabog‘ nizosini hal qilish borasida Rossiya va Turkiya turlicha qarashlarga ega, dedi Rossiya prezidentining matbuot kotibi Dmitriy Peskov.

Uning so‘zlariga ko‘ra, YeIning qator mamlakatlari, BMT va Rossiya nizoni siyosiy-diplomatik usullar bilan hal qilish tarafdori, "Turkiya esa boshqacha nuqtai nazarda".

U Tog‘li Qorabog‘da tinchlikparvar kuchlar faqat rossiyaliklar bo‘lishini ta'kidladi.

"Tinchlikparvar kuchlar sifatida faqat rossiyaliklar faoliyat ko‘rsatadi, turkiyalik harbiylar bilan hamkorlik esa faqat Ozarboyjon hududida joylashgan monitoring markazi doirasida bo‘ladi", - dedi Peskov.

U Tog‘li Qorabog‘da Turkiya tinchlikparvar kuchlari joylashtirilishi uchun Yerevan va Bokuning roziligi lozimligini qayd etdi.

CNN Turk telekanalining xabar berishicha, Turkiya mudofaa vaziri Xulusi Akar Anqara Tog‘li Qorabog‘da tinchlik kelishuviga amal qilinishini kuzatish va nazorat qilish uchun o‘z tinchlikparvar kuchlarini yuborishini ma'lum qilgan.

Avvalroq Turkiya prezidenti Rajab Toyyib Erdo‘g‘an Tog‘li Qorabog‘da o‘t ochishni to‘xtatish rejimini nazorat va monitoring qilish bo‘yicha Turkiya-Rossiya markazini tashkil etish to‘g‘risida bayonnoma imzolanganini ma'lum qilgandi.

Mavzu
Qorabog‘ urushi
12 iyul kuni Ozarboyjon shimoli-g‘arbidagi Tovuz viloyati hududida ikki davlat qo‘shinlari o‘rtasida to‘qnashuv sodir bo‘ldi.
Barchasi
Mavzuga oid
Top