12:00 / 14.11.2020
2830

O‘zbekiston va YeI o‘zaro savdo hajmini 10 milliard dollarga yetkazmoqchi

Joriy yilning 13 noyabr kuni O‘zbekiston Bosh vaziri o‘rinbosari – Investitsiyalar va tashqi savdo vaziri S.Umurzoqovning Yevropa komissiyasining ijrochi rais o‘rinbosari, savdo bo‘yicha Yevropa komissari V.Dombrovskis bilan muzokaralari bo‘lib o‘tdi.

Foto: Investitsiyalar  va tashqi savdo vazirligi

Suhbat chog‘ida savdo-iqtisodiy, moliyaviy, texnik, madaniy-gumanitar sohalardagi ikki tomonlama sheriklikning dolzarb masalalari, shuningdek, Kengaytirilgan sheriklik va hamkorlik to‘g‘risidagi bitimning kelishilgan loyihasi, O‘zbekistonning Jahon savdo tashkilotiga (JST) a'zo bo‘lishi va Yevropa ittifoqining “PBT+” Preferensiyalarining bosh tizimiga qo‘shilishi doirasida birgalikda olib borilayotgan ishlar muhokama qilindi.

Muloqot davomida tomonlar O‘zbekiston va Yevropa ittifoqi davlatlari o‘rtasidagi savdo aylanmasida so‘nggi 3 yil davomida erishilgan 50 foizdan ortiq o‘sishni mamnuniyat bilan qayd etdi hamda o‘zaro savdo ko‘rsatkichlarini oshirish va yaqin kelajakda uning hajmini 10 milliard dollarga yetkazish bo‘yicha birgalikda samarali mexanizmlarni ishlab chiqish, tashabbuslarni amalga oshirishga tayyor ekanliklarini bildirdi.

Foto: Investitsiyalar  va tashqi savdo vazirligi

O‘zbekistonning Jahon savdo tashkilotiga a'zo bo‘lishi jarayonini jadallashtirish zarurligi ta'kidlandi. Yevropa tomoni O‘zbekistonning JSTga a'zo bo‘lishi bo‘yicha ko‘p tomonlama va ikki tomonlama muzokaralarda amaliy yordam berishda davom etishga tayyorligini bildirdi.

Shuningdek, V.Dombrovskis YeIning O‘zbekistonga “PBT+”ning benefitsiar mamlakati maqomini olishda yordam berishga sodiqligini bildirdi, bu o‘zbekistonlik 6 mingdan ortiq turdagi tovarlar ishlab chiqaruvchilariga Yevropa ittifoqi mamlakatlari bozorlariga bojsiz eksport qilish imkonini beradi.

Muzokaralar yakunida tomonlar erishilgan kelishuvlarni ilgari surish va O‘zbekiston bilan Yevropa ittifoqi o‘rtasida ko‘p qirrali hamkorlikning yangi yo‘nalishlarini ishlab chiqish bo‘yicha birgalikdagi faoliyatni davom ettirishga kelishib oldi.

Mavzuga oid
Top