12:33 / 24.11.2020
6664

O‘zbekistonda Covid-19 infeksiyasi bo‘yicha 6ta ilmiy izlanish olib borilmoqda

Sohalar rivojini ushbu tizimdagi fundamental va amaliy fan bo‘yicha ilmiy tadqiqot ishlari, innovatsion loyihalar hamda hayotga tatbiq etilayotgan ixtiro va kashfiyotlar belgilab beradi. Xo‘sh, bugungi kunda tibbiyotimizning ilmiy salohiyati qayd darajada? Joriy yilda qanday ilmiy tadqiqot ishlari olib borilmoqda? Dunyo tibbiyoti e'tibor markazidagi Covid-19 infeksiyasi bo‘yicha O‘zbekistonda ham ilmiy izlanishlar ketmoqdami? Sog‘liqni saqlash vazirligi matbuot xizmati ayni shu savollarga vazirlik fanni rivojlantirish boshqarmasi boshlig‘i Akmal Siddiqovdan javob oldi.

— Ayni paytda mamlakatimizning tibbiyot sohasi bo‘yicha ilmiy salohiyati haqida to‘xtalsangiz.

— Ayni paytda olimlarimiz tibbiyot sohasidagi dunyoning nufuzli konferensiya, anjumanlarida ma'ruzalar qilib, yirik ilmiy-ma'rifiy jurnallarda ilmiy ish va maqolalari bilan qatnashib kelishmoqda.

Hozirgi kunda sog‘liqni saqlash tizimida 8 nafar O‘zbekiston Respublikasi Fanlar Akademiyasining akademigi, 831 nafar fan doktori, 1 ming 600 nafardan ortiq fan nomzodlari faoliyat yuritib kelmoqda. Ular o‘z navbatida ta'lim muassasalari, ilmiy markaz va institutlarda ishlab, tibbiyot sohasi rivojiga katta hissa qo‘shyapti. 

—  Butun dunyoda koronavirus infeksiyasini davolash bo‘yicha ilmiy izlanishlar olib borilmoqda. O‘zbekistonda ham bu borada ilmiy loyihalar bormi?

— Albatta, hozirda dunyodagi barcha tibbiyot muassasalari, tabiiy fan yo‘nalishidagi olim va professorlar koronavirus infeksiyasida samara beradigan dori vositalari yoki vaksina ishlab chiqish borasida ilmiy izlanishlar olib bormoqda. O‘zingizga ma'lum, ayrim mamlakatlar tajribalarini e'lon qilayotgan bo‘lsa-da, hali-hanuz uzil-kesil ijobiy natijaga erishilgani yo‘q. Jumladan, O‘zbekistonda ham Covid-19 infeksiyasi bo‘yicha 6ta ilmiy loyiha ustida ish olib borilmoqda. 

Xususan, «Koronavirus infeksiyasining tarqalishi va qayta kasallanishining epidemiologiyasi, prognozi va profilaktikasi», «Dalillarga asoslangan tibbiyot asosida Covid-19’ni etiotrop va patogenetik davolashning yangi modelini ishlab chiqish» loyihalari shular jumlasidan. Bu loyihalar Covid-19 infeksiyasining inson organizmiga ta'sirini kamaytirish va davolashning samaradorligini oshirishga yo‘naltirilgan. 

—  Joriy yilda yana qanday ilmiy-tadqiqot ishlari olib borilmoqda?

— So‘nggi 10 yil ichida o‘tkazilgan ilmiy tadqiqotlar natijalariga ko‘ra, sog‘liqni saqlash tizimida ixtirolar va foydali modellar uchun 226ta patent hamda EHM dasturi uchun 186ta guvohnomalar olindi. Ilmiy markazlar va ta'lim muassasalari kuchlari bilan kardiojarrohlik, neyroxirurgiya, onkologiya, transplantologiya, travmatologiya va ortopediya, oftalmologiya, endokrinologiya va urologiya sohalarida yuqori texnologik jarrohlik aralashuvlar ishlab chiqildi.

Shuningdek, mushaklar-skelet tizimining sinishini va kasalliklarni davolash, jarrohlik kasalliklar, o‘smalar olib tashlanganidan keyin to‘qimalarni almashtirish, tish implantatsiyasi, fotosensibilizatsiyalangan tashxis qo‘yish, davolash va boshqalar uchun asboblar va ular uchun sarflanadigan materiallar yaratilgan bo‘lib, ular uchun 100ga yaqin ixtirolarga talabnomalar topshirilib, patentlar olingan.

2018 yildan beri 1 ming 200 nafardan ortiq ilmiy xodim bilan davlat ilmiy-texnika dasturlari doirasida jami 32,4 mlrd so‘m miqdoridagi ilmiy grant ishlari bajarib kelinmoqda. Shuningdek, joriy yilda tibbiyot fanlari bo‘yicha 164ta doktorlik dissertatsiyalari himoya qilingan bo‘lib, shulardan 34ta doktorlik (DSc) va 130ta fan nomzodligi (PhD) ishlari himoya qilindi. Ular asosida bir necha ixtiroga patent va EHM dasturlari uchun guvohnomalar olindi.

Xulosa qilib aytganda, ayni paytda O‘zbekistonda tibbiyot ilm-fan sohasini rivojlantirish uchun ilmiy ishlarni ko‘rib chiqish va antiplagiat tizimda tekshirish va unga xulosa berish borasida yangicha mexanizmdan foydalanilmoqda. 

Mavzu
Koronavirus O‘zbekistonda
15 mart kuni O‘zbekistonda koronavirusga chalingan ilk bemor aniqlandi.
Barchasi
Top