15:34 / 27.11.2020
28912

O‘zbekistonda kameralar va jismoniy shaxslarga tegishli avtomobillar soni ma'lum qilindi

2020 yil 27 noyabr kuni Qonunchilik palatasining Mudofaa va xavfsizlik masalalari qo‘mita yig‘ilishida ichki ishlar vaziri o‘rinbosari Azizbek Ikromovning “2018-2022 yillarda O‘zbekiston Respublikasida Yo‘l harakati xavfsizligini ta'minlash konsepsiyasi ijrosi bo‘yicha amalga oshirilgan ishlar to‘g‘risida”gi axboroti eshitilmoqda.

Parlament saytida yozilishicha, bugungi kunda mamlakat hududida 42 869 km uzunlikdagi yo‘llar mavjud. Shundan xalqaro ahamiyatdagi yo‘llar 3 993 km, davlat ahamiyatidagi yo‘llar 14 203 km va mahalliy ahamiyatdagi yo‘llar 24 673 km.ni tashkil qiladi.

Vazir o‘rinbosarining ta'kidlashicha, 2020 yil 1 oktyabr holatiga jismoniy shaxslarga tegishli bo‘lgan avtotransport vositalari soni 3 083 849tani tashkil qiladi. Shundan eng ko‘p avtotransport vositalari soni Toshkent shahri (487 507ta), Samarqand viloyati (366 558ta) hamda Toshkent viloyati (299 801ta) hududlariga to‘g‘ri kelmoqda.

Axborotda qayd etilganidek, respublikadagi yo‘l patrul xizmat maskanlarida davlat raqamini aniqlovchi kameralar 91ta, kuzatuv kameralari 95ta, onlayn rejimda ishlovchi fotoradarlar 183ta, chorrahalardagi qoidabuzarlikni aniqlovchi kameralar 386ta, kuzatuv kameralari esa 1154tani tashkil qiladi.

Tadbirda Davlat yo‘l harakati xavfsizligi xizmati tomonidan fuqarolarga davlat xizmatlarini ko‘rsatish yo‘nalishi bo‘yicha ham batafsil axborot berildi.

Joriy yilning 9 oyi davomida respublika bo‘yicha hududiy Yo‘l harakati xavfsizligi boshqarmasi ro‘yxatdan o‘tkazish va imtihon olish bo‘linmalari tomonidan 182 010ta davlat raqami berilgan. Shundan 157 274tasi umumiy tartibda, 24 463tasi oshirilgan narxda – auksion orqali hamda 273tasi xaridorgir, ya'ni buyurtma asosida berilgan. Davlat budjetiga 2020 yilning 9 oyi davomida 196,7 mlrd so‘m mablag‘ tushirilgan.

Shuningdek, Davlat yo‘l harakati xavfsizlik xizmati tomonidan joriy yilning 9 oyi davomida 27 116ta jismoniy va yuridik shaxslarga tusi o‘zgartirilgan (qoraytirilgan) oynali avtotransport vositalariga ruxsatnoma berilgan. 

Respublika bo‘yicha joriy yilning 9 oyi davomida 2 092 847ta transport vositalari texnik ko‘rikdan o‘tkazilgan. Shundan 600 700tasi texnik holati belgilangan xavfsizlik talablariga javob bermagani sababli aniqlangan kamchiliklar bartaraf etilguniga qadar foydalanish uchun taqiqlangan.

Top