19:13 / 25.11.2020
4525

Pokiston BMTga Hindiston “terrorizmni moliyalashtirishda” ayblangan hujjatlarni taqdim etdi

Foto: AFP

Pokiston Hindiston “terrorizmni moliyalashtirishda” ayblangan hujjatlarni Birlashgan Millatlar Tashkiloti (BMT) bosh kotibi Antoniu Guterrishga taqdim etdi. Bu haqda Pokistonning BMTdagi doimiy vakili Munir Akram o‘zining “Tvitter”dagi postida ma'lum qildi.

Akram Guterrish hujjatni ko‘rib chiqishini va shunga muvofiq harakat qilishini aytganini ta'kidladi.

U shuningdek, Pokiston “Hindistonning cheksiz tajovuzi”dan o‘zini himoya qilish huquqini saqlab qolishi haqida ogohlantirdi va bu boradagi tegishli hujjatlar BMTning turli institutlariga, jumladan BMT Xavfsizlik Kengashiga ham yuborilishini bildirdi.

Akramning so‘zlariga ko‘ra, u Guterrishdan Hindistonni “Pokistonga qarshi terroristik va beqarorlashtiruvchi faoliyatini” to‘xtatishga chaqirishni so‘ragan.

Pokiston tashqi ishlar vazirligi bayonotiga ko‘ra, vazir Shoh Mahmud Qurayshiy tegishli hujjatni BMT Xavfsizlik Kengashining doimiy a'zolari bo‘lgan AQSh, Xitoy, Rossiya, Buyuk Britaniya va Fransiya elchilariga topshirgan.

Pokiston Kashmir nazorat chizig‘ida 13-14 noyabr kunlari sodir bo‘lgan to‘qnashuvlardan so‘ng ana shunday qarorga kelgan.

Pokiston armiyasi bayonotida aytilishicha, Hindistonning minomyot va raketa hujumlari oqibatida 1 nafar askar va 5 nafar tinch aholi halok bo‘lgan, 30dan ortiq tinch aholi jarohat olgan.

Hindiston rasmiylari esa Pokiston qo‘shinlarining hujumi natijasida 5 nafar askar va 6 nafar tinch aholi halok bo‘lganini ma'lum qilishgan.

Top