22:11 / 20.11.2020
8471

Senegallik baliqchilar noma'lum kasallikka chalindi

Afrikaning g‘arbida joylashgan Senegalda 200ga yaqin kishi noma'lum kasallikka chalindi. Taxmin qilinishicha, ular bu kasallikni okeanda yuqtirib olishgan. Bu haqda Sud Quotidien nashri xabar berdi.

Foto: Sadak Souici / Keystone Press Agency / Global Look Press

Rasmiy idoralarning xabar berishicha, jabrlanuvchilarning barchasi Atlantika okeanining bir hududida baliq ovlashgan. Kasallanish holatlaridan keyin ushbu hududda baliqchilikka vaqtincha taqiqlov kiritilgan hamda suv namunalari tahlil uchun olingan

Ma'lum qilinishicha, kasallanganlar tanasi qasmoq bilan qoplanib, ular butun tana bo‘ylab kuchli qichima va ko‘z achishishidan aziyat chekishmoqda. Ularning ta'kidlashicha, tananing okean suvi bilan ta'sirlashgan joylari ko‘proq jarohatlangan. 

Bunday alomatlarga ega barcha kishilar okeanning xavfli hududi yaqinida joylashgan Ryufisk shahrida yakkalanadi. Ularni joylashtirish uchun shahardagi stadion ajratilgan. 

Sentabr oxirida Rossiyaning Kamchatka yarimorolida o‘zini sohilga otgan dengiz jonzotlarining ommaviy nobud bo‘lishi kuzatilgandi. Mahalliy mutaxassislar ifloslangan suv hududidagi 10-15 metr chuqurlikda yashovchi organizmlarning 90 foizdan ko‘prog‘i nobud bo‘lgani haqidagi xulosaga kelishgan. Shuningdek, mahalliy syorfchilar okeanda suzgandan keyin ko‘z achishishi va ko‘ngil aynishdan shikoyat qilishgan.

Ushbu hodisaning aniq sababini bilishga muvaffaq bo‘linmagan, tekshiruvlar davomida suvda neft mahsulotlari yoki raketa yonilg‘isi izlari aniqlanmagan, jabrlanuvchilarda esa zaharlanish qayd qilinmagan. Asosiy taxminga ko‘ra, dengiz jonzotlarining ommaviy nobud bo‘lishiga tabiiy hodisalar, zaharli suvo‘tlar sabab bo‘lgan bo‘lishi mumkin.

Top