21:19 / 13.11.2020
4559

«Lasetti»dagi 53 mln so‘mlik pirotexnika vositalari fosh bo‘ldi

Davlat bojxona qo‘mitasi axborot xizmati so‘nggi kunlarda aniqlangan qonunbuzilish holatlari yuzasidan Kun.uz'ga ma'lumot berdi.

Foto: Davlat bojxona qo‘mitasi axborot xizmati

Sirdaryo viloyati bojxona boshqarmasi boshqa huquqni muhofaza qiluvchi idora vakillari bilan hamkorlikda pirotexnika vositalarining noqonuniy aylanmasiga qarshi tezkor tadbir o‘tkazdi.

Unda fuqaro I.F. boshqaruvidagi «Lasetti» to‘xtatilib, ko‘zdan kechirildi. Natijada avtomashina saloni va yukxonasida xorijda ishlab chiqarilgan, umumiy qiymati 53 380 000 so‘mlik 62 820 dona pirotexnika vositalari borligi aniqlandi.

Toshkentda 300 million so‘mlik tamaki va pirotexnika vositalarining noqonuniy aylanmasi fosh etildi

Toshkent shahar bojxona boshqarmasi boshqa huquqni muhofaza qiluvchi idoralar bilan hamkorlikda tovar-moddiy boyliklarining noqonuniy aylanmasiga qarshi tezkor tadbir o‘tkazdi. Unda fuqaro A.Sh.ga tegishli 2 ta xonadon o‘rnatilgan tartibda ko‘zdan kechirildi.

Ushbu xonadonlarda O‘zbekiston Respublikasi aksiz markasi bilan markalanmagan, umumiy qiymati 300 million so‘mlik 2427 quti tamaki mahsulotlari va 279 160 dona pirotexnika vositalari noqonuniy tarzda saqlanayotgani aniqlandi.

To‘lovlardan bo‘yin tovlashga bo‘lgan urinish fosh bo‘ldi

«Chuqursoy» TIF bojxona postida xorijdan kirib kelgan, yo‘l kuzatuv hujjatlarida umumiy nom bilan qayd etilgan ayollar kiyimlari ko‘rikdan o‘tkazildi.

Natijada yuk kuzatuv hujjatlarida umumiy nom bilan ayollar kiyimlari sifatida ko‘rsatilgan tovarlar aslida qishki kiyimlar ekani, konteynerdagi tovarlar hujjatlarda ko‘rsatilganidan 16 320 donaga ortiqcha ekani aniqlandi.

Tekshiruv davomida, 1 mlrd 662 mln so‘m qo‘shimcha bojxona to‘lovlari hisoblandi.

Yana bir holatda «Sirg‘ali» TIF BPda xorijdan olib kelingan umumiy qiymati 1 mlrd 150 mln so‘mlik kiyimlar bojxona ko‘rigidan o‘tkazilganida, ushbu tovarlar aslida shimlar ekani ma'lum bo‘ldi va 361 mln so‘m miqdorida bojxona to‘lovlari hisoblandi.

Yana bir holatda, «Chuqursoy texnik idora» temir yo‘l chegara bojxona posti xodimlari Xitoydan kirib kelgan turli asbob-uskunalar va xo‘jalik tovarlarini bojxona ko‘rigidan o‘tkazdi.

Natijada yo‘l yuk-kuzatuv hujjatlarida ko‘rsatilmagan va ko‘rsatilganidan ortiqcha bo‘lgan og‘irligi salkam 6 tonnaga yaqin, qiymati 1 mlrd 326 mln so‘mlik maishiy buyumlar va ehtiyot qismlar tovarlari borligi aniqlandi.

Hozirda yuqoridagi holatlar yuzasidan bojxona organlari tomonidan surishtiruv harakatlari davom ettirilmoqda.

Top