21:33 / 17.11.2020
103345

Budjet mablag‘lari eng ko‘p qaysi viloyatda asossiz sarflangani ma'lum bo‘ldi

Ayrim mahaliy hokimliklar davlat va mahalliy budjet mablag‘lari hisobidan qimmatbaho avtomashinalar xarid qilayotgani, budjet mablag‘laridan asossiz foydalanayotgani haqida xabarlar jiddiy e'tirozlarga sabab bo‘layotgani bor gap.

Foto: Reuters

Qonunchilik palatasi deputatlari tomonidan muhokama qilinayotgan 2020 yil 9 oylik yakunlari bo‘yicha Davlat budjeti va davlat maqsadli jamg‘armalari budjetlarining ijrosi to‘g‘risidagi hisobotda ham budjet intizomining buzilishi holatlari qayd etilgan.

Kun.uz muxbiri aniqlagan ma'lumotga ko‘ra, bu borada Qashqadaryo va Andijon viloyatlari «yetakchilik qilmoqda». Quyidagi ro‘yxatda qaysi viloyatda qancha budjet mablag‘lari asossiz ishlatilgani keltirilgan.

  • Qashqadaryoda – 14,1 milliard so‘m;
  • Andijonda – 12,8 milliard so‘m;
  • Farg‘onada – 11,1 milliard so‘m;
  • Surxondaryoda – 10,6 milliard so‘m;
  • Namanganda – 9,9 milliard so‘m;
  • Jizzaxda – 9,8 milliard so‘m;
  • Samarqandda – 9,2 milliard so‘m;
  • Toshkent viloyatida – 6,5 milliard so‘m;
  • Xorazmda – 4,2 milliard so‘m;
  • Toshkent shahrida – 9,8 milliard so‘m;
  • Qoraqalpog‘iston Respublikasida – 6,1 milliard so‘m.

Jumladan, Andijon viloyati Jalaquduq tuman Xalq ta'limi bo‘limiga qarashli umumta'lim maktablarida malaka toifasiga ega bo‘lmagan, malaka toifasi sertifikati muddati tugagan yoki sun'iy ravishda o‘zgartirilgan o‘qituvchilarga ortiqcha 422,8 million so‘m sarflangan.

Buxoro viloyatida sog‘likni saqlash tizimidagi 12 ta tibbiyot muassasalarida tez tibbiy yordam xodimlariga budjetdan va homiylar hisobidan berilgan bir martalik moddiy yordam pullarining hisoblab to‘lanishida xodimlarning ishlayotgan o‘rin birliklariga nisbatan moddiy yordam pullarining noto‘g‘ri hisoblab to‘lanishi oqibatida jami 1 milliard 108,4 million so‘m budjet mablag‘i asossiz sarflangan.

Jizzax viloyati G‘allaorol tuman halq ta'lim bo‘limida 2020 yil yanvar-aprel oylarida lavozim maoshlariga 472,3 million so‘m mukofot va moddiy yordam pullari asossiz qo‘shib to‘langan.

Oldinroq 2020 yilning ortda qolgan 9 oyida 129 milliard so‘mlik budjet mablag‘larining asossiz sarflanishi holatlari haqida xabar berilgan edi.

Mavzuga oid
Top