17:31 / 27.11.2020
12625

Usmonxon Alimov Shahrisabzda «Xo‘jamurod baxshi» jome masjidi yangi binosining ochilish marosimida qatnashdi

Bugun, 27 noyabr kuni Shahrisabz shahrida «Xo‘jamurod baxshi» jome masjidining yangi binosi ochildi. Unda O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisi, muftiy Usmonxon Alimov, Din ishlari bo‘yicha qo‘mita raisi Abdug‘ofur Ahmedov va «Vaqf» xayriya jamoat fondi rahbari Yahyo Abdurahmonov qatnashdi. Bu haqda O‘zbekiston musulmonlar idorasi matbuot xizmati xabar bermoqda.

Xabarda yozilishicha, «Xo‘jamurod baxshi» jome masjidi bir necha yillar avval hashar yo‘li bilan qurilgan va o‘tgan davr mobaynida uning binosi eskirib, poydevorlari yaroqsiz holga kelib qolgan. Shuningdek, oxirgi paytlarda masjid jamoati sezilarli darajada ortib, xonaqoh torlik qilib qolgan.

Shu sababli mahalla tomonidan mazkur masjidni qayta qurish taklifi bildirilgan. Ushbu xayrli tashabbus O‘zbekiston musulmonlari idorasi tomonidan qo‘llab-quvvatlangach masjid binosini qayta qurish ishlari boshlab yuborilgan. Masjid milliy andozalar va zamonaviy talablar asosida barpo etilib, hovlisida bog‘ va atrofida avtoturargoh ham bunyod qilingan.

Muftiy Usmonxon Alimov «Xo‘jamurod baxshi» jome masjidining yangi binosida namozxonlar ishtirokida o‘qilgan ilk juma namozida qatnashgan va masjid ahlini hamda mazkur jomeni barpo etishga hissa qo‘shgan barchani yangi masjid bilan qutlab, haqiga duolar qilgan.

 

Top