11:40 / 26.11.2020
12681

Andijonlik uysiz, tashlandiq joyda to‘shakka mixlangan Hayotbek yaxshilar ko‘magiga muhtoj

Andijon shahrining Jumabozor mahallasida bir ombor bor. U omborning chekkasida esa tashlandiq kulbacha bor. Unda baxsiz hodisa tufayli to‘shakka mixlanib qolgan Hayotbek onasi bilan yashaydi. Sharoit haqida gap ham bo‘lishi mumkin emas. Hokimlikdan yordam bo‘lishiga ko‘zi yetmagan onaizor bor umidlarini saxovatpesha insonlarga qadagan.

Xayriya uchun maqola yozish juda qiyin. Sababi ko‘makka muhtoj insonning bor dardi, sharoitini so‘z va videotasvirlar bilan o‘quvchiga yetkaza olmaslikdan xavotirga tushasan kishi.

Tahririyatimizga Andijon shahri Jumabozor MFY Birlik ko‘chasida yashovchi fuqaro Ra'noxon Botirovadan murojaat kelib tushdi. U ayni damda tadbirkorga tegishli omborxonaning bir chetidagi tashlandiq xonada jarohat olib, oyoq-qo‘li ishlamay qolgan o‘g‘li bilan yashayotganini bayon qilgan.

Biz aytilgan manzilga yetib borib, o‘z ko‘zimiz bilan ko‘rgan holatni so‘z bilan tasvirlash juda og‘ir. Chunki Ra'noxon ona chindan ham tashlandiq omborxona ichidagi katalakdek xonada nogiron o‘g‘li bilan yashab kelmoqda.

Nogiron o‘g‘li Hayotbek dardini ichiga yutgancha jim yotibdi. Mung to‘la ko‘zlarini chang bosgan shiftdan uzmaydi. Onasi uning kulimsirab qarashini bir yildan beri intiqlik bilan kutadi.

39 yoshli Hayotbek bundan bir yil oldin, aniqrog‘i 2019 yil 16 noyabr kuni qurilishda ishlayotgan paytida balandlikdan yiqilib tushib og‘ir jarohat olgan va shu bo‘yi to‘shakka mixlanib qolgan. Onasi bir amallab uni operatsiya qildirgan. Hozirda badanida yotoq yaralari paydo bo‘lgani uchun Hayotbekning iztiroblariga iztirob, onaning dardiga dard qo‘shilgan.  

“O‘g‘lim Turg‘unov Hayotbek 2019 yil 16 noyabrda ishxonasida ishlayotib yiqilib tushdi. Shunda umurtqasi shikastlanib, nerv tolalariga shikast yetdi. Oyoq-qo‘li ishlamay qolgan. Operatsiya qilindi. Mana, bir yildan beri yotibdi. Haliyam oyoq-qo‘li ishlamay, oyoq boldirlarida, bel qismida, qo‘lida yotoq yaralari paydo bo‘lib, qiynalib, hech tuzalib ketmayapti.

O‘g‘limni nogironlikka o‘tkazish uchun hokimiyatga juda ko‘p bordim. Ariza yozmagan tashkilotim qolmadi. Biror marta amaliy yordam berishmadi. Oxiri shahar prokuraturasiga xat bilan murojaat qildim. Shahar prokuraturasi sa'y-harakati bilan o‘g‘limga nogironlik belgilandi va nafaqa tayinlandi. Uni davolatish uchun ko‘mak berishni so‘rab ariza yozganimdan so‘ng shahar hokimligi mahalla va oilani qo‘llab-quvvatlash bo‘limidan kelib o‘rganib ham ketishdi. Ammo hech qanday yordam bo‘lmadi.

Boquvchim yo‘q. Bir oyda 2 mln so‘mlik dori ishlataman. Dori-darmonga, davolatishga imkoniyatim yo‘q. Mana shu omborni egasiga rahmat. Joy topib berdi. Shu bolamning yaxshi davolanib, yurib ketishini xohlayman. Qaniydi, yashash uchun  yaxshi sharoit bo‘lsa, o‘g‘lim yanada tezroq sog‘aygan bo‘lardi”, - deydi Ra'noxon opa.

Savob istagan insonlardan Hayotbek va uning onasiga dori-darmon va yashash joyi topish maqsadida o‘tkazilayotgan xayriyaga hissa qo‘shishlarini so‘rab qolamiz. Zero, ehson – eng ezgu amallardan biri.

Hayotbekning onasi Ra'noxon Botirova nomiga ochilgan plastik karta:

Click/PayMe: 8600 0417 5770 5893 (Agrobank) Batirova Rano Maxmudovna(Onasi)

8600 0602 0960 1229 (Xalq banki) Batirova Rano Maxmudovna(Onasi)

Telefon raqami: (93) 440-09-99

Mavzu
Xayriya aksiyasi
KUN.UZ sayti yordamga muhtoj insonlarga ko‘mak berish niyati bilan qator xayriya aksiyalarini tashkil etib kelmoqda.
Barchasi
Mavzuga oid
Top