19:37 / 14.11.2020
26887

Yoshlarni kasb-hunarga yo‘naltirish bo‘yicha yagona onlayn platforma yaratildi

Mehnat bozorini zamonaviy ehtiyojlariga mos kadrlar bilan ta'minlash har bir davlat uchun muhim masala. Bu esa o‘z navbatida o‘quvchilarni kasb-hunarga yo‘naltirish ishlarini qay darajada tashkil etilishiga bog‘liq.

Davlat rahbarining “O‘zbekistonning yangi taraqqiyot davrida ta'lim-tarbiya va ilm-fan sohalarini rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi farmoni e'lon qilingan va u «Kasbga yo‘naltirish tizimi»ni joriy etishni ham nazarda tutadi. Tizim doirasida 7-sinf o‘quvchilari uchun har oyda bir marta «Kasblar olamiga sayohat» mavzusida maxsus kurslar olib borish, 8-sinf o‘quvchilari uchun har chorakda kamida bir marotaba «Mening kelajakdagi kasbim» mavzusida seminar-treninglar olib borish hamda o‘quvchilarni kelajakda egallamoqchi bo‘lgan kasblarga yo‘naltirish, 9-sinf o‘quvchilarining kasbiy moyilligi bo‘yicha o‘tkazilgan psixologik-pedagogik diagnostik metodika natijalari asosida kelgusida aniq ishchi kasblar bo‘yicha kasb-hunar maktablarida ta'lim olishi mumkin bo‘lgan o‘quvchilar o‘rtasida kasbga yo‘naltirish ishlarini olib borish vazifasi topshirilgan.

Xalq ta'limi vazirligi huzuridagi O‘quvchilarni kasb-hunarga yo‘naltirish va pedagogik-psixologik Respublika tashxis markazi tomonidan maktablarning 7-sinfidan boshlab qiziqish hamda qobiliyatlarini aniqlash maqsadida zamonaviy psixodiagnostik uslublarni o‘tkazish va ularni hisobotini yurituvchi “Kasbim kelajagim” nomli yagona onlayn platforma – profnavigator.uz yaratildi. Ushbu platforma asosida 7-sinfdan boshlab o‘quvchilarning o‘z qiziqish va qobiliyatlarini aniqlashga imkonni beradi.

Bu platformadagi “Testlar” rukni orqali o‘quvchilar o‘zlarining qaysi kasbga moyilliklari va layoqatlari aniqlanadi, “Kasblar olami” rukni orqali kasblar to‘g‘risida rasm, matn (professiogramma, infografika) ko‘rinishida ma'lumot va axborotlar berib boriladi. “Kasbni egallash” ruknida kasbni qayerda o‘rganish bo‘yicha respublikamizdagi akademik litseylar, kasb-hunar maktablari, kollejlar, texnikumlar va oliy ta'lim muassasalari to‘g‘risidagi ro‘yxat hududlar kesimida shakllantirilgan.

Hozirgi kunda Oliy va o‘rta maxsus ta'lim vazirligi tizimidagi professional ta'lim muassasalari to‘g‘risida to‘liq ma'lumotlar berish bo‘yicha hamkorlik ishlari olib borilmoqda.

Shu bilan bir qatorda “Muvaffaqiyatli insonlar” ruknida “Muvaffaqiyatli insonlar tajribasi” hamda “Muvoffaqiyatga erishgan o‘quvchilar” orqali hayotda o‘z o‘rni va mavqeiga erishgan insonlar hayot yo‘li to‘g‘risida videoroliklar berilgan. “Psixologik maslahat” ruknida esa mutaxassislar tomonidan o‘quvchilarni kasb tanlashda fiziologik holatlarni e'tiborga olish zarurligi to‘g‘risidagi tavsiyalar va maslahatlar berilgan.

Umumiy o‘rta ta'lim muassasalarida kasb-hunarga yo‘naltirish ishlarini tashkil etish, o‘quvchilarda kasbiy bilimlarni va motivatsiyani, ijtimoiy hayotdagi kasbiy olamga moslashuv va jamoaviy hamkorlik ko‘nikmalarni shakllantirish maqsadida “Kasblar oyligi” o‘tkazish tartibi ishlab chiqildi va tasdiqlandi. Mazkur tartib asosida joriy yilning noyabr oyi davomida “Odam-texnika” (haydovchi, payvandchi, IT texnolog, veb dizayner va b.) kasb tipiga oid kasblar oyligi o‘tkazilmoqda.

Shuningdek, Markaz hodimlari tomonidan kasblar professiogrammasini tayyorlash va ularni amaliyotda qo‘llash bo‘yicha ishlarni amalga oshirilmoqda. Shu kungacha o‘zbek tilida 53 ta, rus tilida esa 34 ta kasblarni professiogrammasi tayyorlanib Ilmiy kengashda ko‘rib chiqildi. Ushbu professiogrammalar muayyan kasb haqida, kasb turlari, faoliyat mazmuni va shartlari, muttaxassisning bilim, ko‘nikma va malakalari hamda indivudial xususiyatlariga qo‘yiladigan talablar, tibbiy cheklovlar, kasbni egallash va uni amaliyotda qo‘llash haqida ma'lumot berilgan. 

Mavzuga oid
Top