08:24 / 19.11.2020
3961

Korxona va tashkilotlardagi elektr qurilmalari sertifikatlangan bo‘lishi lozim

Vazirlar Mahkamasining qarori bilan Iste'molchilar elektr qurilmalarini texnik ekspluatatsiya qilish va elektr qurilmalari xavfsizlik texnikasi qoidalari tasdiqlandi.

Hujjat prezidentning 19.05.2020 yildagi «Davlat huquqiy siyosatini amalga oshirishda adliya organlari va muassasalari faoliyatini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi PF-5997-son qarori ijrosini ta'minlash maqsadida qabul qilingan.

Norma’ning yozishicha, qaror bilan quyidagilar tasdiqlandi:

Iste'molchilar elektr qurilmalarini texnik ekspluatatsiya qilish (TEQ) qoidalari;

Iste'molchilar elektr qurilmalarini ekspluatatsiya qilishda xavfsizlik texnikasi qoidalari.
 
TEQ idoraviy mansubligidan va mulkchilik shaklidan qat'i nazar, barcha yuridik shaxslarga, elektr energiyasi iste'molchilari uchun majburiydir. Qoidalar elektr energiyasi iste'molchilari elektr qurilmalarini ishonchli, xavfsiz va samarali ekspluatatsiya qilishni ta'minlash uchun ishlab chiqilgan hamda elektr qurilmalarni ekspluatatsiya qilish, rekonstruksiya qilish va ta'mirlash bilan shug‘ullanuvchi muhandis-texnik xodimlar uchun mo‘ljallangan.
 
Iste'molchilarning yangidan montaj, rekonstruksiya va modernizatsiya qilingan elektr qurilmalari amaldagi Elektr qurilmalarining tuzilishi qoidalariga muvofiq bajarilgan bo‘lishi, shuningdek muvofiqlik sertifikatiga ega bo‘lishi shart. Sertifikatlanmagan elektr uskunalaridan foydalanish va ularni ekspluatatsiya qilish man etiladi. Iste'molchilarning elektr qurilmalariga maxsus tayyorgarlikdan o‘tgan elektrotexniklar tomonidan xizmat ko‘rsatiladi.
 
Korxonada mulkchilik shaklidan qat'i nazar, elektrotexnik xodimlar xizmati tashkil etiladi yoxud elektr qurilmalariga xizmat ko‘rsatishni shartnoma bo‘yicha ixtisoslashtirilgan tashkilot amalga oshirishi lozim.
 
Korxona yoki tashkilot xodimi elektr qurilmalaridan foydalanish jarayonida hayoti uchun xavf tug‘diradigan holat yuzaga kelganda, shu jumladan mexanizmlar, uskunalar va himoya vositalaridan foydalanish qoidalari buzilganda bu haqda bevosita boshlig‘iga yoki korxona rahbariga xabar berishi lozim.
 
Hujjat 11.11.2020 yildan kuchga kirdi.

Top