00:15 / 14.11.2020
25097

Tojikistonda dunyodagi eng baland quyosh elektrostansiyasi qurildi

Tojikistonning Murg‘ob shahrida mamlakatdagi eng yirik quyosh elektr stansiyasi ishga tushirildi. Mazkur inshoot dunyodagi dengiz sathidan eng baland joyda qurilgan quyosh elektr stansiyasiga aylangani aytilmoqda.

Murg‘ob shahrida 220 kVt quvvatga ega yangi quyosh elektr stansiyasi ochildi, deb xabar bermoqda AQShning Tojikistondagi elchixonasi: «Mazkur inshoot Tojikistonda eng yirik, shuningdek, dunyoda dengiz sathidan eng yuqori balandlikda joylashgan quyosh elektrostansiyasi hisoblanadi. Loyiha quvvati 180 kVt soat bo‘lgan gibrid energiya yig‘ish elektr stansiyasini ham o‘z ichiga oladi», – deyiladi xabarda.

Mazkur quyosh elektr stansiyasining ishga tushirilishi bilan Tog‘li Badaxshon avtonom viloyatining Murg‘ob shahrida 6 mingdan ortiq aholi elektr energiyasidan foydalanish imkoniyatiga ega bo‘lgan.

Ma'lumot uchun, Murg‘ob Tojikistonda dengiz sathidan eng yuqori balandlikda joylashgan shahar hisoblanadi. Bu shaharda 6 000 nafar aholi 3 600 metr balandlikda, yetib borish qiyin bo‘lgan sharoitlarda yashagani uchun hududni elektr energiyasi bilan ta'minlashga mas'ul bo‘lgan «Pamir Enerji» va milliy elektr tarmog‘i ularni ta'minotdan uzib qo‘ygan. Yangi quyosh elektr stansiyasining qurilishi aholiga elektr energiyasini uzatishni tiklash imkoniyatini yaratgan.

«Murg‘obda qurilgan quyosh elektr stansiyasi hududning elektr ta'minotini 50 foizga oshiradi. Bu nafaqat aholining turmush darajasini sezilarli darajada yaxshilaydi, balki mintaqaning umumiy iqtisodiy rivojlanishiga ham hissa qo‘shadi», – deyiladi xabarda.

Yangi quyosh elektr stansiyasi Tojikiston hukumati, AQShning USAID va mahalliy «Pamir Enerji» kompaniyasi hamkorligida qurilgan. Tojikiston Energetika va suv resurslari vazirligi Murg‘obda quyosh elektrostansiyasi loyihasida yordam ko‘rsatishni so‘rab USAID'ga murojaat qilgan va tashkilot uni qo‘llab-quvvatlagan.

Top