12:13 / 19.11.2020
3451

Kamoliddin Behzod nomidagi davlat stipendiyasi ta'sis etildi

Vazirlar Mahkamasining qarori bilan Kamoliddin Behzod nomidagi davlat stipendiyasini tayinlash tartibi to‘g‘risidagi nizom tasdiqlandi.

Foto: Norma.uz

Moliya vazirligiga har yili iqtidorli yoshlarni taqdirlash va moddiy rag‘batlantirish uchun zarur mablag‘larni davlat budjetidan ajratish vazifasi topshirildi.
 
Norma’ning yozishicha, nizomga muvofiq davlat stipendiyasi davlat oliy ta'lim muassasalari talabalariga Badiiy akademiya tomonidan o‘tkaziladigan tanlov natijalariga asosan tayinlanadi. Stipendiya ayrim yo‘nalishlarning oxirgi ikki kursida ta'lim olayotgan bakalavriat bosqichi talabalariga tayinlanadi. Davlat stipendiyasi kvotasi quyidagi ta'lim yo‘nalishlarining har biri bo‘yicha bittadan alohida-alohida taqsimlanadi:

  • dastgohli rangtasvir;
  • rangtasvir;
  • grafika va miniatyura;
  • haykaltaroshlik;
  • amaliy san'at;
  • dizayn;
  • san'atshunoslik va muzeyshunoslik.

Ushbu ro‘yxatga Vazirlar Mahkamasi tomonidan har o‘quv yili boshida ta'lim yo‘nalishlaridagi ustuvorliklarni o‘zgartirish maqsadga muvofiqligidan kelib chiqqan holda Badiiy akademiya tavsiyasiga binoan o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritilishi mumkin.
 
Milliy axborot agentligi, Milliy teleradiokompaniya ommaviy axborot vositalarida oliy ta'lim muassasalarida tasviriy va amaliy san'at hamda dizayn yo‘nalishida ta'lim olayotgan iqtidorli va ijodkor talabalarning o‘z kasbiy va badiiy salohiyatini ro‘yobga chiqarishdagi yutuqlari keng yoritilishini ta'minlashi lozim.
 
Ushbu qaror prezidentning 21.04.2020 yildagi «Tasviriy va amaliy san'at sohasi samaradorligini yanada oshirishga doir chora-tadbirlar to‘g‘risida»gi PQ-4688-son qarori ijrosini ta'minlash maqsadida qabul qilingan.
 
Hujjat 7.11.2020 yildan kuchga kirdi.

Top