01:10 / 16.11.2020
7908

FVV Oqdaryo tumanidagi buyum bozorida ro‘y bergan yong‘in yuzasidan munosabat bildirdi

14 noyabr kuni Kun.uz saytida «Oqdaryo buyum bozoridagi yong‘in: do‘kondorlar o‘t o‘chiruvchilar kech kelganidan norozi va yordamga muhtoj» sarlavhasi ostida reportaj berilgan edi.

Unda Samarqand viloyati Oqdaryo tumani markazidagi kiyim-kechak bozorida sodir bo‘lgan yong‘in oqibatida 10dan ziyod do‘konlar yonib ketgani hikoya qilingan, voqea guvohlari va do‘kondorlarga mikrofon tutilgan edi.

Favqulodda vaziyatlar vazirligi ushbu reportaj yuzasidan rasmiy munosabat bildirdi.

«Ma'lumki, inson favqulodda vaziyatga tushib qolganida, vaqt sekin o‘tgandek, voqea esa juda uzoq sodir bo‘lgandek tuyuladi. Haqiqatda favqulodda hodisalar, jumladan, yong‘inlar ham qisqa vaqt ichida rivojlanib, avj oladi. Odatda favqulodda hodisalar inson ruhiyatiga kuchli ta'sir ko‘rsatib, mulk egalari ushbu vaziyatlarda tegishli xizmatlarga bog‘lanishdan ko‘ra, ofatni mustaqil ravishda bartaraf etishga harakat qiladi. Bu esa aksariyat holatlarda ofatning kengayishiga sabab bo‘ladi.

Berilgan ma'lumotda 2020 yil 12 noyabr kuni Loyish shaharchasi Amir Temur ko‘chasidagi «Oqdaryo savdo kompleksi»da sodir bo‘lgan yong‘inni o‘chirishga jalb etilgan kuch va vositalarning harakatlaridan yong‘indan zarar ko‘rgan do‘kon egalarining noroziligi to‘g‘risida ma'lum qilingan.

Ma'lumotda qayd etilgan holat bo‘yicha quyidagilarni ta'kidlash lozim:

12 noyabr kuni soat 18:42da Oqdaryo tumani FVB dispetcherlik xizmatiga tumanning «Oqdaryo savdo kompleksi»da yong‘in ro‘y berganligi to‘g‘risida kompleks qorovuli fuqaro Sh.Islomov tomonidan xabar beriladi va 2 ta yong‘in-qutqaruv ekipaji yong‘in joyiga soat 18:49da yetib borgan.

Shuningdek, yong‘inni o‘chirishga Samarqand shahridan qo‘shimcha ravishda 2 ta, Ishtixon tumanidan 1 ta yong‘in-qutqaruv ekipajlari jalb etilib, yong‘in soat 19:00 da o‘rab olingan, soat 20:10da esa to‘liq o‘chirilgan.

Ma'lumot uchun: 9-kasbiylashtirilgan yong‘in-qutqaruv qismidan yong‘in ro‘y bergan obektgacha masofa 3,5 kilometrni tashkil etadi.

Yong‘inni bartaraf etishga qaratilgan tezkor tadbirlar to‘liq olib borilgan bo‘lsada, savdo kompleksidagi jami 10 ta (56-, 57-, 58-, 59-, 60-, 61-, 27-, 28-, 29-, 31-) savdo do‘konining jami 180 kv.m maydoni zarar ko‘rgan.

Mutaxassislarning fikriga ko‘ra, savdo kompleksi 2017 yildan buyon faoliyat ko‘rsatayotgan bo‘lib, yong‘in xavfsizligi qoidalariga umuman rioya qilinmagani bo‘yicha bozor ma'muriyatiga muntazam ravishda taqdimnoma va tavsiyanomalar kiritilgan.

2020 yilning iyun va oktyabr oylarida mutaxassislar tomonidan o‘tkazilgan profilaktik ko‘riklar davomida savdo kompleksida yong‘in xavfsizligi sohasidagi me'yor va qoidalarning buzilishi bilan bog‘liq holatlarni bartaraf etish bo‘yicha qayd etilgan kamchiliklar mas'ullar tomonidan bartaraf etilmagani ham yong‘in kelib chiqishiga sabab bo‘lib, yong‘inni bartaraf etishga salbiy ta'sir ko‘rsatgan.

Bundan tashqari, yong‘inning katta maydonga qisqa muddatda tarqalishi, savdo do‘konlarida ko‘p miqdorda tez alangalanuvchi moddiy boyliklarning tartibsiz joylashtirilgani, do‘konlarning bir-biriga zich qilib qurilgani, bozor hududida suv manbalari mavjud emasligi, o‘z navbatida yong‘inni tezkor bartaraf etishda qiyinchiliklarni keltirib chiqargan», – deyiladi vazirlik axborotida.

Ta'kidlanishicha, kuz-qish mavsumida yuzaga kelishi mumkin bo‘lgan favqulodda vaziyatlar hamda baxsiz hodisalarning oldini olish, sodir bo‘lganda oqibatlarini kamaytirish muhim ahamiyatga ega.

Inson hayoti, uning sog‘lig‘ini muhofaza qilish, moddiy boyliklarni asrab-avaylash maqsadida Favqulodda vaziyatlar vazirligi ushbularni tavsiya etgan:

  • Obektlarda favqulodda vaziyatlar sodir bo‘lganda to‘g‘ri harakatlanish uchun evakuatsiya yo‘llari doimiy ravishda ochiq bo‘lishini ta'minlash;
  • Bino va inshootlar yong‘in xavfsizligini ta'minlash uchun birlamchi yong‘in o‘chirish vositalari bilan jihozlangan bo‘lishi;
  • Barcha bino va inshootlarda mavjud bo‘lgan elektr sim va kabellari, elektr manbalaridan foydalanish qoidalari asosida o‘tkazilishi;
  • Bino ichida nosoz va qo‘lbola elektr va isitish moslamalaridan hamda nosoz gaz asboblaridan foydalanmaslik va ushbu jihozlarni nazoratsiz qoldirmaslik;
  • Elektr ta'minotida vaqtinchalik o‘tkazilgan elektr simlaridan va yasama saqlagichlardan foydalanishni qat'iy taqiqlash;
  • Favqulodda vaziyatlar vazirligi mas'ul xodimlari tomonidan beriladigan tavsiya va ko‘rsatmalar ijrosini to‘liq ta'minlash.
Top