21:17 / 28.11.2020
10491

O‘zbekistonda mini futbol maydoni, sport zallari va inventarlariga 15 foizlik chegirmalar joriy etilishi mumkin

Bu haqda Jismoniy tarbiya va sport vaziri o‘rinbosari Avazjon Karimov Kun.uz muxbiriga bergan intervyusida ma'lum qildi.

Vazir o‘rinbosarining aytishicha, bunday chegirmalar sutkada o‘n ming qadam yurganlik uchun to‘lanadigan pullar hisobidan amalga oshiriladi.

«Hozirda aholini sportga jalb qilish bo‘yicha «Sog‘lom turmush tarzi» platformasini ishlab chiqmoqdamiz. Bunda bir sutkada 10 ming qadam yurgan fuqaro hamyoniga 3000 so‘m o‘tkazib berish tizimi bo‘ladi. Ayni paytda texnik vazifalar bajarilmoqda.

Mazkur platformada faol bo‘lgan fuqarolarga sport zallarida shug‘ullanish uchun chegirmalar ham tashkil qilinadi. Platformada yig‘ilgan pullarni sport zalida shug‘ullanish uchun o‘tkazish imkoniyati yaratiladi. Shuningdek, mini futbol maydonchalarining ma'lum qismini tadbirkorlar quradi. Biz ular bilan o‘sha zallardan soat 16gacha xalq foydalanishi bo‘yicha kelishmoqdamiz. Undan keyingi soatlarda tadbirkor pullik tijoratini qilishi mumkin. Bitta futbol emas, barcha sport turlariga shunday imkoniyat yaratiladi. Bu tizim jahon tajribasida keng qo‘llanilmagan. Buni o‘zbek modeli desa ham bo‘ladi.

10 ming qadam yursa, nafaqat 3000 so‘m tushadi, balki inson sog‘lig‘i ham mustahkamlanadi.

Sport zallariga borish va sport inventarlari sotib olish uchun 15 foiz chegirma beriladi. Toshkent shahri va viloyatlarda ham juda katta xususiy zallar bor. Hozirda fitnes zallarining rahbarlari bilan kelishmoqdamiz. Ayollar va erkaklar alohida kunlarda sport bilan shug‘ullanishlari uchun sharoitlar yaratiladi», dedi vazir o‘rinbosari OAV xodimlari uchun tashkil etilgan «Do‘stlik spartakiadasi» sport musobaqasi oldidan.

Avvalroq, bir sutkada 10 ming qadam yurgan fuqarolarga pul to‘lanishi va bunday platforma 2021 yil 1 martga qadar ishlab chiqilishi ma'lum qilingandi.

Top