16:48 / 23.11.2020
9438

Pensiya jamg‘armasi noqonuniy qo‘shimcha stajlarga oid ma'lumotlarni oshkor qildi

Pensiya jamg‘armasining hududiy bo‘limlari tomonidan davlat pensiyalarini tayinlashda taqdim etilayotgan ish staji va ish haqi to‘g‘risidagi ma'lumotnomalarning haqqoniyligini o‘rganish jarayonida “O‘zarxiv” agentligi tasarrufidagi ayrim arxiv idoralari tomonidan ishonchsiz ma'lumotlar taqdim etilayotganligi holatlari aniqlandi.

Foto: KUN.UZ

Pensiya jamg‘armasi Surxondaryo viloyatining o‘zida joriy yilda o‘tkazilgan o‘rganishlarda, Sherobod tumani shaxsiy tarkib hujjatlari Davlat arxivi tomonidan mazkur arxiv fondi saqlovida bo‘lgan kitoblarda ayrim fuqarolarning ish haqi va ish staji to‘g‘risidagi ma'lumotlari shubha uyg‘otib, qayta o‘rganilganda bu tumanda yashovchi fuqaro B.K.ga 1995-2004 yillarda ishlaganligi haqidagi 2020 yil 4 noyabr kungi ish haqi ma'lumotnomasi arxiv fondida saqlanayotgan birlamchi hujjatlar bilan solishtirilganda, fuqaro B.K.ning ismi-sharifi kitobning oxirgi qatorlariga boshqa siyoh ruchkada qo‘shimcha ravishda qo‘shib qo‘yilganligi ma'lum bo‘ldi.

Sherobod tumani Davlat arxivi tomonidan shu tumanda yashovchi fuqaro Ch.D.ga, Termiz shahrida yashovchi fuqaro M.S.ga, Qiziriq tumanida yashovchi fuqaro S.J.ga va Angor tumanida yashovchi fuqaro K.T.ga ham arxiv fondida saqlanayotgan tugatilgan yoki arxiv fondiga hujjat taqdim qilgan boshqa korxona va tashkilotlarning ish haqi hisoblash kitoblarining oxirgi qatorlariga boshqa ruchka va boshqa yozuvlar bilan qo‘shib yozilgan arxiv ma'lumotnomalari taqdim qilinganligi aniqlangan. 

Yuqorida nomlari keltirilgan fuqarolar tomonidan Sherobod tumani Davlat arxividan asossiz yozib berilgan ma'lumotnomalar asosida pensiya tayinlashni so‘rab murojaat qilishgan bo‘lib, Pensiya jamg‘armasi bo‘limlarining Pensiya va nafaqalarni tayinlash komissiyalari tomonidan shubhali deb qaralgan mazkur ma'lumotnomalar joyiga borib, birlamchi hujjatlar asosida solishtirishlardan o‘tkazilgan va ularning ish staji hamda ish haqi to‘g‘risidagi ma'lumotnomalarining asossiz ekanligi aniqlangan holda, hisobga olinmasdan, pensiya tayinlash rad etilgan.

Yuqorida ko‘rsatib o‘tilgan va shu kunlarda aniqlanayotgan holatlar Pensiya jamg‘armasining mas'ullari tomonidan tahlil qilinib, huquqiy baho berish maqsadida to‘plangan materiallar huquqni muhofaza qilish idoralariga o‘tkazildi.

Top