12:00 / 14.11.2020
4234

Davlat budjeti ijrosi: XDP fraksiyasi qat'iy e'tiroz bildirdi

2020 yil 9 oylik yakunlari bo‘yicha Davlat budjeti va davlat maqsadli jamg‘armalari budjetlarining ijrosi to‘g‘risidagi hukumat hisobotini Oliy Majlis Qonunchilik palatasidagi Xalq demokratik partiyasi fraksiyasi a'zolari chuqur tanqidiy tahlildan o‘tkazdi.

Joriy yil 9 oyda Davlat budjeti daromadlari 94 457,2 mlrd. so‘mni tashkil etgan bo‘lsa, xarajatlar (davlat maqsadli jamg‘armalarisiz) 102,164,8 mlrd. so‘mga yetgan. Hisobot davrida ijtimoiy xarajatlarni moliyalashtirish uchun 53 685,3 mlrd. so‘m (umumiy xarajatlarning 52,5 foizi) sarflandi. Davlat budjetining ijtimoiy yo‘naltirilgani Xalq demokratik partiyasi dasturiy maqsadlariga muvofiq keladi.

Fraksiya a'zolari muhokamalar jarayonida ijtimoiy sohaga yo‘naltirilgan mablag‘larning qanchalik samarali sarflangani masalasiga alohida e'tibor qaratdi. Hisobot davrida o‘tkazilgan nazorat tadbirlari davomida 129,1 mlrd. so‘m budjet ijrosida kamomad va asossiz xarajatlar aniqlangani deputatlar tomonidan keskin tanqid qilindi.

Xususan, pandemiya bilan bog‘liq murakkab vaziyat bo‘lishiga qaramay, sog‘liqni saqlash sohasiga ajratilgan budjet mablag‘larining qariyb 22 mlrd. so‘mi bemaqsad sarflangan. Shundan 17,8 mlrd. so‘mi noqonuniy o‘zlashtirilgani fraksiya a'zolarining qat'iy e'tirozlarini keltirib chiqardi.

Hozirgi kunda dolzarb bo‘lib turgan koronavirusga qarshi kurashish uchun jalb etilgan tibbiyot muassasalarida Inqirozga qarshi kurashish jamg‘armasidan ajratilgan mablag‘larning 70,7 mlrd. so‘mi qoidalarga amal qilmagan holda, sarflab yuborilgan.

Maktabgacha ta'lim vazirligi tizimida 10 mlrd, Uy-joy kommunal xizmat ko‘rsatish vazirligi tizimida 6,3 mlrd,  Suv xo‘jaligi tizimida 4 mlrd so‘m miqdorida moliyaviy qonunbuzilish holatlariga yo‘l qo‘yilgan.

Deputatlar ijtimoiy sohalardagi muammolarni hal etish asosiy vazifasi bo‘lgan vazirliklarda bunday xatolarga yo‘l qo‘yilgani murosa qilib bo‘lmaydigan holat ekanini ta'kidlashdi.

Bandlikka ko‘maklashish davlat jamg‘armasi xarajatlar rejasi 542,4 mlrd. so‘m etib belgilangan bo‘lsa-da, shuning 63 foizigina ishlatilgan. Vaholanki, pandemiya sharoitida ishidan ayrilgan, oilaviy daromadini yo‘qotgan, kasb-hunar o‘rganishga xohishi, ehtiyoji katta bo‘lgan fuqarolar hududlarda ko‘pchilikni tashkil etadi.

Yana bir muhim jamg‘armaning budjeti ijrosi haqidagi ma'lumotlarga e'tibor qarataylik. Suv ta'minoti va kanalizatsiya tizimini rivojlantirish jamg‘armasidan suv ta'minoti va oqova xizmatini yaxshilash uchun ajratilgan 1,95 trln. mablag‘ning 64,2 foizigina ishlatilgan. Holbuki, hududlarda ichimlik suvi masalasida ko‘plab muammolar yuzaga kelmoqda, bu aholining haqli e'tirozlariga sabab bo‘lmoqda.

Fraksiyamiz yuqorida qayd etilgan va boshqa bir qator yo‘nalishlarda budjet ijrosiga nisbatan tanqidiy yondashuvni kuchaytirish, mas'ul vazirlik-idoralar rahbarlari zimmasiga shaxsiy javobgarlikni yuklash, hukumat esa yuzaga kelgan salbiy holatlarni chuqur tahlildan o‘tkazishi, ochiq va ta'sirchan choralar ko‘rishi zarur, deb hisoblaydi.

Hukumat parlament quyi palatasiga kiritgan Davlat budjeti daromadlarining 2021 yilgi prognozi va 2022-2023 yillar uchun mo‘ljallangan parametrlari loyihasida ijtimoiy sohaga xarajatlar joriy yilga nisbatan 15 foizga, ijtimoiy nafaqa oluvchilar soni 2 barobar oshirish rejalashtirilgan. Xalq demokratik partiyasi hukumatning ijtimoiy himoya masalasiga bunday yondashuvini qo‘llab-quvvatlaydi.

Faqat ijtimoiy sohaga ajratilayotgan mablag‘lardan to‘g‘ri foydalanish va uning natijadorligiga erishish zarur. Bu vazifaga, ayniqsa, partiyamiz deputatlik birlashmalari katta mas'uliyat bilan yondashadi. Hududlarda ijtimoiy-iqtisodiy jarayonlar tanqidiy tahlil etiladi, mahalliy kengashlar bilan hamkorlik kuchaytiriladi, nodavlat tashkilotlar, ommaviy axborot vositalari, keng jamoatchilik bilan tizimli ishlar amalga oshiriladi.

Sherbek Bo‘ronov,
Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati,
O‘zXDP fraksiyasi a'zosi

Mavzuga oid
Top