08:53 / 25.11.2020
24302

Prezident farmoniga zid farmoyishlar: Toshkentda bir necha yuz mlrd so‘mlik qurilishlar pudratchilarga nega tendersiz berilgan?

Toshkent shahar hokimligining «Yagona buyurtmachi xizmati» injiniring kompaniyasi yirik qurilishlar uchun pudratchilar bilan tenderlarsiz shartnoma tuzmoqda. Bunga ruxsat beruvchi hukumat farmoyishlari esa prezident farmoniga zid bo‘lib chiqmoqda.

Toshkent shahridagi davlat budjeti mablag‘lari hisobidan moliyalashtiriladigan loyihalar buyurtmachisi – Toshkent shahar hokimligining «Yagona buyurtmachi xizmati» injiniring kompaniyasi yirik qurilish obektlarini tajribasiz, tashkil etilganiga ko‘p bo‘lmagan xususiy qurilish kompaniyalariga tendersiz topshirilayotgani haqida xabar berilgan edi.

Unda ushbu kompaniya tomonidan poytaxtda turli inshootlarni qurish, infratuzilma, yo‘l va kommunal tarmoqlar barpo etish, ta’mirlash kabi buyurtmalar to‘g‘ridan to‘g‘ri, asosan hukumat hujjatlari bilan xususiy kompaniyalarga taqdim etilgani haqida ma’lum qilingan.

«Olaver, davlat qashshoqlashib qolmaydi!»

Hukumatning 2020 yil 11 iyundagi 292-sonli, 2020 yil 23 iyuldagi 337-sonli va 2020 yil 9 sentabrdagi 401-sonli farmoyishlariga asosan:

Toshkent shahar hokimligining «Yagona buyurtmachi xizmati» IK va «Power Construction Planet» MChJ (avvalgi nomi Discovery Invest) kompaniyasi (kompaniyaning 66,9 foiz ulushiga muqaddam Akfa Engineering Management kompaniyasida direktor o‘rinbosari va direktor lavozimlarida ishlagan Ismoil Isroilov egalik qiladi) o‘rtasida:

  • Arxitektura institutining uchta binosini qurish uchun jami 167 mlrd so‘mlik;
  • Favqulodda vaziyatlar vazirligi Mirzo Ulug‘bek tumani bo‘limi binosini qurish va jihozlash uchun 17,9 mlrd so‘mlik;
  • Raqamli Toshkent situatsion markazini qurish uchun 100,2 mlrd so‘mlik;
  • Zangiota tumanida ixtisoslashtirilgan 2160 o‘rinli karantin zonasini qurish uchun 39,2 mlrd so‘mlik shartnomalar tuzilgan.

Hukumatning 2020 yil 17 martdagi 148-sonli va 2020 yil 23 maydagi 262-sonli farmoyishlariga asosan:

  • «Yagona buyurtmachi xizmati» IK va «ECO HOUSE-GROUP» MChJ o‘rtasida:
  • Mirzo Ulug‘bek tumanidagi Geologiya fanlari universiteti bino va inshootlarini qurish hamda ta’mirlash uchun jami qiymati 357,6 mlrd so‘mlik;
  • Sergeli tumani O‘zar ko‘chasida qurilayotgan 46ta ko‘p kvartirali uylarning ichki muhandislik tarmoqlarini qurish va hududlarni obodonlashtirish uchun 22,7 mlrd so‘mlik;
  • Talabalar shaharchasida OTM o‘qituvchi, ilmiy xodimlari uchun 6ta ko‘p qavatli uylarning ichki muhandislik tarmoqlarini qurish va hududni obodonlashtirish uchun 6,4 mlrd so‘mlik shartnomalar imzolangan.

Shuningdek, Vazirlar Mahkamasining 2019 yil 2 oktyabrdagi 810-sonli farmoyishida Mirzo Ulug‘bek tumani, Do‘rmon yo‘li ko‘chasi 29-uyda joylashgan Energetika va avtomatika instituti binosini Istiqlol va Sayilgoh ko‘chalari oralig‘idagi bo‘sh yer uchastkasiga (Kaufman qarorgohi) ko‘chirish-tiklash ishlari bo‘yicha «Natural houses» MChJ bosh pudratchi etib belgilangan.

Ushbu farmoyish doirasida Toshkent shahar hokimligining «Yagona buyurtmachi xizmati» IK bilan «Natural houses» MChJ o‘rtasida 2019 yilning 16 oktyabr kuni 33 mlrd so‘mlik shartnoma tuzilgan.

Shu yo‘sinda umumiy qiymati bir necha yuz mlrd so‘mni tashkil etuvchi davlat buyurtmalari turli kompaniyalarga tenderlarsiz to‘g‘ridan to‘g‘ri «tortiq qilingan».

Ammo bu qonunga zid

«Davlat xaridlari to‘g‘risida»gi Qonunning 59-moddasiga ko‘ra, tovarlarning (ishlarning, xizmatlarning) qiymati bir shartnoma bo‘yicha BHM (bazaviy hisoblash miqdori)ning yigirma besh ming baravari – 5 mlrd 575 mln so‘mdan ortiq miqdorni tashkil etganda, davlat xaridi tender o‘tkazish yo‘li bilan amalga oshiriladi.

Budjet buyurtmachilari uchun esa tenderdagi davlat xaridlari bir shartnoma bo‘yicha bazaviy hisoblash miqdorining olti ming baravari – 1 mlrd 338 mln so‘mdan ortiq summani tashkil etishi kerak. Tender shartlari va uni o‘tkazish tartibi mazkur qonun bilan belgilanadi va bir necha bosqichni o‘z ichiga oladi.

Qonunning 1-moddasida ham, Prezidentning 2018 yil 27 sentabrdagi PQ-3953-sonli qarori bilan tasdiqlangan Davlat buyurtmachilari tomonidan to‘g‘ridan to‘g‘ri shartnomalar bo‘yicha xarid qilinadigan tovarlar (ishlar, xizmatlar) ro‘yxatida ham bu kabi davlat xaridlari uchun istisnolar nazarda tutilmagan.

Prezident qonunni chetlab o‘tishni qat’iy taqiqlagan edi, biroq...

Prezident Shavkat Mirziyoyevning 2019 yil 13 avgustdagi PF-5780-sonli farmoniga ko‘ra, xo‘jalik boshqaruvi va mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlariga:

– tadbirkorlik sub’yektlarini davlat xaridlari jarayoniga keng jalb etish orqali barcha davlat buyurtmachilari tomonidan davlat xaridlarining shaffofligi va raqobatbardoshligini ta’minlash bo‘yicha samarali choralarni ko‘rish;

– Vazirlar Mahkamasining «Davlat xaridlari to‘g‘risida»gi Qonunga muvofiq bo‘lmagan topshiriqlari, shu jumladan, qonunda ko‘zda tutilmagan, yagona yetkazib beruvchidan to‘g‘ridan to‘g‘ri xarid qilish imkonini ko‘zda tutuvchi bayonnomalar shaklidagi topshiriqlarni kiritish amaliyotini qat’iyan taqiqlash vazifalari yuklatilgandi.

Shuningdek, ushbu farmon bilan xo‘jalik boshqaruvi organlari va mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlari tomonidan davlat xaridlarini amalga oshirishda istisno tarzida to‘g‘ridan to‘g‘ri shartnomalar tuzish huquqini berishni nazarda tutuvchi normativ-huquqiy hujjatlar loyihalarini tayyorlash va Vazirlar Mahkamasiga kiritish ham taqiqlangan.

Mazkur farmon va «Davlat xaridlari to‘g‘risida»gi Qonun hali amalda ekani inobatga olinsa, Toshkent shahri hokimligining «Yagona buyurtmachi xizmati» injiniring kompaniyasiga istisnolarni belgilash imkoniyati berilishi noqonuniy ekanligini anglash qiyin emas.

Qonunga ko‘ra, davlat xaridlarining xolisligi xarid ishtirokchilariga teng imkoniyatlarni ta’minlashga asoslanadi.

Farmoyishlar ommaga rasman oshkor qilinmagan. Bunda ne maqsad yashirin?

Yana bir e’tiborli jihati shundaki, hukumatning yuqoridagi farmoyishlari Qonun hujjatlari ma’lumotlari milliy bazasi (lex.uz)da e’lon qilinmagan. Odatda, lex.uz saytida hukumat farmoyishlari ham e’lon qilib boriladi. Masalan, Vazirlar Mahkamasining 2020 yil 23 maydagi 261 va 263-sonli farmoyishlari milliy bazaga joylangan, ammo negadir xuddi shu kuni qabul qilingan va biz yuqorida tilga olgan 262-sonli farmoyish u yerda yo‘q. Odatda davlat sirini tashkil etuvchi ma’lumotlari bo‘lgan hujjatlar rasmiy nashrlarda e’lon qilinmasligi bor gap. Qator kompaniyalarni qurilish ishida to‘g‘ridan to‘g‘ri bosh pudratchi etib tayinlash haqidagi ma’lumot davlat siri hisoblanmasa kerak, har holda...

Davletovuz kanalida ushbu holatlarga quyidagicha munosabat bildirilgan edi:

«Ayrim shartnomalarda manfaatlar to‘qnashuvi ehtimoli ham ko‘rinadi, buyog‘i endi mutasaddi idoralarning ishi. Aksariyat kompaniyalar so‘nggi 2-3 yilda tashkil topgan. Shunday bo‘lsa-da, yirik-yirik obektlar ularga ishonib, tendersiz topshirilmoqda. Mablag‘lar asosan respublika budjeti, shaharning rejadan oshgan qismidan jalb qilinishi belgilangan».

Eslatib o‘tamiz, shu yil 6 oktyabr kuni Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi direktori Akmal Burxonov davlat xaridlari bo‘yicha cheklovlarga amal qilinmagani uchun qonunlarda javobgarlik yo‘qligi haqida gapirgandi.

«Birinchi navbatda, davlat xaridlari to‘g‘risidagi qonun talablarini buzganlarga nisbatan javobgarlik chorasini belgilovchi normalarni kiritish va umuman davlat xaridlari ochiq va shaffof bo‘lishini ta’minlovchi elektron-monitoring tizimni yaratish ustida ish boshladik.

Noqonuniy ishlarning eng asosiy sababi – ochiqlikning yo‘qligida. Biz hozir masalaning ichiga kirganimiz sari guvohi bo‘lmoqdamizki, juda ham ko‘p narsa qonundan tashqariga chiqib ketgan», degan edi agentlik direktori.

Do‘ppini yechib, o‘ylab ko‘rish kerakdir, balki...

Xullas, poytaxtdagi bu tendersiz davlat xaridlarini tashkil qilishda qonunbuzilishi holatlarini qidiradigan bo‘lsak, ular keragidan ko‘proq topiladi. Ammo bundan biror nima o‘zgararmikan?..

Qonunning 71-moddasida fuqarolar, ommaviy axborot vositalari va boshqalar davlat xaridlari to‘g‘risidagi qonun hujjatlariga rioya etilishi ustidan jamoatchilik nazoratini amalga oshirishga haqli ekani belgilab qo‘yilgan. Ana shu huquqdan foydalangan holda mazkur maqolani yozishga jazm etdik. Bu yog‘i endi qonunlar ijrosini ta’minlashga mas’ul bo‘lgan idoralar ixtiyoriga havola.

Abbos Salaydinov

Top