18:02 / 20.11.2020
11427

To‘raqo‘rg‘on IESda avariyali o‘chish sodir bo‘ldi

Namangan viloyati To‘raqo‘rg‘on tumanida joylashgan issiqlik elektrostansiyasi favqulodda holatda ikkita agregat o‘chishi natijasida O‘zbekiston Respublikasi energotizimida 750 mVt quvvat yo‘qotildi.

Hodisa bugun, 20 noyabr kuni soat 15:45da sodir bo‘lgan. Bu haqda «Namangan HETK» AJ operativ dispetcherlik xizmati boshlig‘i Muhammadali Irisqulov ma'lum qilgan.

Irisqulovning ma'lum qilishicha, O‘zbekiston energotizimini Qozog‘iston Respublikasi orqali Rossiya Federatsiya bilan bog‘lovchi 500 kVAli 530-sonli tarmoq ham favqulodda o‘chgan.

Bu Namangan viloyatining elektr energiyasi ta'minotida jiddiy muammolar keltirib chiqarishi mumkin. Chunki birgina Namangan viloyatining 27ta 100 kVAli elektr uzatish tarmoqlarida uzilish sodir bo‘lgan. 

Ayni kunlarda respublika bo‘ylab aholi punktlarini elektr energiyasi tizimidan o‘chirish holatlari keskin ko‘paygan. Norasmiy manbalarga ko‘ra, Turkmaniston orqali keluvchi ta'minotda hamda Taxiatosh issiqlik elektr stansiyasida ham uzilish bo‘lgani aytilmoqda.

Top