19:25 / 18.11.2020
27318

Bayden davri AQSh–Rossiya munosabatlariga qanday ta'sir qilishi mumkin?

AQShda bo‘lib o‘tgan prezidentlik saylovlari butun dunyoda bo‘lgani kabi Rossiya Federatsiyasida ham katta qiziqish bilan muhokama qilinmoqda. Bunga nafaqat AQShning jahon siyosatida tutgan o‘rni, balki 2014 yildan beri AQSh va Rossiya o‘rtasidagi munosabatlar keskinlashib borayotgani ham katta ta'sir ko‘rsatmoqda.

Qolaversa, Kreml saylovlarda g‘alaba qozongani deyarli aniq bo‘lgan Jo Baydenni tabriklashga shoshilmayapti. Vladimir Putin saylov natijalari rasmiy e'lon qilinishini kutmoqda. Holbuki, bundan to‘rt yil oldin xuddi shunday vaziyatda Kreml Donald Trampni tabriklashga oshiqqandi. Aftidan, Moskva Jo Baydenni erta tabriklashda biror-bir naf ko‘rmayapti va ikki davlat orasidagi aloqalar kelajagiga ko‘p ham umid bog‘lamayapti.

So‘nggi bir necha oydan beri rossiyaliklar Bayden yoki Trampning qaysi biri o‘z nuqtayi nazarlariga ko‘ra yaxshiroq prezident bo‘lishi borasida fikr bildirishmoqda. Javobni ham rus maqoli bilan berishyapti: «Yovvoyi turp oq turpdan shirin emas».

Buning sababi shundaki, SSSR qulaganidan beri munosabatlar eng past darajada saqlanib qoldi va Donald Tramp davrida ham oldinga siljish kuzatilmadi. Boshqacha qilib aytganda, Rossiya jamoatchiligi Rossiyaga nisbatan keskin munosabatda bo‘lgan demokratlar nomzodi Baydenning saylovlarda g‘alaba qozonishi munosabatlarni buzmaydi, degan fikrni bildirmoqda. Chunki ruslarning fikricha, ikki o‘rtada buziladigan narsaning o‘zi qolmagan.

Trampning «meros»i

Bayden prezidentligi davrida AQSh-Rossiya munosabatlarining kun tartibida turishi mumkin bo‘lgan masalalarga to‘xtalishdan avval Tramp davridan qolayotgan «meros»ga nazar tashlash lozim.

Barak Obamadan keyin Trampning hokimiyat tepasiga kelishi juda iliq kutib olingan va munosabatlar iliqlashishi taxmin qilingandi. Bunga esa Trampning saylovoldi bayonotlarida Rossiya bilan munosabatlarni yaxshilash borasida bildirgan fikrlari sabab bo‘lgandi. Biroq u hokimiyat tepasiga kelgan paytdan e'tiboran demokratlar Trampni «Rossiyaning odami» sifatida, Rossiyani esa AQSh saylovlariga aralashishda aybladi. Tramp esa to‘rt yil davomida ushbu ayblovlarni yo‘qqa chiqarish uchun ancha harakat qildi va Rossiya bilan munosabatlarni tiklash yo‘lida deyarli bir qadam ham oldinga tashlamadi. Aksincha, 2016 yil ikki mamlakat o‘zaro diplomatlar sonini uch baravarga kamaytirdi. 2017 yil Rossiya ham AQSh sanksiya kirituvchi Eron va Shimoliy Koreya kabi mamlakatlar ro‘yxatidan o‘rin oldi. 2018 yil siyosatchilar va ishbilarmonlarning «qora ro‘yxat»lari e'lon qilindi. Ommaviy axborot vositalarining faoliyatiga esa cheklovlar o‘rnatildi...

AQShning o‘rta masofadagi yadroviy kuchlar to‘g‘risidagi bitimdan chiqishi ham nafaqat ikki tomonlama munosabatlarni sovuqlashtiruvchi, balki dunyodagi umumiy vaziyatni keskinlashtiruvchi voqealardan biri bo‘ldi. Shu sababli, Tramp davri AQSh-Rossiya munosabatlari nuqtayi nazaridan Obama davridagidan unchalik farq qilmadi. Biroq Trampning «Amerika birinchi» shiori doirasida NATO va Yevropa Ittifoqi bilan o‘z aloqalarini susaytirgani, shuningdek, ko‘plab xalqaro masalalarda, xususan, Suriyada faol siyosat olib bormagani Moskvaning harakat doirasini kengaytirdi va uni ko‘plab mintaqalarda kuchli o‘yinchiga aylantirdi.

Bayden davrida AQSh-Rossiya munosabatlari qanday bo‘ladi?

Avvalo, shuni aytish kerakki, Bayden Rossiyani juda yaxshi biladi. U 1979 yilda Jimmi Karter va sovet ittifoqi rahbari Leonid Brejnev o‘rtasidagi muzokaralarda qatnashgan va tomonlar o‘rtasida qurolsizlanish to‘g‘risidagi bitim imzolanishiga harakat qilgan. Ya'ni keyingi to‘rt yil ichida AQShning boshida SSSR davridan beri siyosat bilan shug‘ullanib kelayotgan davlat arbobi turadi.

Albatta, AQSh tashqi siyosatini Baydenning o‘zigina belgilamaydi – tashqi siyosatda AQShning an'anaviy davlat muassasalari va oldingi respublikachi hukumat jamoasi, Trampning Rossiya bilan munosabatlarni rivojlantirishiga to‘sqinlik qilganlar ham so‘z haqqiga ega bo‘ladi.

Aftidan, AQSh Rossiyaga nisbatan 2014 yildan boshlab qo‘llanayotgan sanksiyalarni davom ettiradigan ko‘rinadi. Biroq Rossiya, Xitoy va Eron kabi davlatlarga nisbatan qo‘llangan sanksiyalar hech qanday natija bermagani ham ayon haqiqat. Bundan tashqari, yillar davomida sanksiyalar yuki ostida qolgan mamlakatlar sanksiyalar bilan yashashni ham o‘rgandi. Ya'ni AQShning bu amaliyoti Rossiya misolida hech qanday natija bermaydi, deb aytish mumkin.

Trampdan farqli o‘laroq, Bayden NATOni kuchaytirishni, Yevropa Ittifoqi bilan hamkorlikni mustahkamlashni, hattoki Rossiya va Xitoyga qarshi energetika, siyosat, iqtisodiyot sohalarida G‘arbni o‘z tomoniga og‘dirishni xohlamoqda. Bayden Rossiyaning chegarasida NATOning mavjudligini ta'kidlab qo‘yish niyatida. Bu esa Rossiyani tashvishlantiruvchi eng noxush vaziyatdir. Biroq shuni ham alohida ta'kidlash kerakki, Moskva, ayniqsa, so‘nggi yillarda AQSh tomonidan passiv tashqi siyosat olib borilishidan unumli foydalanib qoldi va Markaziy Osiyoda ham, Kavkazda ham, Yaqin Sharqda ham o‘z ta'sir doirasini kengaytirib oldi. Vashingtonning bu vaziyatni o‘zgartirishi endi oson kechmasligi aniq.

Bundan tashqari, AQShning avvalgi demokratik prezidentlaridan farqli o‘laroq, Bayden «demokratiya va inson huquqlarini yoyishday imkon»dan mahrum. Chunki AQSh va G‘arb tomonidan demokratiya «eksport» qilingan mamlakatlarda saylov g‘oliblari maydonlarda belgilanmoqda. Terrorizmga qarshi kurashadigan mintaqalar ham terror markaziga aylanib qolgan. Tog‘li Qorabog‘dagi urush ham tasdiqlaganidek, G‘arbning qo‘llab-quvvatlashiga tayanib ish ko‘rgan ko‘plab mamlakatlar, xususan, Armaniston, endi o‘z holiga tashlab qo‘yildi.

Hamkorlikning ehtimoliy yo‘nalishlari

Bayden garchi NATO faoliyatini kuchaytirishni xohlayotgan, «Birinchi navbatda AQSh manfaatlari» shioridan voz kechib, xavfsizlik masalalarida Yevropa Ittifoqi bilan hamkorlikni qayta tiklashni rejalashtirayotgan bo‘lsa-da, uning davrida ikki tomonlama munosabatlar nuqtayi nazaridan ijobiy natijalar ham kuzatilishi mumkin.

Avvalo, demokratlar qurolsizlanish va yadroviy qurollarni blokirovka qilish bo‘yicha eski kelishuvlarni tiklashni istaydilar. Bu esa AQSh va Rossiya o‘rtasidagi muzokaralarni qayta tiklash uchun zamin hozirlaydi.

Bayden Rossiya uchun muammoli bo‘lgan Ukraina masalasiga ham aralashmaydi. Buning sababi esa Baydenning 2014 yil Ukrainaga tashrifidan so‘ng o‘g‘li Hanter Bayden Ukrainadagi «Burisma Holdings» kompaniyasi direktorlar kengashidan o‘rin olgani va bu kompaniyani tekshirayotgan bosh prokurorni Ukraina hukumatiga bosim o‘tkazish orqali ishdan bo‘shatib yuborgani haqidagi ma'lumotlardir. Yangi davrda Baydenning Ukraina ma'muriyatini qo‘llab-quvvatlashi bu mojaroli masala yana «gullashi»ga sabab bo‘lishi mumkin.

Boshqacha qilib aytganda, Trampning Rossiyaga yaqinlashishi qanchalik qoralangan bo‘lsa, Baydenning Ukrainaga «o‘ng ko‘z bilan qarashi» ham keskin muhokamalarni keltirib chiqarishi mumkin.

NATOni mustahkamlash rejasi

Bayden hukmronligining dastlabki yillarida Rossiya emas, Xitoy AQShning diqqat markazida bo‘lishi mumkin. Chunki ayni zamonda Xitoy AQSh uchun ko‘proq xavf tug‘dirmoqda. Shu bois Bayden ma'muriyati Obama davrida AQSh bilan Osiyo-Tinch okeani mintaqasining 11 mamlakati o‘rtasida imzolangan, biroq Tramp davrida bekor qilingan bitimga qaytishi kutilmoqda.

Xuddi Rossiya masalasi kabi Bayden Xitoy masalasida ham Yevropa Ittifoqini o‘z tomoniga og‘dirishi va hattoki Xitoy va Rossiyaning birga harakatlanishiga to‘sqinlik qilishi mumkin.

Baydenning NATOni kuchaytirishi va uni qaytadan faol holga keltirish istagi, shubhasiz, Turkiyaning AQSh nazdidagi ahamiyatini oshiradi. Qolaversa, AQSh Yaqin Sharq, Markaziy Osiyo va Kavkazda Tramp davridagiga nisbatan kuchliroq ta'sirga ega bo‘lishni xohlaydi. Bu o‘z navbatida AQShdan Anqara bilan aloqalarni mustahkamlashni talab qiladi. Bu esa Anqara-Moskva munosabatlariga ham o‘z ta'sirini o‘tkazmay qolmaydi.

Xulosa o‘rnida

AQSh-Rossiya munosabatlari Baydenning siyosati bilangina o‘zgarib qolmaydi. Ya'ni uning Yevropa Ittifoqi, Xitoy, Turkiya kabi mintaqaviy kuchlarni o‘z ichiga oluvchi munosabatlari Kremlga muammo tug‘dirishi mumkin.

Otabek Tillayev tayyorladi

Mavzu
AQSh-2020
2020 yilning 3 noyabrida AQShda prezidentlik saylovlari bo‘lib o‘tadi. 3 fevral kuni demokratlar qarorgohida birlamchi saylovlar - kokuslar va praymerizlar boshlangan.
Barchasi
Mavzuga oid
Top