22:38 / 27.11.2020
9262

O‘zbekistonning 5 ta shahrida isitish tizimini yangilash loyihasi qaysi bosqichda ekani ma'lum qilindi

2019–2023 yillarda amalga oshiriladigan loyiha asosida, Chirchiqda qurilish ishlari boshlangan. Buxoro bo‘yicha pudratchi bilan bitim tuzilgan. Yil oxirigacha Andijonda tender e'lon qilinadi. Keyingi bosqichlar – Toshkent va Samarqand yuzasidan hozircha tender hujjatlari ishlab chiqilmoqda.

Xalqaro taraqqiyot assotsiatsiyasi ishtirokida Toshkent, Chirchiq, Andijon, Buxoro va Samarqand shaharlarida markazlashtirilgan issiqlik ta'minoti tizimini rekonstruksiya qilish va energiya samaradorligini oshirish loyihasi amalga oshirilmoqda.

2019 yil aprelida bu borada hukumat qarori qabul qilingan edi. Loyihaning umumiy qiymati 220,7 mln dollar bo‘lib, shundan 140 mln dollari – Jahon banki krediti (to‘lash muddati – 2047 yilgacha).

Uy-joy kommunal xizmat ko‘rsatish vazirligi axborot xizmati rahbari Alipasha Ahmedov bu boradagi ishlar qanday ketayotgani bo‘yicha Kun.uz'ga ma'lumot berdi.

«Jahon tajribasini o‘rganganimizda, eng samarali tizim bu markazlashgan issiqlik ta'minoti ekani ma'lum bo‘ldi. Biz e'tibor berishimiz kerak bo‘lgani – bugungi issiqlik ta'minoti tizimi sobiq ittifoq davrida, 60–70-yillarda tashkil etilgan va u o‘ta ko‘p energiya saflanishiga asoslangan.

Yangi qurilish ishlari zamonaviy texnologiyalarni joriy etish asosida amalga oshirilyapti. Bunda gaz va elektr tejamkorligiga alohida e'tibor qaratilyapti. 2020 yilda bevosita qurilish-montaj ishlari boshlandi. Issiqlik ta'minoti sohasiga bugungi kungacha xorij sarmoyalari va kreditlari jalb etilmagan edi», – dedi Ahmedov.

Hisob-kitoblarga ko‘ra, loyiha ushbu 5 ta shaharda to‘liq amalga oshsa, yiliga 1 mln kubometrdan ortiq gaz tejaladi. Zamonaviy quvurlar o‘rnatilishi natijasida issiqlik energiyasi sarfi ham sezilarli kamayadi.

Hozirgi vaqtda Chirchiq shahrida qurilish-montaj ishlari boshlab yuborilgan. Andijon, Buxoro, Samarqand va Toshkent shaharlarida tender jarayonlari bo‘lib o‘tmoqda.

«Loyihada nafaqat issiqlik ta'minoti korxonasi qozonxonalarini yangitdan qurish nazarda tutilyapti, balki uylarning ichki isitish tizimlarini ham qaytadan mukammal ta'mirlash va yangitdan tashkil etish maslasi ham qo‘yilgan. Bunda ham har bir ko‘pqavatli uyga issiqlik punktlari o‘rnatiladi.

Qurilish va modernizatsiya ishlarini 2023 yil oxirida to‘liq yakunlash rejalashtirilgan», – dedi vazirlik rasmiysi.

Ma'lum qilinishicha, loyiha doirasida 5 ta shaharda issiqlik ta'minotining ochiq tarmoqli tizimidan yopiq tarmoqli tizimiga o‘tiladi. Isitishga zamonaviy texnologiyani tatbiq etish orqali 1855 ta ko‘p xonadonli uylaridagi 84 786 ta xonadon hamda 193 ta ijtimoiy obektlar issiq suv va issiqlik energiyasi bilan qamrab olinadi.

Ishlarning birinchi bosqichini Chirchiq shahrida amalga oshirish bo‘yicha «Mimsan Endustri Kazanlari Sanayi ve Ticaret A.S.» (Turkiya) kompaniyasi bilan 4,9 mln dollarlik shartnoma imzolangan va qurilish ishlari boshlab yuborilgan.

Shartnoma asosida «Yubileynaya» qozonxonasida umumiy quvvati 75 MVt bo‘lgan 3 ta qozon, 13 ta ko‘p qavatli uylarda individual issiqlik shitlarini o‘rnatish va 2 km issiqlik quvurlarini almashtirish rejalashtirilgan. Loyiha 2021 yil yakunlanib ishga topshiriladi.

Ikkinchi bosqichi Buxoro shahri «Buxoroenergomarkaz» AJ korxonasi issiqlik energiyasi bilan ta'minlaydigan 202 ta ko‘p qavatli uylarga va 29 ta ijtimoiy soha obektlariga 264 ta individual issiqlik shitlarini o‘rnatish bo‘yicha xalqaro tender savdolari asosida pudratchi kompaniya aniqlanib, 11 noyabr kuni 3,9 mln dollarlik shartnoma imzolandi.

Uchinchi bosqich Buxoro shahrida 5,6 km issiqlik uzatish tarmoqlarini almashtirish bo‘yicha joriy yil 16 noyabrda tender savdolariga e'lon berildi. Takliflarni taqdim etishning oxirgi sanasi 30 noyabr etib belgilandi.

Loyihaning qolgan bosqichlari bo‘yicha xalqaro konsultant kompaniya tomonidan tender hujjatlari ishlab chiqilmoqda.

Yil yakunigacha Andijon shahrida 110 MVt quvvatga ega uchta yangi qozon o‘rnatish, 271 ta ko‘p qavatli uylarga va 30 ta ijtimoiy soha obektiga 373 ta IIShlar o‘rnatish va 24,1 km issiqlik quvurlarini almashtirish bo‘yicha uchta paketga tender savdolari e'lon qilinadi.

Top