15:38 / 13.11.2020
5023

Komil Allamjonov xususiy telekanallarni milliy seriallar buyurtmasini ko‘paytirishga chaqirdi

«Avvaliga, balki juda zo‘r filmlar bo‘lmas, lekin sekin-sekin zo‘ri ham paydo bo‘ladi», deydi Mass-media fondi raisi.

Milliy mass-mediani qo‘llab-quvvatlash va rivojlantirish jamoat fondi Vasiylik kengashi raisi Komil Allamjonov o‘zbek telekanallari efirida xorij seriallari borgan sari ko‘payib borayotganidan xavotir bildirgan edi. U shu haqdagi mulohazalarini bayon qilishi ortidan kelib chiqqan bahslarga munosabat bildirdi.

«Xususiy telekanallardagi xorijiy seriallar ahvolini tartibga solish zarur, degan fikrim ancha bahslarga sabab bo‘ldi. Bu fikr tarafdorlari ham, unga qarshilar ham anchagina bo‘ldi. Kimlardir bizning seriallar sifatsiz desa, yana kimlardir uni bachkana yoki faqat bir xil mavzular yoritiladi, deb tanqid qildi. Bu gaplarda jon bor, albatta. Lekin xususiy telekanallar milliy seriallarga buyurtmani ko‘paytirsa, raqobatning o‘zi, ya'ni bozor seriallar sifatini oshiradi.

Bizning seriallar yaxshi emas deb faqat xorijnikini efirga tiqishtirsak, ikki dunyoda ham mahalliy seriallarimiz sifati yaxshilanmaydi. Avvaliga, balki juda zo‘r filmlar bo‘lmas, lekin sekin-sekin zo‘ri ham paydo bo‘ladi. «Bir kam dunyo», «Ko‘ngil ko‘chalari», «Shaytanat», «Domla», «Charxpalak» kabi o‘zimizning seriallarni yotvolib ko‘rar edik. Zo‘r edi-ku.

Buning ustiga qanchadan qancha rejissyorlar, aktyorlar, yuzlab ijodkorlar ish bilan ta'minlanadi, ularga qo‘shimcha daromad bo‘ladi. Ayniqsa pandemiyada ular ham ancha aziyat chekishdi. (Men media bilan bog‘liq inson sifatida ushbu soha haqida qayg‘uryapman, boshqa sohalarda ham qiynalganlar bor, lekin ularga javobgarlar boshqalar J)

Chet el serialini ko‘raman degan odam Netflix, kabel telekanallari, onlayn, kino kanallari yoki fleshkada ham olib kelib bemalol ko‘raveradi. Gap xususiy telekanallar efiri va uning salbiy tasiri haqida ketyapti. Kim nima deyishidan qat'i nazar, mening shaxsiy fikrim shunday», – deb yozdi Allamjonov Telegram-kanalida.

Eslatib o‘tamiz, oktabr oyi oxirida Komil Allamjonov o‘zi asos solgan «Milliy» telekanali efirida xorij seriallari kamaytirilishini ma'lum qilgandi. «Seriallar tomoshabin ongiga to‘g‘ridan to‘g‘ri ta'sir ko‘rsatuvchi kuchli vosita hisoblanadi. Agar uni me'yori bo‘lmasa, bu ketishda ideologik suverenitetimizni yo‘qotib qo‘yishimiz hech gap emas», – degandi u.

Mavzu yuzasidan, kuni kecha Kun.uz kolumnisti – Istanbul universiteti doktoranti, kinoshunos Otabek Tillayev turk seriallari mavzusidagi turkum-tahliliy maqolalaridan birinchisini e'lon qildi. Dastlabki maqolada Turkiyaning serial ishlab chiqarish sohasida jahonda ikkinchi o‘ringa ko‘tarilib olgani va shunga oid qator ma'lumotlar keltirib o‘tilgan.

Mavzuga oid
Top