00:11 / 28.11.2020
51531

Lukashenko prezident lavozimidan qachon ketishini aytdi

Belarus prezidenti Aleksandr Lukashenko respublikada yangi konstitutsiya qabul qilingandan keyin prezident lavozimini egallamasligini ma'lum qildi. Shu bilan birga, u konstitutsiya bo‘yicha ovoz berishda soxtalashtirishlarga yo‘l qo‘ymaslikka va'da berdi.

Foto: Getty Images

Belarusning yangi konstitutsiyasi qachon qabul qilinishi hozircha noma'lum.

“Men hech qanday konstitutsiyani o‘zimga to‘g‘irlamayapman. Yangi konstitutsiya qabul qilinganda men boshqa prezident bo‘lib ishlamayman. Shu sababli tinchlaning. Men yangi konstitutsiya qabul qilinishi vaqtida kimdir mug‘ombirlik qilishiga yoki keyin yangi konstitutsiya bo‘yicha o‘tkaziladigan saylovlarni kimdir soxtalashtirishiga yo‘l qo‘ymayman. Hattoki bu men kutgan narsa bo‘lmasligini bilsam ham. Nega? Chunki Belarus xalqi o‘tishi kerak bo‘lgan narsadan o‘tishi lozim. Yaxshisi buni hozir, urushsiz qilgan ma'qul. Bizga bu urushni suqishtirishsa unda yomon bo‘ladi”, deb aytgan Lukashenko shifoxonalardan biri jamoasi bilan uchrashuvda.

Sentyabrda Lukashenko mamlakatda muddatdan avval prezident saylovlari o‘tkazilishi mumkinligini aytgan. U saylovlar o‘tkazilishi muddatlarini ma'lum qilmagan. Belarus rahbari ta'kidlaganidek, buning uchun avval yangi konstitutsiya qabul qilinishi va mahalliy hokimiyat idoralariga saylovlar o‘tkazilishi kerak. 16 noyabrda esa Lukashenko o‘z vakolatlarining 80 foizgachasi bilan bo‘lishishni rejalashtirayotganini aytgan.  

Belarusda 9 avgustda o‘tgan prezident saylovlarida Lukashenko g‘alaba qozongandan keyin ommaviy noroziliklar boshlangandi va ular hanuzgacha davom etmoqda. Muxolifatning ta'kidlashicha, saylovlarda Svetlana Tixanovskaya g‘alaba qozongan.

Mavzuga oid
Top