10:06 / 24.11.2020
6933

Ilon Mask Bloomberg’ning eng boy odamlar ro‘yxatida 2-o‘ringa ko‘tarilib oldi

Foto: AP

Tesla va SpaceX kompaniyalari rahbari, amerikalik tadbirkor Ilon Mask 23 noyabrda Bloomberg axborot agentligining eng boy odamlar ro‘yxatida 2-o‘ringa ko‘tarildi.

Maskning boyligi Tesla aksiyalari narxi oshishi ortida 7,2 mlrd dollarga ko‘payib, umumiy hisobda 128 mlrd dollarga yetdi. U bu ko‘rsatkich bo‘yicha Microsoft asoschisi Bill Geytsdan o‘zib ketdi. Geyts 127,7 mlrd dollar bilan 3-o‘ringa tushdi. Microsoft asoschisi 8 yil ichida ikkinchi marta 2-o‘rindan pastga tushmoqda. Reyting tuzuvchilarining ta'kidlashicha, agar Geyts xayriya bilan kamroq shug‘ullanganda, uning boyligi hozirgidan ko‘proq bo‘lardi.

1-o‘rinni esa Amazon rahbari Jyeff Bezos 182 mlrd dollar boylik bilan egallamoqda.

Bloomberg hisob-kitoblariga ko‘ra, Maskning boyligi oxirgi 12 oy ichida taxminan 100 mlrd dollarga ko‘paygan. Ta'kidlanishicha, dunyoning eng boy 500 kishisi orasida hech kim bunday davr ichida o‘z boyligini bunchalik ko‘paytira olmagan. Vaholanki, yanvarda milliarder Bloomberg ro‘yxatida 35-o‘rinni egallayotgandi. 

17 noyabrda esa Tesla rahbari bir kun ichida 10 mlrd dollarga boyigani ma'lum qilingandi. O‘shanda uning boyligi 99,3 mlrd dollarga baholangan. Maskning boyligi ko‘payishiga asosiy omil Tesla kapitallashuvi oshishi hisoblanadi. Joriy yil yanvarida kompaniya qiymati 100 mlrd dollarni tashkil qilgan bo‘lsa, hozirda u 500 mlrd dollarga baholanmoqda. 

Reyting mualliflarining ta'kidlashicha, 2020 yil pandemiyaga qaramay, dunyoning eng boy odamlari uchun serdaromad bo‘ldi. Ular joriy yil ichida 1,3 trln dollarga boyishga ulgurishdi.

Mavzuga oid
Top