21:41 / 20.11.2020
9372

Chilonzor tumani faollari bilan uchrashuv bo‘lib o‘tdi

Prezident Shavkat Mirziyoyev Toshkentning Chilonzor tumanini ijtimoiy-iqtisodiy taraqqiy ettirish masalalari muhokamasi yuzasidan mahalla raislari, yoshlar, mutasaddilar ishtirokida yig‘ilish o‘tkazdi.

«Bugun tumanda «o‘sish nuqtalari»ni aniqlab, iqtisodiyotni kompleks rivojlantirish, aholi turmush darajasini oshirish bo‘yicha vazifalarni belgilab olishimiz kerak», – dedi davlat rahbari tadbir avvalida.

Chilonzorda 51ta mahalla bor. Iqtisodiy faol aholining 9 foizi ishsiz. Kishi boshiga sanoat hajmi Toshkent shahridagi o‘rtacha ko‘rsatkichdan 2 barobar past.

Shu bois mahallalardagi rezervlar o‘rganilib, tumanni kompleks rivojlantirish bo‘yicha ikki yillik dastur ishlab chiqildi. U yettita asosiy yo‘nalishni qamrab olgan.

Dasturga ko‘ra, qurilish materiallari, oziq-ovqat, to‘qimachilik, kimyo, farmatsevtika, zargarlik kabi sohalarda umumiy qiymati 10 trillion 238 miliard so‘mlik 298ta investitsiya loyihasi shakllantirilgan.

Shuningdek, tadbirkorlikni rivojlantirish, kambag‘allikni qisqartirish, yo‘l va kommunal tarmoqlarni ta'mirlash, tibbiyot va ta'lim sohalarida yangi islohotlarni joriy etish, jinoyatchilikni qisqartirish bo‘yicha dolzarb vazifalar belgilandi.

«Agar mahallabay ichiga kirsak, odamlar adolatni sezadi», – deya ta'kidladi prezident.

Top